Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyotdagi o‘zgarishlardan aholi mamnun
14:31 / 2025-09-09

Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi “Pastki Xo‘jahasan” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 82 - oilaviy poliklinika 12 ming 500 nafar aholiga xizmat ko‘rsatadi. Hashar asosida qurilgan birlamchi tibbiyot bo‘g‘ini yillar davomida e’tibordan chetda qolgandi.

Qishda sovuq, yozda issiq xonalarda shifokor va bemorlar uchun oddiy shart-sharoitlar yetishmasdi. Imkon topgan bemorlar tuman, viloyat markazidagi shifoxonalarga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Endilikda bu yerda ish tizimi, holat o‘zgardi, sarsongarchiliklar barham topmoqda. “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” dasturi ijrosi doirasida bu yerda keng ko‘lamli qurilish, bunyodkorlik ishlari olib borildi. Aholiga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatish, moddiy- texnika bazasini mustahkamlash, shifokor va o‘rta tibbiyot hamshiralar malaka, mahoratini oshirish, rag‘batlantirish, kasallikni erta aniqlash bilan bog‘liq zarur sharoitlar yaratildi.

– Chekka qishloq oilaviy poliklinikasida bu qadar katta o‘zgarishlar amalga oshirilmagan edi, – deydi poliklinika mudiri Ma’rufjon  Egaliyev. – Yomg‘ir yog‘sa tomdan chakki o‘tardi, tibbiy xizmat xonalari tor, qorong‘i, qish mavsumida yetarli darajada isitilmagani bemorlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan. Ta’mirlash jarayonida muolaja xonalar kengaytirildi, qo‘shimcha binolar qurildi. Bemorlar uchun kutish joylari, ona va bola xonasi, imkoniyati cheklanganlar harakatini qulaylashtirish, issiq va sovuq suv ta’minoti, sanitar- gigiyena holatlarini yaxshilash bilan bog‘liq ishlar amalga oshirildi. Barcha xizmatlar raqamlashtirilmoqda. Elektron tibbiy karta, telemeditsina va onlayn navbatga yozilish kabi xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Bu bemorlarni ortiqcha vaqt yo‘qotmay belgilangan va o‘zi uchun qulay bo‘lgan soatlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tish, muolaja olish imkoniyatini beradi.     Qishloq oilaviy poliklinikasiga yaqin hududda tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasi joylashgan. 1957 yilda qurilgan va uzoq yillar davomida ta’mirtalab holatda bo‘lgan shifoxona endi zamonaviy ko‘rinishda foydalanishga topshirildi. 60 o‘ringa mo‘ljallangan tibbiyot muassasasi sanitariya qoidalari va me’yorlariga to‘liq javob beradi. Yangilanish doirasida shifoxona hududida qo‘shimcha ikki qavatli bino qurildi. Qabul bo‘limi, reanimatsiya, davolash, laboratoriya, avtoklav bo‘limlari, dori-darmon omborlari to‘liq ta’mirlandi va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi.

– Shifoxonamiz shu kunga qadar o‘z nomiga munosib tarzda faoliyat olib borolmagan, – deydi bosh shifokor Mavludaxon Mamarasulova. – Tibbiy jihozlar, zarur imkoniyat, sharoitlarning yo‘qligi sabab ba’zan bemorlar oldida xijolat bo‘lardik. Endi hamma narsa o‘zgardi. Bu yerda markazlashgan laboratoriya tashkil etildi. Fuqarolar  bir turdagi tahlillarni turli muassasalarda qayta-qayta topshirishdan ozod bo‘ladi. Ma’lumotlar yagona elektron bazaga kiritilib, barcha darajadagi tibbiyot muassasalari tomonidan ko‘riladi va foydalaniladi. Bu esa vaqt va mablag‘ni tejab, bemorlarni ovoragarchiliklardan xalos etadi.

“Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” dasturi doirasida tumandagi mavjud tibbiyot muassasalari bino holati, mavjud jihozlar, xodimlar tarkibi shakllantirildi. Xatlov natijasiga muvofiq, beshta yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib tasdiqlandi. Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash uchun viloyat mahalliy byudjetidan 10 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

– Bu dastur aynan inson uchun qulay va munosib muhit yaratishga qaratilgani bilan e’tiborni tortadi, – deydi Quva tuman tibbiyot bo‘limi boshlig‘i Ravshanbek Isoqov. – Bugungi kunda tumandagi 21 ta tibbiyot muassasalarida tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida ta’mirlash, bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. 

Tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish, soha xodimlari malaka va mahoratini oshirish, rag‘batlantirish tartibini joriy etish ishlariga ham muhim e’tibor qaratilmoqda.

M.Sulaymonov,O‘zA