Prezidentimiz tomonidan malakali tibbiy xizmatni aholiga yanada yaqinlashtirish, xususan, uni mahallagacha tushirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Jumladan, 2025-yil 10-noyabr kuni tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan o‘tkazilgan uchrashuv natijalari asosida sohaga doir muhim vazifalar belgilab berildi.
Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlariga 37 banddan iborat vazifalar yuklatilgan bo‘lib, bugungi kunga kelib ularning ijrosi qanday bormoqda?
Sog‘liqni saqlash vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ana shu masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Tadbirda Prezident Administratsiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi mas’ullari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari, sohadagi tegishli muassasalar vakillari qatnashdi.
Unda qayd etilganidek, bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, 1-bandga ko‘ra, markazlarning yillik ish rejasi ishlab chiqilgan. Endilikda shu reja asosida olib borilayotgan sa’y-harakatlar bo‘yicha davriy ma’lumot taqdim etib borishni yo‘lga qo‘yish zarur.
Navbatdagi masala esa respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari rahbarlari va malakali mutaxassislarining hududlarga biriktirilishi bilan bog‘liq. Ayni paytda mutaxassislar joylarga borib, aksariyat holatlarda u yerda bajariladigan davolash-tashxislash usullarini birgalikda amalga oshiryapti. Bu to‘g‘ri emas.
Aksincha, ular hududlarda yo‘lga qo‘yilmagan, ammo shifoxonalar moddiy-texnik bazasi imkon beradigan yangi tashxislash-davolash usullari hamda operatsiyalar bo‘yicha master-klasslar o‘tkazishlari kerak. Bu orqali aholi o‘zi yashab turgan hududda malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniga ega bo‘lishi lozim.
Qolaversa, har bir ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazi mutaxassislari hududlarda eng ko‘p uchraydigan kasalliklarning kelib chiqish sababi va ularning oldini olish chora-tadbirlarini amalga oshirishlari kerak.
Bundan tashqari, qator tumanlarga zarur tibbiy jihozlar yetkazilganiga qaramay, ulardan foydalanish darajasi, afsuski, qoniqarli emas. Tibbiyot markazlaridan borgan mutaxassislar esa bunga e’tibor qaratishi va amaliy yordam berishi zarur.
Tadbirda oshqozon-ichak, onkologik, yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash, samarali davolash va aholi orasida buyrak xastaliklarini kamaytirish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar ham tanqidiy ko‘rib chiqilib, tegishli markaz mas’ullariga aniq topshiriqlar berildi.
Bir qator muassasalarda robot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangani va endilikda amaliy ishlarni tezlatish zarurligi aytildi. Binobarin, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari faoliyatida tashabbus va kreativ yondashuvlar yetishmayotgani afsus bilan qayd etildi.
O‘z navbatida, yig‘ilishda respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari rahbarlarining shu yil 19-21-yanvar kunlari Fransiyaga tashrifi doirasida o‘tkazilgan uchrashuv va erishilgan kelishuvlar bo‘yicha hisobotlari eshitildi.
Yakunda har bir vazifani o‘z muddatida, to‘liq va sifatli bajarish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Xususan, barcha markazlar zimmasiga shu yil oxirigacha o‘z mablag‘lari hisobidan yurtimizning har bir hududidan 2 nafardan mutaxassisni yuqori texnologik tibbiy xizmatlar bo‘yicha o‘qitish va malakasini oshirish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatildi.
***
Shuningdek, tajriba-sinov loyihasi doirasida Samarqandda amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi.
Prezidentimizning 2025-yil 19-maydagi tegishli farmoniga muvofiq, mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini yangi model asosida isloh qilish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Dastlab 15 ta tuman va shaharda tajriba-sinov loyihasi asosida yo‘lga qo‘yilgan ushbu amaliyot joriy yildan Samarqand viloyatining barcha hududlarini qamrab oldi.
Ayni kunlarda viloyat bo‘ylab tibbiyotni modernizatsiya qilishga qaratilgan amaliy ishlar qizg‘in davom etmoqda.
Albatta, hududda bu yo‘nalishda bir qancha ijobiy natijalar qo‘lga kiritilganini ta’kidlash o‘rinli.
Xususan, viloyatning barcha tuman va shaharlarida yangi model doirasida tibbiyot ob’ektlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, 347 ta birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasi tashkil etildi va 93,2 foiz aholining tibbiy ma’lumotlari DMED tizimiga kiritildi.
Raqamlashtirish maqsadida tibbiyot muassasalariga 4 mingdan ortiq kompyuter texnikasi va muhandislik qurilmalari o‘rnatildi. Biroq bu borada jiddiy o‘rganish va aniq yechimlarni talab qiladigan masalalar yo‘q emas.
Shu bois Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov viloyatning olis tumanlarida bo‘lib, yangi tizimni joriy qilish borasidagi ishlarni atroflicha o‘rgandi. Shundan so‘ng mas’ullar bilan muloqot o‘tkazdi.
– Viloyatda tegishli vazifalar ijrosi holati kuni kecha shtab yig‘ilishida batafsil ko‘rib chiqilgan edi, endi muammolarning asl sabablarini chuqur tahlil qilgan holda zarur choralarni belgilash lozim, – dedi vazir. – Shu bois, bugun asosiy e’tibor kamchiliklarning ildiziga yetib borib, ularni tezkor hal qilishga qaratiladi.
Tadbirda, eng avvalo, ayrim rahbarlar o‘z zimmasidagi mas’uliyatni chuqur anglab yetmagani bois bir qator tumanlarda tor soha mutaxassislarining malakasini oshirish rejalari ishlab chiqilmagani qayd etildi.
Shuningdek, olis va chekka hududlarda joylashgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor hamda o‘rta tibbiyot xodimlariga ehtiyoj bo‘lsa-da, ba’zi mas’ullar bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘ygan.
Bundan tashqari, tadbirda aholi bilan bitim tuzish ko‘rsatkichi yetarli darajada emasligi, markaziy laboratoriyalarni tashkil etish, avtotransport ta’minoti, logistika, tibbiy uskunalardan samarali foydalanish va stomatologiya xizmatini autsorsingga berishda ham qator muammolar borligi afsus bilan ta’kidlandi.
Qolaversa, vazir onalik va bolalikni muhofaza qilish masalasiga ham to‘xtalib, mazkur yo‘nalishda tibbiy protokol va standartlarga rioya qilinmagan holatlar yuzasidan keskin e’tiroz bildirdi. Shu bilan birga, erta tug‘uruqning oldini olishda mahalla tizimi bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini kengaytirish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berdi.
Tadbirda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan tuman/shahar sog‘liqni saqlash bo‘limlari rahbarlariga intizomiy choralar ko‘rilishi qayd etilib, mavjud kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar yuklatildi.
Mohigul Qosimova tayyorladi,
O‘zA