Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot xodimlari bilan “Ochiq muloqot”ning mantiqiy davomi bo‘lgan uchrashuv
22:57 / 2022-10-26

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 oktyabr kuni Toshkent shahridagi bir qator tibbiyot muassasalari faoliyati bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari dastlab Uchtepa tumanidagi 22-oilaviy poliklinikani borib ko‘rdi.

Uch qavatli ushbu zamonaviy muassasa 19 ta mahalladagi 56 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatadi. Buning uchun bolalar hamda fizioterapiya bo‘limlari, kunduzgi statsionar, mutaxassislik xonalari va laboratoriyalarda zarur sharoit yaratilgan. Shu yil 18 martdagi «ochiq muloqot»da berilgan topshiriqqa ko‘ra, bu poliklinikaga ham zamonaviy fizioterapiya uskunalari keltirib o‘rnatilgan.

Shuningdek, bepul tarqatiladigan dorilar xonasi, shifokor qabulidan oldingi ko‘rik xonasi tashkil etilgan. 65 nafar shifokor va ko‘plab hamshiralar bemorlar dardiga darmon bo‘layotir.

Davlatimiz rahbari poliklinikadagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, tibbiyot xodimlari bilan suhbatlashdi.

– Tibbiyot – yoshu qari, hammaga daxldor eng katta davlat xizmati. Shuning uchun bu sohaga doimiy e’tibor qaratib kelyapmiz. Birlamchi bo‘g‘inni «pastga tushirish»ga harakat qilyapmiz. Albatta, o‘zgarish bor: yangi shifoxonalar ochilyapti, poliklinikalar jihozlanyapti. Lekin hali yetib borilmagan xonadonlar ham bor. Malakali tibbiy xizmatlarning har bir oilaga kirib borishini ta’minlash, bunda ehtiyojmand insonlarga alohida yondashish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muloqotda aholining tibbiy madaniyatini oshirish, kasalliklarning oldini olish masalalari haqida so‘z bordi.

– Ko‘p hollarda kasallikni insonning o‘zi keltirib chiqaradi: kam harakat bo‘ladi, to‘g‘ri ovqatlanmaydi, sog‘lig‘iga qaramaydi. Buni birlamchi bo‘g‘in keng tushuntirishi kerak. Aholini dori bilan emas, profilaktika bilan sog‘lomlashtirish zarur. Odamlarning o‘z sog‘lig‘iga e’tiborini kuchaytirish, skrining tekshiruvlarini muntazam o‘tkazib borish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu yerda sayyor tekshiruvlarda foydalaniladigan maxsus transportlar ham ko‘zdan kechirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida barpo etilgan yangi xirurgiya majmuasi faoliyati bilan tanishdi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi ko‘p tarmoqli bo‘lib, u shoshilinch tibbiy yordamning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha, shu jumladan, kattalar va bolalar uchun jarrohlik, terapevtik, pediatrik, kuyish-toksikologik hamda favqulodda va ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatadi. Rossiya, Turkiya, Avstriya, Germaniya, Finlyandiya, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlar bilan ilmiy hamkorlik olib borilmoqda.

Yangi xirurgiya majmuasida kardiojarrohlik, transplantologiya, neyro-qon tomir jarrohligi va reanimatsiya bo‘limlari faoliyat yuritadi. Ularda yiliga 3 ming nafargacha bemorga yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Shu yerda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, joriy yil 18 mart kuni davlatimiz rahbari tibbiyot xodimlari bilan “ochiq muloqot” o‘tkazgan edi. bugungi yig‘ilish o‘sha muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Prezidentimiz so‘zining avvalida sohada qilingan ishlar va ularning mohiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, joriy yilda yangi 106 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinika, mingta mahalla tibbiyot punkti tashkil etilgan. Bu orqali 3,5 million nafar aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtirilgan.

Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida aholining kafolatlangan bepul tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyoj balansi ishlab chiqildi. “Tibbiyot brigadalari”ga qo‘shimcha 3 ming 600 ta pediatriya hamshirasi va doya shtatlari ajratildi.

Oilaviy shifokorlar tomonidan bepul tarqatiladigan dorilar 45 turdan 70 turga yetkazildi. Bunga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi esa o‘tgan yilga nisbatan 3 baravar oshirildi.

Shuningdek, 820 ta birlamchi tibbiyot muassasasiga tashxis uskunalari yetkazib berildi.

Oilaviy poliklinikalarda 19 mingdan ziyod kunduzgi shifo o‘rinlari tashkil etildi. Buning natijasida 740 ming aholiga shifoxonaga bormasdan mahallaning o‘zida davolanish imkoniyati yaratildi.

10 milliondan ziyod 40 yoshdan oshgan aholining 70 foizi kardiologik va qandli diabet kasalligini erta bosqichda aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruvidan o‘tkazildi.

Yuqori texnologik operatsiyaga muhtoj 16 ming bemordan 3 ming 200 nafari viloyat va tumanlarning o‘zida davolandi.

Mamlakatimizda ilk bor order tizimi orqali 29 ta xususiy shifoxona bilan shartnoma imzolandi.

Tibbiyot xodimlari oyligi 30 foizgacha oshirildi. Shuningdek, shifokorlarga ish samaradorligi va natijasiga qarab tabaqalashtirilgan rag‘batlantirish va ustama to‘lovlari joriy etildi.

Umuman, joriy yilda tibbiyotga 28 trillion so‘m ajratilayapti. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,3 baravar ko‘pdir.

Yig‘ilishda hududlardagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Xususan, 272 ta mahallada tibbiyot punkti yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Qishloq shifokori” dasturi doirasida olis hududlar ro‘yxati 297 taga yetkazildi.

Bu dastur asosida 191 nafar shifokor ish boshladi. Masalan, Mo‘ynoqqa Farg‘ona, Samarqand va Xorazmdan shifokorlar ishga borgan. Lekin uzoq qishloqlarda yana 171 ta bo‘sh o‘rinni to‘ldirish zarur.

Xavf guruhiga kiruvchi 40 yoshdan oshgan aholini skriningdan o‘tkazish ayrim hududlarda sust bajarilgan.

Birlamchi bo‘g‘indagi dolzarb muammolardan yana biri bu – onalik va bolalikni muhofaza qilish masalasi. Yurtimizda 2010 yilgacha yillik tug‘ilish 600 ming atrofida bo‘lgan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 950 mingdan oshgan. Shu bois tug‘ruq o‘rinlari sonini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.

Shu yil 16 iyunda «Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida» Prezident qarori qabul qilingan edi. Bu orqali tez tibbiy yordamda chaqiruvga yetib borish vaqti 3 barobarga, xarajatlar 25 foizga qisqarishi reja qilingan. Andijon, Jizzax, Samarqand va Surxondaryoda bu yangi tizim ishga tushirilmoqda.

Lekin qolgan viloyatlarda qurilish ishlari boshlanmagan.

Respublika endokrinologiya, kardiologiya va xirurgiya markazlarining hududlardagi ishi qoniqarli emasligi qayd etildi. Shu bois, 23 ta ixtisoslashgan markaz, viloyat va vazirlik o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuzish taklifi ilgari surildi. Bunda markazlar hududlarda kasalliklarni erta aniqlash, yuqori texnologik davolash va ularni kamaytirish bo‘yicha, viloyat hokimlari shifoxonolarini yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha, vazirlik esa hududlarda yaxshi natija qilgan shifokor va markaz rahbarlarini rag‘batlantirish bo‘yicha majburiyat oladi.

Tibbiyot muassasalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash borasidagi sustkashliklar ham qayd etildi.

Yig‘ilishda shu kabi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha hokimlar va soha mutasaddilarining axboroti eshitildi.

Ixtisoslashgan markazlar rahbarlari va shifokorlar kasalliklarning oldini olish, davolash sifatini oshirish bo‘yicha takliflar bildirdi.

Bulardan kelib chiqib, Prezidentimiz mutasaddilarga qator topshiriqlar berdi.

Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligiga tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.

Bu yil 300 ta mahallada tibbiyot punktlari, kelgusi yil 140 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar tashkil etib, ularni jihozlash vazifasi qo‘yildi.

Tug‘ruq o‘rinlarini bosqichma-bosqich ko‘paytirish, mavjudlarining sharoitini yaxshilash, tug‘ma nuqsonlarning oldini olish, onalarni foydali dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ixtisoslashgan markazlarda yangi yuqori texnologik davolash usullari joriy etilishi, 640 ta tez yordam mashinasi xarid qilinishi aytildi.

Vazirlar Mahkamasiga hamshiralarni o‘qitish va malakasini oshirish, mehnatini rag‘batlantirish, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash masalalarini qamrab olgan qaror loyihasini tayyorlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbirlari