Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyotdagi islohotlar inson uchun (+video)
15:53 / 2025-06-05

Bugungi kunda yurtimizda ixtisoslashtirilgan tibbiyotni aholiga yanada yaqinlashtirish, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini joriy qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Navoiy viloyati hududiy filialida teri va uning hosilalari kasalliklari, tug‘ma yoki orttirilgan kosmetologik muammolarni diagnostika qilish hamda davolash maqsadida bir qator yutuqlarga erishilmoqda. 

Hozirda filial tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklarga ega zamonaviy yangi binoda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 

Ayni paytda ambulator tibbiy xizmatlar uchun 55 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika bo‘limi, statsionar sharoitda davolanish uchun 40 o‘rinli teri kasalliklari bo‘limi, 40 o‘rinli terining yuqumli va tanosil kasalliklari bo‘limi hamda 30 o‘ringa ega bolalar teri kasalliklari bo‘limi mavjud.

 Bu yerda tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tish munosabati bilan raqamlashtirish jarayonlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

– Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 7 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” dasturi boshlanishi e’lon qilingan edi, – deydi filial direktori Jamshid Hoshimov. – Dastur doirasida fuqarolarga yaratiladigan qulayliklar, tibbiy xizmatni soddalashtirish hamda respublika darajasida amalga oshiriladigan muolajalarni bevosita viloyatning o‘zida amalga oshirishga e’tibor qaratmoqdamiz. Filialimizda kutish joylarida qulay o‘rindiqlar ko‘paytirilib, navbatlar tartibga keltirildi. Nogironligi bo‘lgan bemorlarning erkin harakatlanishi uchun kirish-chiqish joylari, xona va yo‘laklarda inklyuziv muhit yaratilmoqda. Bundan tashqari, “Toza qo‘llar” shiori ostida murojaat qilgan fuqarolarga sanitariya-gigiyena talablariga asosan ishlar tashkil etilmoqda. 2025 yil uchun belgilangan dasturga asosan 5 dan ortiq davolash usuli, 10 dan ortiq tekshirish usullarini viloyat va tumanlarimizda yo‘lga qo‘yish, respublika darajasidagi xizmatlarni viloyat darajasiga tushirish bo‘yicha ish olib bormoqdamiz. Asosiy yo‘nalishimiz faqat dori-darmon bilan davolash emas, balki kam dori ishlatib, fizioterapiya orqali organizmning immun va qarshilik ko‘rsatish qobiliyatini oshirishga e’tibor qaratmoqdamiz. 

Filialning poliklinika bo‘limi tarkibida zamonaviy lazer uskunalariga ega kosmetologik alohida xonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu lazer uskunalari yordamida teridagi kosmetik nuqsonlarni tez, sifatli, arzon va asoratsiz bartaraf etish mumkin. Shuningdek, kasalliklarni diagnostikasi, tashxislash uchun laboratoriya bo‘limi faoliyat yuritib kelmoqda. Laboratoriyadagi zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida teri va terining yuqumli kasalliklari, tanosil kasalliklari va terining surunkali kechuvchi, boshqa turdagi kasalliklarining diagnostikasi amalga oshiriladi. Filialga IXLA uskunasi olib kelingan. Endilikda bemorlar soatlab tahlil natijalarini kutmaydi. Ushbu uskuna yordamida bir vaqtning o‘zida 60 nafar bemorning 30 turdagi tahlilini inson omilisiz avtomatik ravishda kam vaqt sarflab, jahon standartlari talablari asosida o‘tkazish mumkin. 

– Filialimizdagi laboratoriya bo‘limimiz sirologik va klinik bo‘limdan iborat, – deydi bo‘lim mudiri Valijon Umarov. – Sirologik laboratoriyada viloyatdagi barcha turdagi davolash profilaktik muassasalardan keladigan qon namunalari, sirologik tahlillar tekshirilib, tashxis qo‘yiladi. Barcha vrach va o‘rta tibbiyot xodimlari muntazam ravishda bilim va malakasini oshirib, zamonaviy laboratoriya diagnostikasi bo‘yicha tizimdagi yangiliklar bilan tanishib boradi. Aholiga yanada sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida 2024 yilning 3-choragida turli sohalarda keng ko‘lamli vazifalarni bajarish uchun qo‘llaniladigan zamonaviy diagnostika usuli joriy etildi. Bu usulning afzalligi shundaki, u to‘liq avtomatlashtirilgan. Tahlil jarayonida inson omili ishtirok etmaydi. 

[gallery-23761]

Filialda ilmiy salohiyat va xodimlar malakasini oshirish, tajriba almashish bo‘yicha ham alohida dasturlar doirasida ish olib borilmoqda. 2023-2024 yillarda Belarus davlati bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, joriy yilning may oyida Qozog‘istoning Ostona shahridagi universitet bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi va memorandum imzolandi. Shuningdek, Qirg‘izistonning dermatovenerologiya markazi bilan ham kelishuvga erishilgan. 

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YUo2Hfw3COM" title="Tibbiyotdagi islohotlar inson uchun" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari