10 noyabr –Tibbiyot xodimlari kuni
Xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlash maqsadida qabul qilingan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida aholi salomatligini ta’minlash bo‘yicha bir qator vazifalar belgilangan.
Jumladan, o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 78 yoshga yetkazish, tibbiyotga yo‘naltiriladigan mablag‘lar hajmini ikki barobar oshirish, onalar va bolalar o‘limini qisqartirish, sog‘lom bolalikni ta’minlash, onkologiya, yurak-qon tomir, diabet va nafas yo‘llari kasalliklari bo‘yicha erta o‘limni 2,5 barobar kamaytirish, sil kasalligi bilan kasallanish darajasini pasaytirish, diabet va yurak-qon tomir kasalligi bor bemorlarni davolash bilan to‘liq qamrab olish kabi muhim maqsadlar va samaradorlik ko‘rsatkichlari ko‘zda tutilgan.
– Mazkur maqsadlarga erishish borasida Samarqand viloyatida ham zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, – deydi Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Zayniyev. – Bugun viloyatimizning 4 milliondan ortiq aholisiga 41 ta tibbiyot muassasasi, 250 ta birlamchi tibbiy xizmat shoxobchasi xizmat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, yuzlab xususiy tibbiy muassasalar ham xalqimizga yuqori sifatli tibbiy xizmatni taklif etmoqda. Bularga qo‘shimcha ravishda 2024-2025 yillarda yana 85 ta yangi tibbiyot muassasasi ochish rejalashtirilgan. Ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish uchun sohaga davlat tomonidan 1,5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Sohani rivojlantirishga qaratilgan e’tibor natijasida shu paytgacha xorijdagina amalga oshirilgan yuqori texnologiyali jarrohlik operatsiyalari o‘zimizda bajarilmoqda. Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filalida yilning birinchi yarmida yurak-qon tomir kasalliklarini davolash bo‘yicha 235 ta murakkab jarrohlik amaliyoti va 3777 ta endovaskulyar muolajalar amalga oshirildi. Ayniqsa, koronarografiya va stentlash amaliyotlari orqali bemorlar hayoti saqlab qolinmoqda.
[gallery-20182]
Strategiyada 2025 yilgacha yurak-qon tomir va onkologik kasalliklarni erta aniqlash uchun 6,7 milliondan ortiq kishini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu borada viloyatdagi muassasalar joylarga chiqqan holda, eng olis qishloqlargacha borib, aholini ko‘rikdan o‘tkazmoqda. Ko‘rik natijalari asosida kasalligi aniqlangan yurtdoshlarimiz ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlarda sog‘lomlashtirilmoqda.
Onkologiya va onkogematologiya sohasidagi rivojlanishlar tufayli saraton kasalliklarini erta bosqichda aniqlash va samarali davolash choralari ko‘rilmoqda. Respublika onkologiya va radiologiya ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazi Samarqand filiali ikki yil avval zamonaviy mammograflar bilan jihozlanib, aholiga yuqori sifatli tekshiruv va davolash xizmatlarini taqdim etmoqda. Muassasaga davlat tomonidan 4,5 milliard so‘mlik yangi uskunalar olib berildi.
– Strategiyaning yana bir muhim yo‘nalishi shoshilinch tibbiy yordam tizimini rivojlantirishdir, – deydi S.Zayniyev. – Keyingi yillarda Samarqand viloyati shoshilinch tibbiyot yordam xizmati avtoparki yangilandi va bugungi kunda foydalanilayotgan 500 ta tibbiy yordam avtomobilining aksariyati yangi hisoblanadi. Tizimni yanada rivojlantirish uchun yil yakunigacha qo‘shimcha 100 ta zamonaviy avtomobil xarid qilish kutilmoqda.
Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi ayni chog‘da nafaqat ushbu viloyat, balki qo‘shni viloyatlar aholisiga ham zamon talablariga mos tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Markaz bosh vrachi o‘rinbosari Dilshod Rahmonovning ta’kidlashicha, muassasa maslahat polikilinkasiga har kuni ming nafardan ortiq bemor murojaati qayd etiladi. Yil davomida 28-30 ming nafar bemor bola statsionar davolanmoqda.
– Keyingi yillarda markazda avval bo‘lmagan, yuqori texnologik xizmatlarni ko‘rsatadigan bolalar kardioxirurgiyasi, angioxirurgiya, bolalar gemodializ bo‘limi, chaqaloqlar reanimatsiyasi, audiometriya, ortopediya singari yangi bo‘limlar tashkil etildi, – deydi D.Rahmonov. – Ushbu bo‘limlarda xorijda malaka oshirgan, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni o‘zlashtirgan mutaxassislar faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari, dunyoning o‘nga yaqin yetakchi tibbiyot muassasalari bilan yaqin hamkorlikda ishlab kasalliklarni aniqlash va davolashda zamonaviy usullardan foydalanyapmiz. Ayni paytda markazda yil davomida amalga oshirilayotgan 10 mingdan ortiq jarrohlik amaliyotining 40 foizi yuqori texnologik operatsiyalar hisoblanadi. Xususan, 2019 yildan yurakda ochiq operatsiyalarni amalga oshirgan bo‘lsak, hozir endoskopik jarrohlik amaliyotidan ham keng foydalanyapmiz. Zarurat bo‘lsa, tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan bolalarni tug‘ruqxonadan markazga ko‘chirib, jarrohlik amaliyoti bajarilmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari