Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Buxoro filiali bosh shifokori K.Karimov Rossiyaning Tyumen shahri 2-shahar klinik kasalxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Tyumen shahrida 860 ming aholi istiqomat qiladi.Ulardan 300 ming nafarini bolalar tashkil etadi. 2-shahar klinik kasalxonasi asosan shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatishga moslashtirilgan bo‘lib kattalar va bolalar korpuslari mavjud.

Bolalar korpusida pediatriya, neonatologiya, nevrologiya, shoshilinch va rejali bolalar xirurgiyasi va urologiyasi, yiringli xirurgiya, bolalar neyroxirurgiyasi, travmatologiya va ortopediya bo‘limlari, bolalar reanimatsiyasi mavjud.
Bolalar korpusi alohida operatsiya blokiga ega bo‘lib, shoshilinch va rejali operatsiyalarni amalga oshirish uchun 10 operatsiya xonalari mavjud. Ular to‘liq zamonaviy jihozlangan. Bundan tashqari, bolalarga ambulator xizmati ko‘rsatish uchun kasalxonaga qarashli bolalar poliklinikasi ham bor.

– Bolalar korpusining barcha bo‘limlari bilan tanishib chiqdim, – deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Buxoro filiali bosh shifokori K.Karimov. – Kasalxona shifokorlari bilan uchrashib markazimiz to‘g‘risida ma’lumot berdim.

Istiqbolda birgalikda ilmiy tadqiqotlarni olib borish, pediatriya, bolalar jarrohligi, neyroxirurgiyasi, travmatologiyasi, kardiologiyasi, nevrologiyasi sohalari bo‘yicha malaka oshirish, tajriba almashtirish, bemorlarni telemeditsina orqali konsultatsiyalarni amalga oshirish yo‘nalishida kasalxona bosh shifokori bilan memorandum imzolandi.
Ushbu kelishuv markazimizda bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish, yangiliklarni joriy qilish, ilmiy ishlarni yangi ma’lumotlar bilan boyitib borishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov,
O‘zA