Namanganda Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhi navbatdagi yig‘ilishida Prezident farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan “Aholiga birlamchi tibbiyotni yaqinlashtirish va poliklinikalarni raqamlash” tashabbusi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi, viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi rahbarlari o‘tgan yil va joriy yilning birinchi choragi yakunlari yuzasidan axborot berdi.
Ta’kidlanishicha, Namangan viloyatidagi tibbiyot muassasalariga 2023-2025 yillarda jami 2 ming 829 dona orgtexnika jihozi xarid qilinib, tibbiy xizmatni raqamlash bo‘yicha jiddiy qadamlar qo‘yilgan. Shu yilning o‘tgan davrida 878 dona orgtexnika uchun 6 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan.
Bugungi kunda viloyatda ish olib borayotgan 786 tibbiyot muassasasining 197 tasi birlamchi tibbiy-sanitariya yordam muassasalari hisoblanadi. Skrining dasturlari orqali aholi salomatligini erta bosqichda nazorat qilish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, 2024 yilda 853 mingdan ortiq kishi skrining tekshiruvlaridan o‘tkazildi va minglab yurak-qon tomir, qandli diabet hamda saraton kasalliklari erta bosqichda aniqlanib, davolash choralariga o‘tilgan.
Birlamchi tibbiy yordamni aholiga yaqinlashtirish maqsadida jami qiymati 24 milliard so‘m bo‘lgan yangi oilaviy poliklinikalar Namangan shahri, Davlatobod, Chust, Pop va Yangi Namangan tumanlarida foydalanishga topshirildi. Bu esa 100 mingdan ortiq aholiga qulay tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini yaratdi.
Tibbiyot muassasalarini raqamlash doirasida 29 shifoxona 1 ming 400 dona kompyuter va orgtexnika bilan ta’minlandi, 15 ming nafar xodim maxsus dasturlar asosida o‘qitildi, 208 nafar axborot texnologiyalari mutaxassisi ishga qabul qilindi. Shuningdek, viloyatdagi 197 ta birlamchi tibbiy tizim muassasalari “Elektron poliklinika” tizimiga ulandi.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar natijasida 2025 yilning birinchi choragida 180 nafar imtiyozli toifadagi bemorga yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 66 foizga oshgan.
Yig‘ilishda, Prezident tomonidan joriy yil 7 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida Chortoq tumanida tashkil etilgan 90 kunlik shtab faoliyati, tibbiy infratuzilmani maqbullashtirish va raqamlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan ham axborot berildi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi deputatlari tomonidan sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar partiyaning saylovoldi dasturiy g‘oyalariga to‘liq mos kelishini, aholi salomatligi va hayot sifati yaxshilanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani alohida ta’kidlandi. Yig‘ilish yakunida, mutasaddi tashkilotlarga tegishli tavsiyalar va takliflar bildirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA