Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot xodimlarining oylik maoshi 15 foizgacha oshiriladi
17:42 / 2022-03-28

Rivojlangan davlatlar tajribasidan ma’lumki, mamlakat taraqqiyoti eng avvalo insonlarning birlamchi ehtiyoji bo‘lgan salomatlik bilan bog‘liq.

Shu bois davlatimiz rahbari bu masalaga alohida e’tibor qaratib, sohani izchil rivojlantirib kelmoqda. Jumladan, hududlarga amalga oshirilgan har bir safarlari davomida doimiy ravishda tibbiyot maskanlariga tashrif buyurib, aholi salomatligi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishadi.

Shuningdek, xorijiy yetakchi davlatlarga amalga oshirilgan tashriflar doirasida ham rivojlangan davlatlarning tibbiyot sohasida qo‘lga kiritilgan yutuqlarni mamlakatimiz tibbiyot sohasiga keng joriy qilish borasida ham bir qator tashabbuslar ko‘rsatib, hamkorlik shartnomalarini imzolab kelmoqda.
Ammo, o‘tgan vaqt davomida har bir sohadagi o‘zgarishlarni amalga oshirishda aholimiz fikrini tinglash asosiy vazifa bo‘lib shakllandi. Joriy yilning 18 mart kuni davlatimiz rahbari mamlakatimiz tarixida ilk bor tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuvga tayyorgarlik jarayonida shifokorlar, hamshiralar, soha olimlari hamda yurtdoshlarimiz tomonidan 25 mingdan ziyod murojaat va takliflar bildirildi. 8 mingdan ortig‘i shaxsiy murojaatlar bo‘lib, ayni kunda ushbu fuqarolar murojaatlarini ijobiy hal etishga qaratilgan ishlar boshlab yuborilgan. 17 mingdan ortiq tizimga oid masalalar yechimi esa davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yettida yo‘nalish doirasida belgilab berildi.

Bular, birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, tez tibbiy yordamni rivojlantirish, tibbiyot muassasalarining sharoitini yaxshilash, soha xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, shifoxonalarni malakali kadrlar bilan ta’minlash, jamiyatda sog‘lom turmush madaniyatini oshirish, hamda kasalliklarning oldini olishga qaratilgan ustuvor maqsadlardir.

Ushbu yo‘nalishlar doirasida 2 mingdan ziyod olis mahallalarda tibbiyot punktlari tashkil etiladi. «Qishloq shifokori» dasturi yanada takomillashtirilib, chekka hududlarda faoliyat olib borayotgan shifokorlarning oylik ish haqiga 2 million so‘mdan qo‘shimcha ustama to‘lanib, ularga uy-joy sotib olishida ko‘maklashiladi. Bunday olis hududlarda uzluksiz uch yil ishlagan shifokor klinik ordinaturaga imtihonsiz qabul qilinadi. 

Shuningdek, tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash, ularni aholiga yanada yaqinlashtirish uchun alohida dastur qabul qilinib, «103» tez tibbiy yordam xizmati respublika, viloyat, shahar va tuman darajasida yagona boshqaruv tizimiga birlashtiriladi. Tez yordam tuman yoki viloyat chegarasiga qarab emas, balki bemorgacha masofaning yaqinligiga qarab xizmat ko‘rsatadi. Bu o‘zgarish minglar olis hududlardagi qishloq va ovullar fuqarolarini qiynab kelayotgan tibbiy xizmatdan foydalanishdagi muammolarini hal etadi. 

Sababi hozirgi amaliyotda fuqarolarga tez tibbiy yordam mashinasi yaqinligiga qarab emas, biriktirilgan hududiga qarab xizmat ko‘rsatganligi bois, tez tibbiy yordamning yetib kelish vaqti uzoq muddatni talab etib kelayotgan edi. Shuningdek, 2022-2025 yillarda tez tibbiy yordam tizimidagi barcha eskirgan mashinalar zamonaviy avtomobillarga almashtiriladi.

2022 yil 1 iyundan boshlab esa, tibbiyot xodimlarining oylik maoshi malaka toifasiga qarab 15 foizgacha oshiriladi. Yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokorlarga esa yana 25 foiz miqdorida ustama to‘lanadi. Barcha tibbiyot xodimlari uchun dastlabki va davriy kasbiy tibbiy ko‘rik bepul o‘tkaziladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, inson salomatligi 19 foiz tashqi muhitga, 20 foiz genetik omillarga, 9 foiz sog‘liqni saqlashni tashkil etish va 52 foiz turmush tarziga bog‘liq. Shu bois uchrashuvda oltinchi yo‘nalish — jamiyatda sog‘lom turmush madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ya’ni davlatimiz rahbari sog‘lom turmush tarzi orqali, kasallikning oldini olishga e’tiborni kuchaytirish, ortiqcha vaznga yo‘l qo‘ymaslik, to‘g‘ri ovqatlanishga amal qilish, jismoniy faollikni oshirish, zararli odatlardan voz kechish va ular natijasida infarkt, insult, qandli diabet, onkologiya kabi kasalliklarning oldini olish ko‘rsatkichlarini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratdi.

Ushbu jarayonlar bo‘yicha ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan tibbiyot xodimlari har chorakda mukofotlanishi, yil yakunida esa, har bir viloyatda eng yaxshi natija ko‘rsatgan poliklinikaga mukofot va sovg‘alar topshirilishi hamda o‘z mahallasida sog‘lom turmush tarzini tunu kun targ‘ib qilgan, bu borada shaxsiy namuna bo‘lgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari uchun alohida «Xalq salomatligi posboni» ko‘krak nishoni ta’sis etilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, tibbiyot tizimda ajratilgan mablag‘ni bevosita bemorga sarflash tamoyili joriy qilishga alohida e’tibor qaratilib,tibbiy sug‘urta tizimi yil yakuniga qadar Sirdaryo viloyatida, kelgusi yillarda barcha hududlarda yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.

Albatta, ushbu uchrashuvda ilgari surilgan tashabbus va takliflar hamda belgila berilgan vazifalar biz parlament vakillari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Shu boisdan, endilikda har bir hududda tibbiyot sohasi rivoji va fuqarolar salomatligi borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni tizimli nazorat qilish orqali ko‘zlangan maqsadga erishiga astoydil harakat qilamiz. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini joriy etish, ularda tibbiy madaniyatni yanada yuksaltirish kundalik faoliyatimizdagi ustuvor vazifa bo‘lib xizmat qiladi.

Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati