Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot xodimlari dardini kimga aytsin yoxud «yopdi-yopdi» qilinayotgan holatlar...
12:33 / 2021-12-14

Koronavirus balosining insonlar gardaniga tushayotgan yuki hali poyoniga yetib ulgurmay, biz yana oq xalatli xaloskorlarning qadriga yetishni unutib qo‘ydik. Ularni e’zozlashni, mehnatiga yarasha haq to‘lashni kanda qildik.

 Bugun mamlakatimiz bo‘ylab faoliyat yuritayotgan o‘rta tibbiyot xodimlarining xizmatiga yarasha munosib haq olishini qoniqarli darajada deb aytolmaymiz. So‘rovnomalar natijasida aniqlanishicha, yurtimizda faoliyat olib borayotgan aksariyat o‘rta tibbiyot xodimlarining maoshi eng kam ish haqining 1 baravari atrofida.  (Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, joriy yil 1 sentyabrdan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 822.000 so‘m etib belgilangan edi.) O‘z-o‘zidan ma’lumki, bu maosh oiladagi xarajatlarni qoplashga yetmaydi. So‘rovnomada qatnashgan hamshiralar shu masalada shikoyatlarini izhor etishar ekan, ularning maoshi masalasini o‘rtaga ko‘ndalang qo‘yish kerakligini his etish mumkin. QVP (Qishloq vrachlik punkt)larida mehnat qilayotgan o‘rta tibbiyot xodimlari esa tungi navbatchilikka qo‘yilib, ammo buning uchun bir tiyin qo‘shimcha haq berilmasligi ayon bo‘ldi. Bu holat ayniqsa, Sirdaryo viloyatida ko‘p kuzatilmoqda.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi – "Yil boshida davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘lar qaysi sohalarga, qanchadan yo‘naltirilayotgani keng jamoatchilik e’tiboriga havola etilgandi. Unga ko‘ra, sog‘liqni saqlash sohasiga 19,6 trln. so‘m mablag‘ ajratilgan. Ko‘rinib turibdiki, davlat byudjetining kattagina miqdori shu sohaga yo‘naltirilgan. Ammo ... Bemorlarni da’volashda mehnati eng ko‘p singadigan o‘rta tibbiyot xodimlarining maoshi ozligiga e’tibor qaratilmayapti, afsuski yoki chekka-chekka qishloqlarda tungi navbatchiliklarda turib, buning evaziga bir tiyin ololmayotgan hamshiralar kimga dodini aytsin?! Sal ovozini chiqarsa, tepada o‘tirgan ko‘plab «xo‘jayinlar»i bor. Tuman tibbiyot birlashmalarining bosh shifokorlari bunga yo‘l qo‘yisharmidi?! 

Afsus … har doimgidek ularning dardi ichida. Biror sas eshitilsa, zumda «yopdi-yopdi» qilishga urinishadi. Albatta, qo‘l ostida bu kabi xodimlari ko‘p bo‘lgan, ko‘ngliga kelgan ishni qilib o‘rganib qolgan, korrupsiyaga botgan yuqoridagi amaldorlar o‘zlari million-million maoshlarni olayotganda, shu qora ko‘zlarning ham ro‘zg‘ori borligi, oilasi uchun jon-jahdi bilan harakat qilib kasalxona eshigida umr o‘tkazishlarini his etisharmikin?..  

 

Mehriniso BOBONAZAROVA,
«Adolat» SDP Toshkent shahar Kengashi matbuot kotibi