Navoiy viloyati Uchquduq tuman kasb-hunar maktabida O‘zLiDePdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tibbiyot xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuvda dastlab yig‘ilganlarga partiyaning saylovoldi dasturi haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, 5 ta maqsad va 500 ta vazifani o‘z ichida jamlagan va dasturilamal vazifasini o‘tovchi ushbu hujjatda tibbiyot sohasi rivojiga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Partiya saylovoldi dasturida aholi o‘rtasida kasalliklarni keskin kamaytirish, sog‘lom turmush tarzini faol joriy etish, o‘rtacha umr davomiyligini 78 yoshga yetkazish, kelgusi besh yilda byudjetdan tibbiyotga ajratiladigan yillik mablag‘ hajmini kamida 2 karra oshirish onalar va bolalar o‘limi, bolalar o‘rtasidagi irsiy kasalliklarni kamida 2 barobarga qisqartirish ko‘rsatilgan.

Tadbirda partiya nodavlat tibbiyot muassasalariga aholining hayoti, sog‘ligi va sanitariya-epidemiologik xotirjamligi uchun yuqori darajadagi xavf-xatar bilan bog‘liq tibbiy faoliyat turlaridan boshqa barcha tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga, murakkab operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat berish va litsenziyalash tartibini yanada soddalashtirishni taklif etilayotgani aytib o‘tildi.
Targ‘ibot tadbirida nomzodlar saylovchilarni bo‘lajak saylovda O‘zLiDePni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi va saylovoldi dasturidan o‘rin olgan maqsad va vazifalar aks etgan buklet hamda varaqalar tarqatildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri