Joriy yilning 18 mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oppoq libos egalari bo‘lmish sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Bunday shakldagi uchrashuv mamlakatimiz tarixida ilk marotaba tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari tibbiyot olimlari, shifokorlar, hamshiralar, farmatsevtlar, sanitariya-epidemiologiya xizmati vakillaridan kelib tushgan jami 25 mingdan ziyod murojaatni umumlashtirish va tizimlashtirish asosida ishlab chiqilgan 7 ta muhim yo‘nalishni belgilab berdi. Prezidentimiz har bir yo‘nalishga alohida to‘xtalib yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Bular, birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, tez tibbiy yordamni rivojlantirish, tibbiyot muassasalarining sharoitini yaxshilash, soha xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, tibbiyot sohasini malakali kadrlar bilan ta’minlash, jamiyatda sog‘lom turmush madaniyatini oshirish hamda kasalliklarning oldini olishdir.
Uchrashuv aniq va muhim tashabbuslarga boy bo‘ldi. 20 ming nafar tibbiyot xodimlari va aholidan olingan takliflar, muhokamalar sog‘liqni saqlash sohasini tizimli transformatsiya qilishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Mazkur muloqot so‘nggi besh yil ichida amalga oshirilgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki unda yuqori malakali tibbiy kadrlar salohiyati va sonini oshirish, chekka hududlarda tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektor va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirish, pediatriya va ixtisoslashtirilgan klinikalar tarmog‘ini kengaytirish, kam ta’minlangan oilalarni tibbiy qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etish, sohadagi korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi.
Joriy yilning 1 aprelidan boshlab tibbiyot tashkilotlari tomonidan chet eldan keltiriladigan tibbiy jihozlar, asbob-uskuna va meteriallar 2025 yil 1 yanvarga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona bojidan ozod qilinadigan bo‘ldi. Shuningdek, 2022-2025 yillarda tez tibbiy yordam tizimida eskirgan avtomashinalar to‘liq zamonaviy avtomobillarga almashtiriladi hamda tez tibbiy yordam avtoparki to‘liq yangilanadi.
Ta’kidlash joiz, tibbiyot xodimlarining fidokorona xizmati pandemiya paytida yaqqol namoyon bo‘ldi. Yurtimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, unga chalingan bemorlarni samarali davolashdek ulkan mas’uliyatni chuqur his etgan tibbiyot xodimlari jasorat bilan qahramonlarcha koronavirus balosiga qarshi kurashib, samarali natijalarga erishdilar. Jumladan, infeksiya tarqalishining sekinlashgani, kasallikka chalinganlarga nisbatan sog‘ayganlarning ko‘payib borgani barchamizni quvontirdi.
Ochiq muloqot davomida “Qishloq shifokori” dasturini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Xususan, 2022 yil 1 maydan olis va chekka hududlarda faoliyat olib borayotgan shifokorlarning oylik ish haqiga 2 million so‘mdan qo‘shimcha ustama to‘lanadi, shifokorlarga ipoteka asosida uy-joy sotib olish xarajatining 50 foizgacha qismi mahalliy byudjetlardan qoplab beriladi, olis va chekka hududda uzluksiz uch yil ishlagan shifokor, klinik ordinaturaga imtihonsiz qabul qilinishi belgilandi.
Ochiq muloqotga yuborilgan hech bir murojaat e’tiborsiz qolmadi. Tadbir davomida tibbiyot xodimlari bevosita davlatimiz rahbari bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev muloqot davomida berilgan har bir taklifni o‘sha yerning o‘zida ijobiy hal qilib, mas’ullarga topshiriq berdi. Tez tibbiy yordam xodimlarini ham rag‘batlantirish borasida berilgan taklif davlatimiz rahbari tomonidan ma’qullandi va qonuniy tarzda amalga oshirilishi belgilab berildi.
Olti soatdan ko‘proq davom etgan ushbu uchrashuvni chin ma’noda tarixiy voqea bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Muloqot davomida mamlakatimizda tibbiyot sohasini yangi bosqichga olib chiqish va tizimdagi muammo, kamchiliklarni bartaraf etish borasida bir qator vazifa va topshiriqlar belgilandi. Eng muhimi, Prezidentimiz bu kabi uchrashuvlarni doimiy ravishda o‘tkazish tashabbusini bildirdi.
Ishonch bilan aytish mumkinki, ochiq muloqotda aytilgan o‘zgarishlar va yangiliklar yurtimiz tibbiyot sohasi vakillariga bo‘lgan yuksak ehtirom va e’tibordir. Ana shunday yuksak ehtirom va e’tibor shifokorlarimiz uchun ulkan rag‘bat va kuch bo‘lishi shubhasiz.
Sherzod RAHMONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA