Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyotimiz tarixida yana bir muhim amaliyot samarali o‘tkazildi
17:56 / 2025-09-08

Milliy tibbiyot markazi mutaxassislari tomonidan mamlakatimizda ilk bor gonad venalarining embolizatsiyasi amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.

Gap shundaki, Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan ayol bemor Markazga quyi qorin sohasidagi doimiy og‘riq va noqulayliklardan shikoyat qilib murojaat qilgan. Unga qon tomirlardagi muammo – gonad venalarida reflyuks tashxisi qo‘yildi. Bu holat odatda, qondagi oqimning normal yo‘nalishga emas, aksincha, orqaga qaytishi bilan tavsiflanadi va ayollarda surunkali qorin og‘rig‘iga sabab bo‘ladi hamda hayot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bemorga Markazning qon tomir jarrohlari va endovaskulyar xirurglari tomonidan zamonaviy usul – embolizatsiya amaliyoti amalga oshirildi. Bu jarayonda muammoli vena maxsus modda yordamida yopiladi va qon oqimi sog‘lom tomirlarga yo‘naltiriladi. Shu tariqa, qon aylanishi tiklanadi va asoratlarning oldi olinadi.

– Aynan shu tibbiy yondashuv bemorning holatini yengillashtirishga, og‘riqni kamaytirishga va operatsiyasiz davolanishga imkon berdi. Muhimi shundaki, mazkur amaliyot yurtimizda ilk bor amalga oshirildi va muvaffaqiyatli bajarildi, – deydi Markaz matbuot xizmati rahbari Zulayho Musurmonova.

Darhaqiqat, Milliy tibbiyot markazi mutaxassislari ta’kidlaganidek, bu kabi yuqori texnologiyali amaliyotlarning yurtimizda tatbiq etila boshlanishi sohadagi ilg‘or yutuqlar sari tashlangan yana bir qadam bo‘ldi.

O‘zbekistonda birinchi marta o‘tkazilgan gonad venalari embolizatsiyasi amaliyoti nafaqat milliy tibbiyotimizning rivojlanayotganini, balki yurtimiz fuqarolari va xorijlik bemorlar uchun ham yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilayotganini ko‘rsatadi. Bu amaliyot kelgusida ham yurtimizda qo‘llanilishi va ko‘plab bemorlarning chet elga chiqmasdan shu yerning o‘zida davolanishiga turtki bo‘ladi.

Mohigul Qosimova, O‘zA