Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyotdagi islohotlar samarasi
19:12 / 2022-11-01

Odamlarni rozi qilish bugungi siyosatimizning bosh maqsadi. Davlatimiz rahbarining ushbu so‘zlari bugun har bir yo‘nalishda o‘z aksini topmoqda. Ayniqsa, tibbiyot tizimidagi islohotlar zamirida ham ana shunday maqsad mujassam.

Respublika miqyosida oladigan bo‘lsak “Yuqori texnologik operatsiyaga muhtoj 16 ming bemordan 3 ming 200 nafari viloyat va tumanlarning o‘zida davolandi. Bu Prezidentimizning joriy yil 26 oktyabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida barpo etilgan yangi xirurgiya markazini ko‘zdan kechirib, sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ham ta’kidlandi.

Bir necha yillar davomida viloyatlarning shahar va tumanlaridagi murakkab kasalliklarga chalingan og‘ir ahvoldagi bemorlar davolanish maqsadida respublikaning yetakchi tibbiyot markazlariga borib, davolanib kelishar edi. Hozirgi kunga kelib esa, Prezidentimizning 2017 yil 16 martdagi “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va “Shoshilinch tibbiy yordam xizmatining faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori samarasida bunday murakkab jarrohlik amaliyotlari viloyat miqyosidagi tibbiyot muassasalarida ham bajarilmoqda.

– Markazimizda joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida 6 mingdan ortiq har xil og‘irlikdagi operatsiyalar amalga oshirildi, – deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Tohir Musayev. –Shulardan 60 foizi hozirgi zamon talablariga mos va chet elda amalga oshirilayotgan operatsiyalar o‘zimizda amalga oshirilgan. Jumladan, laparoskopik, kaminvaziv, buyrak ko‘chirib o‘tkazish, stentlash va osteoparoz kasalligida chanoq son bo‘g‘imi operatsiyalari bajarildi.

[gallery-9367]

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida kuni kecha yetakchi mutaxassislar intervension kardiolog va travmatologlar tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi. Bachadon arteriyalari embolizatsiyasi, buyrak arteriyalari angiografiyasi, bosh miya arteriyalari angiografiyasi, yurak koronar tomirlari angiografiyasi hamda stentlash operatsiyalari amalga oshirildi.

Respublika sog‘liqni saqlash vazirligi va viloyat hokimligi hamkorligida viloyatda kardioxirurgiyani rivojlantirish rejalashtirilgan.

– Mamlakatimizda rivojlanib borayotgan tibbiyot nafaqat viloyatlarda balki tumanlargacha yetib keldi, – deydi tibbiyot fanlari nomzodi, travmatolog jarroh Navro‘z Safarov. –Bugun murakkab son chanoq bo‘g‘imida total endoprotezlash amaliyoti o‘tkazildi. Bemor bir kun oldin uyida yiqilib jarohat olgan. Odatda bunday bemorlarda son suyagi bolchasi singan paytda suyagi bitmaydi. Bunday bemorlar operatsiya qilinmasa kelajakda nogiron bo‘lib qolishi mumkin. Bugun operatsiya qilingan bemor sog‘lom turmush tarziga qaytadi. Operatsiya o‘tkazish uchun poytaxtdan kelgan yetakchi mutaxassislar travmatologiya bo‘limi bemorlari bilan suhbat o‘tkazdi.

Joriy yilning noyabr oyida respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida kardiojarrohlik murakkab operatsiyalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Buning uchun filial sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 4 milliard so‘m mablag‘ hisobiga “Sun’iy qon-aylanish apparati (AIK)” hamda viloyat hokimligi tomonidan 1 milliard so‘m mablag‘ hisobiga tibbiy asbob-uskunalar va anjomlar bilan ta’minlandi.

Stend qo‘yish bugun ilg‘or usul hisoblanadi. Bemor operatsiya jarayonini kuzatib turadi.

– Men bundan bir necha yil oldin yurak operatsiyasini o‘tkazganman, – deydi bemor Baxshillo Orziyev. – Yuragimga Toshkentga borib stend qo‘ydirgan edim. Endi murakkab operatsiyalar viloyatlarda ham bajarilmoqda. Mana o‘zim ham yana stent qo‘ydirdim. Jarayonni bevosita kuzatib turdim.

Buxoro tibbiyot tizimida bunday ilg‘or usullardan keng foydalanilmoqda.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA