Xovos tumanida tibbiyot xodimlarining mehnat huquqlari buzilgani bo‘yicha adliya idoralari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasida qonunbuzilish holatlari bartaraf etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Xovos tuman tibbiyot birlashmasi reanimatsiya bo‘limining navbatchi hamshirasi N. Shermatova va jarrohlik bo‘limi navbatchi hamshirasi Sh. Jo‘rayeva 2025 yil 21 avgust kuni malaka oshirish kurslariga yuborilgan bo‘lsa-da, ularga o‘rtacha ish haqi to‘lanmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 256-moddasida ish haqi to‘lanadigan holatlar aniq belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, Kodeksning 370-moddasi 3-qismiga ko‘ra, ish beruvchi xodimni qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida uning ish joyi va o‘rtacha ish haqi saqlab qolinishi shart.
Biroq o‘rganish jarayonida tibbiyot birlashmasi tomonidan mazkur talablarga amal qilinmagani aniqlandi. Bu holat xodimlarning mehnat huquqlari buzilishiga sabab bo‘lgan.
Shu munosabat bilan Xovos tuman adliya bo‘limi xodimlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida tibbiyot birlashmasi rahbariyatiga taqdimnoma kiritdi.
Adliya organlarining tezkor aralashuvi natijasida, xodimlar foydasiga 5 million 16 ming 422 so‘m miqdoridagi o‘rtacha ish haqi undirilib, ularning mehnat huquqlari to‘liq tiklandi.
– Mehnat huquqlari — fuqarolarning eng asosiy konstitutsiyaviy kafolatlaridan biri. Har bir ish beruvchi mehnat qonunchiligi talablariga qat’iy rioya qilishi shart. Malaka oshirish yoki qayta tayyorlash davrida xodimning ish joyi va o‘rtacha ish haqini saqlab qolish — ish beruvchining qonuniy majburiyatidir. Bunday masalalarda adliya organlari xodimlar manfaatlarini himoya qilishda doimo tashabbuskorlik bilan ishtirok etadi, – deydi Xovos tuman yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i Javohir Komilov.
G‘ulom Primov, O‘zA