Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot xodimlari sharaflandi
10:14 / 2025-11-10

Mamlakatimizda har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi – tibbiyot xodimlari kuni sifatida ko‘tarinki ruhda nishonlash ezgu an’anaga aylangan.

Namangan shahridagi “Shodiyona” tantanalar majmuasida ushbu sana munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali bayram tadbiriga viloyatdagi sog‘liqni saqlash tizimida faol mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlari, soha faxriylari, yosh mutaxassislar taklif qilindi.

Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov aholi salomatligi yo‘lida halol va sidqidildan ishlayotgan barcha tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklab, keyingi yillarda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini xalqaro andozalarga moslashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlar tobora kengayayotganligini e’tirof etdi. 

Qayd etish joizki, xalqimiz salomatligini ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar orqali “Inson qadri – eng oliy qadriyat” tamoyilining amaliy ifodasi yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Bugungi kunda Namangan viloyatida 800 dan ziyod tibbiyot muassasalari bo‘lib, ularning 242 tasi davlat va 569 tasi esa xususiy sektor ulushiga to‘g‘ri keladi. Sohada 50 mingga yaqin shifokor, hamshira va kichik tibbiyot xodimlari elimizga sadoqat bilan xizmat qilmoqda.

Prezidentimizning tegishli qarori bilan kelgusi yilning oktyabr oyidan Namangan viloyati tibbiyot tizimi davlat tibbiy sug‘urtasi asosida xizmat ko‘rsatishga o‘tadi. Bunga hozirdan puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda: tibbiyot muassasalari sharoitlari yangilanmoqda, moddiy-texnik baza mustahkamlanmoqda, xodimlarning malakasi oshirilmoqda. Shuning barobarida, “DMED” axborot tizimini joriy etish ishlari yakunlanmoqda. Buning natijasi o‘laroq, tibbiy xizmat darajasi zamon talablari va jahon standartlariga mos bo‘ladi.

Tizimda kadrlar zaxirasini to‘ldirish, tibbiyot xodimlarining kasbiy mahoratini yuksaltirish viloyatda ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shu yilning o‘zida o‘nlab shifokorlar Yevropa davlatlari, Hindiston, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi kabi xorijiy mamlakatlarda tajriba almashib, bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlab qaytdilar. Yaqinda Namangan shahri mezbonlik qilgan “Travmatologiya va ortopediya muammolarini hal qilishda yangi yo‘nalishlar” nomli xalqaro konferensiya esa shifokorlar uchun katta ilmiy va amaliy tajriba bo‘ldi. 

Tantanali tadbirda sohada ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy usullarni amaliyotga keng tatbiq etish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, aholi salomatligini muhofaza qilish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini mustahkamlash borasidagi ko‘p yillik samarali mehnatlari uchun bir guruh faollar Namangan viloyati hokimining “Faxriy yorlig‘i” hamda “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash a’lochisi”, “Vatan iftixori”, “Yuksak ehtirom” va “Eng yaxshi xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandilar.

– Tibbiyot xodimi bo‘lish, nihoyatda mas’uliyatli va shu bilan birga sharaflidir, – deydi Namangan shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi hamshirasi Gulnoza Husanova. – Bunga oxirgi o‘n yil ichida kechgan patronaj hamshirasi sifatida ishim davomida amin bo‘ldim. Oilada tibbiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi kamtarona mehnatlarim baholanib, “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash a’lochisi” nomiga munosib ko‘rilganimdan bag‘oyat minnatdorman. 

Bayram tadbirida maxsus video rolik namoyish etildi va taniqli san’atkorlar ijrosidagi konsert dasturi tadbirga ko‘tarinkilik bag‘ishladi. 

Oqilxon Dadaboyev,

Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA