French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyotdagi islohotlar o‘z samarasini bermoqda
10:35 / 2023-07-05

Yurtimizda tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish, aholi sog‘ligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar “Inson qadri uchun” tamoyiliga asosan olib borilmoqda. Bugungi kunda Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida ham amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Ayni paytda tumandagi aholiga 14 oilaviy poliklinika, 10 oilaviy shifokor punkti, 1 ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va markaziy shifoxonada malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.  

– 2023 yilning o‘tgan besh oyi davomida tuman bo‘yicha sog‘liqni saqlash tizimiga 34 milliard 745 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu aholi jon boshiga 218 ming 577 so‘mdan to‘g‘ri keladi, deganidir, – deydi tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Muhabbat Saloyeva. – Tumanda dori-darmon vositalari uchun ajratilgan mablag‘ esa 1 milliard 785,6 million so‘mni tashkil qiladi. Hozirda tuman tibbiyot birlashmasida 254 nafar shifokor, 2202 nafar o‘rta tibbiyot xodimi bo‘lib, shifokorlarning 69 nafari oliy, 27 nafari birinchi, 40 nafari ikkinchi toifali shifokorlardir.  

Tibbiyot birlashmasida Prezidentimizning 2021 yil 25 maydagi “Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tizimdagi islohotlarni amalga oshirish maqsadida “Ona va bola klasteri” shtabi tashkil etilib, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikadagi “Ayollar maslahatxonasi” bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.  

[gallery-12597]

Aholi reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash va bolalar o‘limi va aholining umumiy kasallanishini kamaytirish maqsadida tuzilgan chora-tadbirlar asosida tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan tor soha mutaxassislaridan iborat uchta Ishchi guruhi tuzilib, barcha oilaviy poliklinika va oilaviy shifokor punktlarida 0-18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va tug‘ish yoshidagi ayollar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.  

Ma’lumki, so‘nggi yillarda yurtimizda sohalarda olib borilayotgan islohotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida joriy etilgan “Tashabbusli byudjet” loyihasi o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Natijada ko‘plab ijtimoiy soha ob’ektlarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilib, zaruriy jihozlar bilan ta’minlanmoqda. Yo‘llar qurilib, uzoq yillar davomida aholini qiynab kelayotgan muammolarga yechim topilmoqda.  

Jumladan, tuman tibbiyot birlashmasida ham “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 3 milliard 237, 6 million so‘mlik zamonaviy tibbiy jihoz va asbob-uskunalar olib kelindi. Natijada aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifati yanada oshdi.  

Shuningdek, joriy yil Navro‘z bayrami arafasida tibbiyot birlashmasining “Bolalar bo‘limi” to‘liq qayta ta’mirlandi.  

– Bolalar bo‘limi 1985 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 26 o‘rinli quvvatga ega, – deydi bo‘lim mudiri Shavkat Ne’matov. – Ayni paytda bu yerda tumandagi 47 mingga yaqin bolaga tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Mazkur bo‘limda joriy yilning yanvar-mart oylarida “Ona” jamoat fondi homiyligida bir milliard so‘mlik ta’mirlash ishlari olib borildi. Natijada har bir xona o‘zgacha uslubda ta’mirlanib, xona devorlari bolalar ruhiyatiga mos ravishda rasmlar bilan bezatildi. Televizor, yumshoq o‘yinchoqlar, shkaf va mo‘’jazgina kutubxona, shaxmat-shashka taxtalari bilan ta’minlandi. Oshxonaga esa zamonaviy jihozlar keltirildi.  

– Qizim Sobirova Soliha o‘tkir bronxit tashxisi bilan shifoxonaga keltirildi, – deydi “Oqmachit” MFYda istiqomat qiluvchi Durdona Ro‘ziyeva. – Uch kundan buyon tibbiy muolaja olyapmiz. Shifokorlar yaxshi qarashyapti. Dori-darmonlar yetarli. Barchasi shifoxona hisobidan berilyapti. Yaqinda bolalar bo‘limi qayta ta’mirlangan ekan. Ta’mirlash ishlari juda yoqdi. Har bir xona bir-biriga o‘xshamagan tarzda bezatilgan.  

Darvoqe, o‘tkazilgan “Salomatlik oyligi” da tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika mutaxassislari tomonidan dispanser nazoratida turgan va nogironligi bo‘lgan 250 nafardan ortiq bolajonlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Markaziy poliklinikaga kelolmagan nogironligi bor bolalarning uylariga borilib, xabar olindi.  

Albatta, tizimda olib borilayotgan har bir amaliy ish aholiga sifatli va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.  

 

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA