Surxondaryo viloyat sudi raisi Abulqosim Ro‘ziqulov tibbiyot muassasalarida bo‘lib, sog‘liqni saqlash tizimi xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining to‘ldirilgan yangi 1977-moddasi mazmun-mohiyatini tushuntirmoqda.

Ana shunday uchrashuvlardan biri viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasida bo‘lib o‘tdi. Davra suhbati shaklida tashkil etilgan tadbirda A.Ro‘ziqulov O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining to‘ldirilgan yangi moddasi shifokorlar va tibbiyot xodimlarining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni belgilab qo‘ygani bilan ahamiyatli bo‘lgani haqida atroflicha so‘z yuritdi. Qonunning qabul qilinishi qo‘shimcha bemorlar va ular yaqin qarindoshlarining tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish holatlari sodir etilayotgani bilan bog‘liqligini qayd etdi.
Kodeksning yangi to‘ldirilgan moddasi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilish va ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini olishga, shifokorlik kasbining maqomi hamda nufuzini oshirib, fuqarolarga o‘z vaqtida sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish samaradorligini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

— Shu paytgacha O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi amaldagi kodeksida xizmat vazifasini bajarayotgan tibbiyot xodimlariga nisbatan qonunga xilof ravishda turli shakllarda ta’sir o‘tkazganlik, tibbiyot xodimlarining tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’muriy javobgarlik belgilanmagan edi, – dedi viloyat sudi raisi. – Kodeksdagi to‘ldirilgan yangi moddaga ko‘ra, endilikda tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta’sir o‘tkazish – fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga – yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Tibbiyot xodimlarining qonuniy huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bu modda xalqimiz muallifligida yangilanayotgan Konstitutsiyamizga to‘la mos keladi. Jumladan, yangi tahrirdagi Bosh Qomusimizda inson huquq va erkinlari davlat tomonidan kafolatlanganlik darajasi yangi bosqichga olib chiqilmoqda.
Davra suhbatida yangilanayotgan Konstitutsiyamizga kiritilgan norma va moddalarning davlat tomonidan inson huquq, erkinliklarini muhofaza qilish, shaxsiy huquq va erkinliklari hamda ijtimoiy himoyani ta’minlashdagi ahamiyati to‘g‘risida ham atroflicha fikr almashildi.
Asqar Qudratov,
Surxondaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultanti