Namangan shahridagi “Ma’rifat” maskanida viloyat hokimligi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali tomonidan “XXI asr tibbiyot boshqaruvida menejment: sifat, andozalar, bemor” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Mazkur seminar-treningda viloyat davolash-profilaktika muassasalari va shahar, tumanlar tibbiyot birlashmalarining rahbarlari, sog‘liqni saqlash mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abdulhodi Iminov mamlakatimizda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat keyingi vaqtda sifat jihatidan yuksalayotgani, tizimda jahon tajribasini qo‘llash ko‘lami kengayib borayotganligi, buning zamirida “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun!” tamoyili to‘laqonli aks etayotganligini ta’kidladi.

Anjumanda Xalqaro innovatsion konsalting kompaniyasi rahbari Yevgeniy Knyazov, Jahon banki eksperti, Rossiya Federatsiyasi va Serbiyadagi xalqaro konsalting kompaniyasi loyihalari bo‘yicha direktori Rodomir Boshkovich kabi taniqli mutaxassislarning chiqishlarida sog‘liqni saqlash tashkilotlarining iqtisodiy barqarorligini ta’minlash borasidagi ilg‘or tajribalar o‘rtoqlashildi.


– Keyingi yillarda O‘zbekistonda barcha sohalarda izchil islohotlar olib borilayotganini e’tirof etish joiz. Ayniqsa, sog‘liqni saqlash sohasidagi yangilanishlar va o‘zgarishlar boshqaruvda menejmentlik ko‘nikmasini talab etmoqda. Shu boisdan biz hamkorlikda hozir davolash-profilaktika muassasalari rahbarlarini bilim-tajribasini boyityapmiz. Bundan maqsad, aholi soni tobora o‘sib borayotgan mamlakat uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, uni jahon andozalari darajasiga olib chiqishdir, – deydi xalqaro ekspert Yevgeniy Knyazov.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.