Vrach akusher-ginekolog Xadicha Xidirova Qashqadaryo viloyati tibbiyotining jonkuyarlaridan biri edi. U salkam 40 yillik faoliyati davomida minglab bolajonlarning yorug‘ dunyoga kelishi yo‘lida mehnatini ayamadi, qanchalab oilaning quvonchiga sherik bo‘ldi.
Xadicha opa ilk faoliyatini 1981-1982 yillari viloyat tug‘ruqxonasida vrach akusher-ginekolog vazifasidan boshlagan.
U ikki farzandni oq yuvib-oq tarab, jamiyatga nafi tegadigan insonlar qilib tarbiyaladi.Qizi Shahnoza vrach-otoloringolog, o‘g‘li Sherzod ichki-ishlar xodimi.
– Ona biz farzandlar uchun Olloh tomonidan berilgan eng buyuk tuhfa ekan, – deydi onasini xotirlab Shahnoza. –Onam hayotda talabchan, tartib- intizomni qadrlaydigan ayol edi. Gullarni yaxshi ko‘rardi.Uyimizga mehmonga kelgan kishining turli va rang-barang gullar iforidan bahri dili ochilardi. 2008 yil ukamni uylantirdik. Ayam sohasini shu qadar qadrlardiki, kelinni ham tibbiyot sohasida o‘qigan qizlar orasidan izlagan.
Kelinimiz Feruza Do‘stqobilova tuman tibbiyot birllashmasi fizioterapiya bo‘limi shifokori lavozimida ishlab kelmoqda.Dadam To‘xtayev Bobomurod ta’lim sohasida uzoq yillik tajribaga ega inson edi.U kishining vafotlaridan keyin onam o‘zini ish bilan ovutdi.Kasbiga yanada fidoyilik bilan yondashdi. 2014 yildan buyon Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani tibbiyot birlashmasida ginekologiya bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgan edi. Davlatimiz rahbari tomonidan onam kabi tibbiyot xodimlarining mehnatlari, bosib o‘tgan hayot yo‘li munosib taqdirlanayotganligi ko‘pchilik qatori meni ham quvontirdi. Men ham shifokor sifatida tizimda amalga oshirishi rejalashtirilayotgan islohotlarni intizorlik bilan kutyapman.
Taqdir o‘zining yakuniy so‘zini qachon aytishini inson bilmas ekan.Fidoyi shifokor, g‘amxo‘r ona Xadicha Xidirova bemorlarni qabul qilish jarayonida kovid infeksiyasini yuqtirib oldi va Toshkent shahriga davolanishga keldi.Davolanish chog‘ida Toshkent viloyatidagi Zangiota shifoxonasida vafot etdi.
X.Xidirova Sog‘liqni saqlash a’lochisi, oliy toifali shifokor edi.
– Afsuski, kovid infeksiyasiga qarshi kurashishda ko‘plab jonkuyar, tajribali shifokorlarimizni yo‘qotdik, – deydi, Qamashi tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Z.Eshonqulov. – Ular doimo yodimizda barhayot bo‘lib qoladi. bugungi kunda ustozlarimizning ko‘pdan ko‘p shogirdlari ularning sharafli ishini davom ettirishmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA