Yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, aholiga yuqori texnologiyali va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni yaqinlashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Zamonaviy jarrohlik usullarini amaliyotga joriy etish, murakkab operatsiyalarni mamlakatimizda bajarish va tibbiy xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Milliy tibbiyot markazi mutaxassislari tomonidan mamlakatimiz tibbiyoti tarixida ilk bor bilak-kaft bo‘g‘imini endoprotezlash bo‘yicha noyob jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirilgani ana shu ezgu maqsadlar ro‘yobi bo‘ldi.
Mazkur murakkab operatsiya markazning tajribali ortoped-jarrohlari jamoasi tomonidan, tibbiyot fanlari doktori Roshan Asvar boshchiligida o‘tkazildi. Bemor avtohalokat oqibatida bilak suyagining og‘ir, maydalanib ketgan sinish jarohatini olgan bo‘lib, natijada bo‘g‘imning tabiiy funksiyasi deyarli yo‘qolgan, qo‘l harakati keskin cheklangan edi.
Jarrohlik amaliyoti davomida shikastlangan bilak-kaft bo‘g‘imi zamonaviy, yuqori sifatli endoprotez bilan almashtirildi. Yuqori aniqlikdagi tibbiy uskunalar va puxta rejalashtirish asosida bajarilgan operatsiya natijasida bemorda qo‘l harakatini tiklash, og‘riqni kamaytirish hamda kundalik hayot sifati yaxshilanishi uchun mustahkam zamin yaratildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bilak-kaft bo‘g‘imi endoprotezlash amaliyoti ortopediya va travmatologiya sohasidagi eng murakkab yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Zero, ushbu bo‘g‘im inson qo‘lining nozik va murakkab harakatlarini ta’minlaydi. Shu bois, bunday operatsiyalar yuqori malaka, zamonaviy texnologiyalar va katta tajribani talab etadi.
Mazkur amaliyot Markazda yuqori texnologiyali jarrohlik yo‘nalishlari izchil rivojlanayotganining yana bir amaliy isboti bo‘ldi. Ilgari faqat xorijiy klinikalarda bajarilgan ayrim murakkab operatsiyalarning endilikda yurtimizda amalga oshirilayotgani fuqarolarga ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflamasdan, sifatli tibbiy yordam olish imkonini yaratmoqda.
Bilak-kaft bo‘g‘imini endoprotezlash bo‘yicha ilk amaliyotning muvaffaqiyatli o‘tkazilgani milliy tibbiyotimiz uchun katta yutuq, shifokorlarimizning bilim va mahorati yuksalayotganining yorqin ifodasidir. Eng muhimi, ushbu muvaffaqiyat inson salomatligini asrash, hayot sifatini yaxshilash va zamonaviy tibbiy xizmatlarni aholiga keng joriy etish borasidagi islohotlarning amaliy samarasi hisoblanadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA