Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot xabarlari
13:55 / 2026-02-17

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti poliomiyelitning 2-turiga qarshi yangi vaksina(nOPV2)ni tasdiqladi.

Qayd etilishicha, ushbu vosita amaliyotga kiritilgach, mazkur kasallikning avj olishini cheklash mumkin bo‘ladi.  

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, og‘izga tomchi orqali qabul qilinadigan nOPV2 preparati amalda qo‘llanilayotgan muqobillariga nisbatan yuqori genetik barqarorlik va samaradorlikka ega. Yangi epidemiyalar paydo bo‘lishi xavfini kamaytiradi.

Shu ma’noda, yangi vaksinadan foydalanish ko‘plab mamlakatlarni poliomiyelitdan xoli hududlarga aylantirish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, poliomiyelit o‘tkir shol kasalligi bo‘lib, asab tizimi, ayniqsa, orqa miyani shikastlaydi. Asosan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga bu virusning yuqish xavfi yuqori hisoblanadi. Ba’zan falajlik va o‘lim holatlarini keltirib chiqarishi mumkin.

***

Milliy tibbiyot markazida navbatdagi hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda markaz bo‘limlari rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etib, 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar yuzasidan hisobotlar taqdim etildi.

Yig‘ilish davomida bo‘limlar faoliyati har tomonlama tahlil qilinib, erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va mavjud muammolar ham ochiq muhokama etildi. Ularni bartaraf etish, xizmatlar sifatini yanada oshirish va ichki tizimni takomillashtirish bo‘yicha aniq taklif hamda tavsiyalar bildirildi.

Shuningdek, 2026-yilga mo‘ljallangan ustuvor rejalar, yangi loyihalar va rivojlanish yo‘nalishlari belgilab olindi. Yig‘ilish yakunida kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilib, jamoaning oldiga aniq maqsadlar qo‘yildi.

***

Milliy tibbiyot markazining transplantolog mutaxassislari jamoasi rahbari A.Bobojonov boshchiligida Farg‘ona va Namangan viloyatlarida bepul tibbiy ko‘rik va maslahatlar tashkil etilmoqda.

Xususan, 16-18-fevral Farg‘ona viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida, 19-20-fevral Namangan viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida

soat 08:00 dan 18:00 gacha jigar sirrozi, jigarning yaxshi va yomon sifatli o‘smalari, o‘t yo‘llari kasalliklari, oshqozon osti bezi patologiyalari, qorin bo‘shlig‘i a’zolarining jarrohlik kasalliklari bo‘yicha konsultatsiyalar o‘tkazilmoqda.

Ma’lumot uchun,  +998 90 936 69 31 telefon raqamlari orqali oldindan ro‘yxatdan o‘tish mumkin.

Eslatib o‘tamiz,  transplantologlar jamoasi tomonidan o‘tkazilayotgan ushbu tibbiy ko‘riklar bepul.

***

Shuningdek, Milliy tibbiyot markazi mutaxassislari tomonidan yana bir xayrli ish yo‘lga qo‘yilmoqda. Gap shundaki, Ramazon oyi munosabati bilan bir  oy davomida bepul stomatologik maslahatlar beriladi.

Aksiya doirasida tish og‘rig‘i bezovta qilayotgan, profilaktik ko‘rikdan o‘tmoqchi yoki og‘iz bo‘shlig‘i salomatligi bo‘yicha maslahat olmoqchi bo‘lganlar qabul qilinadi.

Mohigul Qosimova, O‘zA