Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatda faoliyat yuritayotgan OAV vakillari uchun G‘uzor tumanlararo qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markaziga press-tur tashkil etildi.
Prezidentimizning 2021 yil 26 iyuldagi “Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida viloyatning G‘uzor, Kasbi tumanlari va Shahrisabz shahrida tumanlararo qo‘shma shikastlanish hamda o‘tkir qon tomir kasalliklari markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumanida ham ana shunday markaz ochilishi rejalashtirilgan.
Xo‘sh, bunday markazlar aholiga qanday qulayliklar yaratadi? Jumladan, bunday markazlarda qo‘shma shikastlanishlar hamda o‘tkir qon-tomir kasalliklari bilan tibbiy yordamga muhtoj bemorlarga shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish, o‘tkir hamda surunkali buyrak yetishmovchiligi mavjud bemorlarga gemodializ xizmatini ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Ushbu kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar viloyatga yoki boshqa shifoxonalarga sarson bo‘lmaydi. Masalan, o‘tkir va surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rigan bemorlar ba’zan har uch-to‘rt kunda gemodializ xizmatidan foydalanishi kerak. Ilgari viloyatda bunday xizmatlar viloyat markazidagi sanoqli shifoxonalarda bo‘lgan.
Markaz faoliyati bilan tanishar ekanmiz, u yerdagi MSKT, gemodializ, laparaskop singari zamonaviy tibbiy uskunalar borligidan bemorlarning nihoyatda mamnun ekanligini guvohi bo‘ldik.
–70 yoshdaman, – deydi dehqonobodlik Yuldosh bobo Aliboyev. – Buyrak faoliyatim buzilganiga 15 yildan oshdi, 4 yildan buyon gemodializ apparatiga qatnayman. G‘uzor tumanida mana shunday markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgani bizga o‘xshagan bemorlar uchun nihoyatda yaxshi bo‘ldi. Ilgari uzoq masofa bosib Qarshi shahriga qatnardim. Endi esa masofalar teng yarmiga qisqardi. Bundan juda minnatdormiz.
G‘uzordagi tumanlararo markaz barcha kerakli zarur uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, aholiga kunu tun tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Markazda hozirgacha 13 milliard 881 million 750 ming so‘mlik apparatlar olib kelingan. Bu yerda 52 nafar shifokor, 350 nafar o‘rta tibbiyot xodimi va 137 nafar orastabon faoliyat yuritmoqda va bugungi kunga qadar jami 4925 nafar bemor ularning xizmatlaridan foydalangan. Bundan tashqari, markazda miniinvaziv laparoskopik operatsiyalar qilish shu yil fevral oyidan yo‘lga qo‘yildi. Shu kungacha kam jarohatlik laparoskopik operatsiyalar 18 nafar bemorda amalga oshirildi.
Press-tur doirasida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Bobur Teshayev ishtirokida tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023 yilning 1-choragida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha matbuot anjumani tashkil etildi.
Qayd etilishicha, ayni paytda milliy tibbiyot tizimida ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Mas’uliyatni his etib, mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlari elning duosini olyapti, obro‘-e’tibor qozonyapti. Ammo, ming afsuski, tizimda o‘zlarining qing‘ir ishlari bilan “oq libosiga dog‘ tushirayotganlar” ham uchrab turibdi. Ular aholining sohaga bo‘lgan ishonchi, hurmatiga putur yetkazmoqda.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi muassasalarda korrupsiyani keltirib chiqarayotgan sabablarni bartaraf etish, ayniqsa, byudjet mablag‘lari xarajati jarayonida inson omilini kamaytirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, sog‘liqni saqlash muassasalarida moddiy-ta’minot xizmati tizimini o‘zgartirish, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan bir qator tadbirlar tashkil etilmoqda. Xususan, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi apparatidan tortib, eng quyi bo‘g‘inidagi vakilini va xususiy tibbiyot muassasalari xodimlarini qamrab oluvchi sohalar kesimida jinoyatlarning oldini olish hamda ularga imkon beruvchi sabab hamda shart-sharoitlarni tahlil qilish bo‘yicha bir qator tadbirlar amalga oshirildi.
Boshqarma boshlig‘ining ta’kidlashicha, tahlil natijalari barcha soha xodimlari hamda tegishli idoralar vakillari ishtirokida boshqarma, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari, davolash profilaktika muassasalarining kengaytirilgan yig‘ilishlarida tanqidiy muhokama qilinmoqda. Shunday kengaytirilgan yig‘ilishlardan biri 2023 yil 24 mart kuni o‘tkazilgan. Unda Kitob tumani tug‘uruq bo‘limida sodir etilgan, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan tamagirlik holati batafsil muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilangan. Mazkur holatda shifokor va doya hamshiradan tortib bo‘lim boshlig‘i va tuman tibbiyot birlashmasi rahbari vazifasini bajaruvchisigacha ishdan bo‘shatilgani, shuningdek, huquq-tartibot idoralari tomonidan holat o‘rganilayotganligi qayd etildi. Mazkur yig‘ilishlarda bunday illatlarning oldini olish uchun jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ayniqsa, davlat xaridlari, pullik xizmat, ishga qabul qilish masalalarida ochiqlikni ta’minlash, “Ustozlar kengashi” faoliyatini takomillashtirish zarurligi alohida qayd etildi.
[gallery-11205]
– Oppoq qog‘ozga qora qalam bilan bir nuqta qo‘yib, kimgadir ko‘rsatsangiz, u eng avvalo kattakon oq qog‘ozni emas, o‘sha mitti dog‘ni ko‘rganini aytadi, – deydi Bobur Teshayev. – Xulosa o‘rnida, tibbiyotdagi korrupsiya ham o‘sha qora doqqa o‘xshaydi. Ana shunday noxush holatlar ham o‘nlab qilingan xayrli ishlarga soya soladi. Aslida bu illat barcha soha uchun begona emas, ammo bemorning davosiga emas, cho‘ntagiga ko‘z tikadigan tibbiyot xodimining jirkanch qilmishi eng katta xiyonatdir.“Tibbiyot xodimlariga xalq ishonishi, ular esa xalqni ishontira olishi kerak”, deb ta’kidlagan edi Prezidentimiz. Bu ishonchga munosib bo‘lish uchun ular soha fidoyilaridan ibrat olib, halollikni shior qilgan holda o‘z faoliyatlariga vijdonan yondashishlari zarur.
Boshqarma boshlig‘i anjumanda jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA