Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyotdagi islohotlar olis manzillarga yetib bordimi?
13:14 / 2024-03-13

Navoiy viloyati O‘zbekistondagi eng yosh, biroq maydoni eng katta va eng kam aholi istiqomat qiladigan hududdir. 46,63 ming kvadrat kilometr maydonni egallagan Uchquduq esa viloyatdagi eng katta tuman hisoblanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tayyorlangan “Tibbiy rakurs” dasturining navbatdagi sonida hududda birlamchi tibbiy yordamni tashkil etishning o‘ziga xos jihatlari haqida hikoya qilindi.  

Tuman markazidan 200 kilometr uzoqda joylashgan Ko‘kayoz ovulida atigi 46 nafar inson istiqomat qiladi. Ana shunday olis manzilga tibbiyot tizimidagi islohotlar yetib borib, amalda o‘z natijasini ko‘rsatayotgani kishini quvontiradi.  

Ko‘kayoz oilaviy shifokor punktida ishlab kelayotgan qoraqalpog‘istonlik G‘ayrat Rajapovning bu yerga kelganiga roppa-rosa bir yil bo‘ldi. Yosh shifokor poytaxtdan qariyb 1000 kilometr, viloyat markazidan 500 kilometr olisdagi ovulda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Shifokor tibbiy nazoratda turadigan har bir bemorning ahvolidan kunora xabar olib turadi.  

– Bir qaraganda 46 nafar fuqaro oz ko‘rinsada, ularning orasida 3-4-xavf guruhi bemorlari bor. Ularning ahvolidan muntazam xabar olib turamiz, uylariga borib tibbiy xizmatlar ko‘rsatamiz. Kerakli maslahat va tavsiyalarimizni berib boramiz, – deydi G‘ayrat Rajapov.  

– Bundan oldin bizda vrach yo‘q edi, – deydi Aqchagul opa. – G‘ayrat Rajapovning bu yerga kelib, ishlayotganidan judayam xursandmiz. Yosh kadr, oliy ma’lumotli. Xabar qilishimiz bilan yetib kelib, bizni ko‘rikdan o‘tkazib, kerakli yordamni beradi.  

Bag‘chagul opaning aytishicha, oldinlari bu yerda hatto suv, gaz yo‘q, tibbiyot kirib kelmagan edi. Ularning biron joyi og‘risa tumandagi shifoxonalarga borishar, cho‘l sharoiti uchun noqulay bo‘lgan “Damas” avtomashinasida qatnar edi. Hudud sharoiti uchun qulay bo‘lgan “UAZ” tez yordam mashinasining Prezidentimiz sovg‘asi sifatida topshirilishi aholining uzog‘ini yaqin qildi. “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan Saypulmalik Xo‘jabayev bugun ana shu mashinada ko‘kayozliklarga xizmat ko‘rsatmoqda.  

– Bu yo‘llarda "Damas"da yurish qiyin edi. “UAZ”da harakatlanish esa anchayin qulay. O‘zim ham shu yerda tug‘ilib o‘sganman. Ovuldoshlarimga oz bo‘lsada nafim tegayotganidan xursandman, – deydi  Saypulmalik Xo‘jabayev.  

Eng chekka hudud bo‘lishiga qaramay, ovul ahli uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy bog‘cha va maktab, bekam-u-ko‘st kommunal xizmatlar, internet tarmog‘i va albatta, sifatli birlamchi tibbiy-sanitar yordami muassasasi hudud aholisi xizmatida.  

Birgina misol, bugungi kunda ovulda 8 nafar maktab yoshidagi, 4 nafar bog‘cha yoshidagi bola yashaydi. Biroq ular ta’lim-tarbiya olish uchun boshqa hududlarga qatnashi imkonsiz. Shu sababli yurtimizning ana shu farzandlari uchun ovulning o‘zida davlat tomonidan biror tuman yoki viloyat markazidagi muassasalardan qolishmaydigan butun boshli zamonaviy maktab va bog‘cha binolari qurib berilgani kishini hayratga soladi. Ularda so‘nggi rusumdagi kompyuterlar, sport zali va maydonchalari mavjud. Bolalarning salomatligi esa muntazam nazoratda.  

Qizilqum bag‘ridagi yana bir manzil – Juzquduq ovuli. Bor-yo‘g‘i 150 kishi yashaydigan ovulda 25 qatnovga mo‘ljallangan oilaviy shifokorlik punkti faoliyat yuritadi. Ushbu muassasada xorazmlik Tursunboy Hayitboyev uzoq yillardan beri juzquduqliklarga tibbiy xizmat ko‘rsatib keladi.  

Uchquduq tumani Qozog‘iston bilan chegaradosh mintaqa bo‘lgani sababli qishda shimoldan sovuq havo massalari to‘g‘ridan to‘g‘ri kirib keladi. Yozda esa Qizilqumning jaziramasi tanangizni kuydiradi. Tabiiyki, bunday iqlim sharoitida aholiga birlamchi sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun davlatning alohida e’tibor va g‘amxo‘rligi zarur. Quvonarlisi, juzquduqliklar ana shu e’tiborni o‘z hayotlarida his qilmoqda.  

 

M.Qosimova, O‘zA