Belarus davlatining Brest viloyati kasalxonasi bosh vrachi, tibbiyot fanlari doktori, professor Aleksandr Karpitsskiy boshchiligidagi mutaxassislar respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida bo‘ldi.
Xorijlik mehmonlarni filial direktori, tibbiyot fanlari nomzodi M.Rajabov boshchiligidagi sog‘liqni saqlash xodimlari kutib oldi. Mehmonlarni muassasada amalga oshirilayotgan tibbiy xizmatlar ko‘lami, davolash-diagnostik standartlar ijrosi, mutaxassislar malakasini oshirish va ilmiy izlanishlarda erishilayotgan yutuqlar, belgilangan rejalar hamda qo‘llanilayotgan yuqori texnologik murakkab operatsiyalar bilan yaqindan tanishtirdi. O‘z navbatida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali mutaxassislarning o‘zaro tajriba almashishlari borasidagi rejalari haqida ham kelishib olindi.



– Memorandum kelishuvidan ikki mamlakat shoshilinch tibbiyot sohasi yetakchilari ishtirokida tibbiy ko‘riklar va jarrohlik amaliyotlarini hamkorlikda o‘tkazish orqali tibbiyotni yangi bosqichga ko‘tarish, loyiha doirasida har ikkala tomonning imkoniyat va tajribalarini o‘rganish nazarda tutilgan, – deydi filial direktori M.Rajabov. – Shu ma’noda, murakkab yo‘nalishlardagi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini birgalikda bajarish, qolaversa, respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialining mutaxassislarini ham Belarus davlatining Brest oblasti kasalxonasiga xizmat safariga yuborib, xorij tajribasini o‘zlashtirish ham maqsad qilingan.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.