Hali tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmagan Milliy tibbiyot markazi tomonidan xalqimiz salomatligi yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bu yerda bir qator jarrohlik amaliyotlari, shu jumladan, jigar ko‘chirib o‘tkazish o‘zlashtirildi. Yaqinda yana bir operatsiya muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Gap shundaki, markazning professori Azam Bobojonov boshchiligidagi tajribali transplantologlar jamoasi murakkab jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. 40 yoshli singil 3 yildan beri jigar sirrozi bilan og‘rigan akasining hayotini saqlab qolish maqsadida unga o‘z jigarining bir bo‘lagini berdi.
Markaz matbuot xizmati rahbari Zulayho Musurmonovaning so‘zlariga ko‘ra, murakkab operatsiya yuqori aniqlik va professionallik bilan amalga oshirildi. Hozirda donor va bemorning ahvoli qoniqarli, shifokorlar ularning sog‘lig‘ini doimiy nazorat qilib bormoqda.

– Markazimiz transplantologlari ushbu yo‘nalishda o‘z tajribalarini muntazam takomillashtirib, og‘ir kasalliklarga chalingan bemorlarning hayotini saqlab qolish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda, – deydi Z.Musurmonova.
Ma’lumot uchun, Markaz mamlakatimizdagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari orasida birinchi bo‘lib 7/24 ish rejimiga o‘tgan bo‘lib, bu yerda haftasiga 7 kun, 24 soat davomida murojaatlar qabul qilinadi, bemorlarga uzluksiz tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.
Ayni paytda muassasada yangi turdagi innovatsion diagnostika va muolaja usullarini yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlar jadallik bilan olib borilyapti. Xususan, markazda robot texnologiyasi hamda bosh miya kasalliklarini davolashda qo‘llaniladigan gamma-pichoq tizimlari joriy etilishi kutilmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA