Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari uchun Zomin milliy tabiat bog‘iga sayohat tashkil etildi. Ushbu tashrif tibbiyot xodimlarining samarali dam olishi, ularning ish unumdorligi va kasbiy motivatsiyasini oshirish maqsadida, zamonaviy ekoturizm imkoniyatlaridan foydalangan holda amalga oshirildi.
– Zomin milliy tabiat parki va Zomin davlat qo‘riqxonasi nafaqat tabiiy boyliklarga, balki inson salomatligi uchun bebaho ekomuhitga ega, – deydi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti hududiy bo‘limi boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Hamshiralar Assotsiatsiyasi Sirdaryo viloyati bo‘limining raisi Tojixon Gaforova.

– Bu yerdagi ekologik turizm imkoniyatlari – toza havo, tabiat bag‘rida dam olish, ham ruhiy, ham jismoniy sog‘lomlashuvning muhim omilidir. Ayniqsa, tibbiyot xodimlari uchun bunday dam olish tadbirlari ijobiy psixologik muhit yaratishga xizmat qiladi.
– Zomin kabi go‘zal maskanlardagi ekosayohatlar insonni nafaqat tabiatga, balki xotirjamlikni his etadigan muhitga olib kiradi. Toza havo, baland tog‘lar, tabiat bag‘ridagi hordiq – biz kabi aholi salomatligi uchun mas’ul bo‘lgan mutaxassislar uchun juda zarur. Bunday tashabbuslar xodimlarning baland kayfiyatda faoliyat olib borishlarida muhim ahamiyatga ega, – deydi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining bosh mutaxassisi Yusuf Mirxonov.

– Zomindagi ekoturizm infratuzilmasi so‘nggi yillarda tubdan yangilandi. Yuqori sifatli dam olish maskanlari, keng qulaylikka ega oromgohlar, toza ichimlik suvi va tibbiy xizmatlar – bularning barchasi kasb fidoyilari uchun katta imkoniyatdir. Shu bilan birga, kabel-yo‘l, ekologik marshrutlar, zamonaviy yo‘llar va transport xizmatlari – sohaga davlat miqyosidagi jiddiy e’tibor natijasidir, – deydi Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Yorbek Mamanazarov.

Zomin tog‘ tizmalari bag‘rida joylashgan milliy bog‘ va davlat qo‘riqxonasi hududida tibbiyot xodimlari tabiat bag‘rida hordiq chiqarish, piyoda sayrlar uyushtirish, toza havoda nafas olish, balandlikdagi go‘zal manzaralardan bahra olish hamda ekosayohat infratuzilmasidan foydalanish imkoniga ega bo‘ldilar.
Sayohat doirasida “Suffa platosi” kabi baland nuqtalarga kabel-yo‘l orqali ko‘tarilish, go‘zal manzaralar va tabiat bag‘ridagi tinch muhitda ma’naviy va jismoniy dam olish imkoni yaratildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri