Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot xodimlari sharaflandi
15:39 / 2025-11-08

Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Oqsaroy” tantanalar maskanida Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

Unda so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, uni jahon talablari darajasiga ko‘tarish va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.  

Ta’kidlanganidek, aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarining bilimi va kasb mahoratini oshirish, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar bugun o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

– Bundan 4-5 yil oldin viloyatimizda 130 taga yaqin birlamchi tibbiy yordam muassasalari faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ular 2,5 baravarga oshirildi. Birgina joriy yilning o‘zida viloyatda yangidan 8 ta oilaviy shifokorlik punkti, 6 ta oilaviy poliklinika hamda 116 ta mahalla tibbiyot punkti faoliyati yo‘lga qo‘yildi, – deydi Navoiy viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Nurali Safoyev. – “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar vaqti” loyihasi doirasida muassasalarda qulay harakatlanish, binolarning yoritish tizimi yaxshilandi. To‘siqsiz ro‘yxatxona va kutish zallari tashkil etilib, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida statsionar yotoq o‘rinlari shoshilinch hollarda foydalaniladigan chaqiruv tugmalari bilan jihozlandi. Binolarni nogironlar va harakati cheklangan shaxslar uchun qulaylik yaratuvchi maxsus moslamalar bilan jihozlash natijasida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yanada yaxshilandi.

Mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan tibbiyot muassasalari 1200 tadan ortiq zamonaviy kompyuter texnikalari bilan ta’minlanib, ularning raqamlashtirish imkoniyatlari kengaytirildi. Shuningdek, joriy yilda 27 ta ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, ularning moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadlariga 66 milliard so‘mlik mablag‘ yo‘naltirildi. Bu o‘tgan 2024 yilga nisbatan 20-25 foizga ko‘p demakdir.  

So‘nggi ikki yilda 250 nafar shifokor xorijiy davlatlarda malaka oshirib keldi. Yangi davolash va tekshiruv usullari yo‘lga qo‘yilib, chet el tajribasini viloyatda tatbiq etish orqali tibbiy xizmat sifatini oshirishga erishilmoqda.

[gallery-26155]

Birgina joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 3 ming 301 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Shuningdek, 54 nafar bolada yurak tug‘ma nuqsonlarini bartaraf qilish bo‘yicha jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilib, ular sog‘lom hayotga qaytarildi.  

Tadbirda tizimda mehnat qilayotgan bir guruh faollarga faxriy yorliq, tashakkurnoma va “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” esdalik nishoni hamda sovg‘alar topshirildi.  

San’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar esa davraga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri