Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyotdagi islohotlar jurnalistlar nigohida
14:32 / 2023-03-15

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi, viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, Navbahor tumani hokimligi hamda tuman tibbiyot birlashmasi hamkorligida tumanda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, yangilik va o‘zgarishlar, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha erishilayotgan yutuqlar bilan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi.

Dastlab press-tur ishtirokchilari tuman Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida bo‘lishib, aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar. Ma’lumki, to‘g‘ri ovqatlanish inson salomatligini asrab-avaylashning eng birinchi omillaridan biri. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ovqatlanish mustahkam sog‘liq, yuqori ishchanlik va uzoq umr ko‘rishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.  

Shu bois 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” gi Prezident farmonida “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” umummilliy harakatini yo‘lga qo‘yish belgilangan. Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika Aholini sog‘lom turmush tarzini qo‘llab quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi bo‘linmasi shifokori Musallam Jo‘rayeva to‘g‘ri ovqatlanish, oziq-ovqat mahsulotlari va ichmliklarning inson salomatligiga ta’siri, har bir xavf guruhi va kasallik turlari uchun alohida-alohida sog‘lom ovqatlanishga qaratilgan tavsiyalar, turmush tarzi va kasalliklarga moyilligidan kelib chiqib, bolalar, kattalar va keksalar uchun to‘g‘ri ovqatlanishning foydali jihatlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.  

[gallery-10988]

– Taom insonning hayot faoliyati va o‘sishi uchun muhim bo‘lgan quvvat manbaidir, – deydi Musallam Jo‘rayeva. – To‘g‘ri ovqatlanish – ushbu mahsulotlarni mos va yetarli miqdorda qabul qilish demakdir. Aslida organizm uchun muhim ozuqa mahsulotlari 6 ta guruhga bo‘linadi: uglevod, oqsil, yog‘, vitaminlar, mineral elementlar va suv. Barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ma’lum miqdorda ozuqaviy qiymatga ega bo‘lib, faqatgina uning normasini bilishimiz zarur. Shunda har qanday oziq-ovqat organizm uchun foydali bo‘ladi.  

bugungi kunda tibbiyot sohasida bemorlarni dorilar bilan emas, balki ko‘proq tabiiy vositalar, giyohlar damlamalari, jismoniy faollikni yanada oshirish bilan davolashga alohida e’tibor qaratilib, kunduzgi statsionarlarda o‘rinlar soni oshirilmoqda.  

OAV vakillari kunduzgi statsionar bo‘limi faoliyati hamda Fizioterapiya bo‘limida aholi uchun zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida olib borilayotgan 10 dan ziyod turdagi davo muolajalari bilan ham yaqindan tanishdilar.  

– Fizioterapiya – bu patogenetik va simptomatik davolash bo‘lib, fizik omillar kasallik patogeneziga yoki rivojlanish mexanizmiga ta’sir qilib, ularning belgilarini, ya’ni simptomlarini yo‘qotishidir, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi ambulator poliklinika xizmati bo‘yicha bosh shifokor o‘rinbosari Feruz O‘sarov. – bugungi kunda ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikamizda ham fizioterapiya bo‘limi tashkil etilgan. Davolash profilaktik muassasalardagi o‘rinlar soni avvalgi yillardagiga nisbatan 2 baravarga oshirildi. Barchasida fitobarlar tashkil etilgan. 2021-2022 yillarda “Tashabbusli byudjet” loyihasi asosida 2,4 milliard so‘m mablag‘ yutib olindi. 2021 yilda yutib olingan mablag‘ga tibbiyot birlashmamiz uchun kerakli bo‘lgan 29 turdagi 42 dona tibbiy jihozlar xarid qilingan bo‘lsa, 2022 yilda yutilgan mablag‘ hisobidan birlashmada ta’mirlash va hududni yoritish ishlari amalga oshirilmoqda.  

bugungi kunda tumanda qariyib 120 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilib, ularning 60 ming nafarga yaqini ayollar va 34 ming nafari bolalardir. Tuman aholisiga markaziy shifoxona va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikadan tashqari, 5 ta oilaviy poliklinika va 9 ta oilaviy shifokor punktida tibbiy xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Shuningdek, bundan tashqari tumanning chekka hududlarida yashovchi aholiga tibbiy xizmatni yaqinlashtrish maqsadida 12 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etilib, to‘liq jihozlangan va tegishli mutaxassislar ajratilgan.  

– Mahallamizga xizmat ko‘rsatuvchi 7-oilaviy poliklinika ancha olisda joylashgani bois mahalla tibbiyot punkti faoliyati yo‘lga qo‘yildi, – deydi “Paxtakor” mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriylaridan biri Hamro bobo G‘afforov. – Avvallari ko‘chamizdan o‘tib qoluvchi transport vositasi orqali yoki katta yo‘lga chiqib, birorta avtomashina orqali poliklinikaga yoki tuman markazidagi shifoxonaga borar edik. Mahallamizda tashkil etilgan tibbiyot punkti har tomonlama aholiga qulaylik yaratmoqda. Tibbiyot xodimlari 12 soat davomida faoliyat olib borishadi. Aholimiz bu yerda o‘z sog‘ligini nazoratdan o‘tkazib, shifokorlar tavsiya etgan muolajalari olmoqda.  

7-oilaviy poliklinikasi “Sarbozor”, “Navkar”, “Chorvoqguzar” va “Paxtakor” kabi mahallalarning 11 mingdan ziyod aholisiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatib kelyapti. Poliklinikada elektron raqamlashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu ish unumdorligini oshirishga va tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.  

OAV vakillari mazkur oilaviy poliklinikada bo‘lib, aholi uchun yaratilgan sharoitlar, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat bilan yaqindan tanishdilar.  

Press-tur yakunida Navbahor tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Bobojon G‘afforov ishtirok etib, tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, olib borilayotgan amaliy chora-tadbirlar samaradorligi va kelgusidagi istiqbolli rejalar to‘g‘risida ma’lumot berdi.  

– Tibbiyot birlashmamizda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilgan, – deydi B.G‘afforov. – Tug‘uruq majmuasi negizida Tumanlararo perenital markazi tashkil etildi. Qabul bo‘limi faoliyati tubdan o‘zgartirilib, “QABUL EMERGENCY DEPARTAMENT” ga aylantirildi. 2022 yildan boshlab jarrohlik bo‘limimizda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazila boshlandi. Jumladan, 56 nafar fuqaroda viloyat va respublika darajasidagi murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Yakunlangan yilda “Ayollar daftari” ga kiritilgan 2650 nafar ayol chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.  

Matbuot anjumanida bosh shifokor OAV vakilllarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.  

 

Abduvali Bo‘riyev,  

Siroj Aslonov (surat), O‘zA