Buxoroda tibbiyot xodimlarining kasb bayrami keng nishonlandi. Unda viloyatdagi tibbiyot muassasalari xodimlari, soha fidoyilari hamda faxriylar ishtirok etdi. Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov soha xodimlarini kasb bayrami bilan qutladi.
Tantanali tadbirda ta’kidlanganidek, ayni kunda viloyat sog‘liqni saqlash tizimida 714 ta xususiy tibbiyot muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi, joriy yilda 70 ta davlat tibbiyot muassasalarining qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun umumiy qiymati 184 milliard 359 million so‘m mablag‘ ajratilib, ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi.

Viloyat Endokrinologiya binosini qurish uchun 47 milliard so‘m mablag‘ sarflangan bo‘lib, mahalliy va respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan yana 6,5 milliard so‘mlik zarur tibbiy asbob-uskunalar va jihozlar xarid qilindi. Dispanserda bir vaqtning o‘zida 120 nafar bemorga statsionar hamda 100 nafar bemorga ambulatoriya yordam ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.

Ayniqsa, Shofirkon tumani aholisi tomonidan uzoq yillar orziqib kutilgan, zamonaviy talablarga javob beradigan, barcha shart-sharoit yaratilgan Markaziy kasalxona foydalanishga topshirilgani, shuningdek, kelgusi yilda 54 ta tibbiyot inshootida qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun umumiy qiymati 121 milliard 95 million so‘m mablag‘ moliyalashtiriladi.

Joriy yil o‘tgan davri mobaynida 12 mingdan ortiq yuqori texnologik operatsiyalar amalga oshirildi. Bu orqali bemor oilalarining poytaxt yoki boshqa shaharlarga borib tibbiy xizmat olish zaruriyati uch baravarga kamayishiga erishildi. Shu davrda aholini bepul dori-darmon vositalari bilan ta’minlash maqsadida qiymati 98 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.

Tadbirda joriy yilning o‘tgan davrida samarali va sifatli, halol va pok, xalqqa beminnat xizmat ko‘rsatib kelayotgan 8 nafar tibbiyot xodimiga “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni, ish faoliyatida alohida o‘rnak ko‘rsatgan yana bir guruh soha fidoyilariga viloyat hokimligining tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Tantanali tadbir viloyat san’at ustalari va yosh estrada xonandalarining konsert dasturi bilan yanada fayzli kechdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.