Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot xabarlari
18:03 / 2026-02-12

Milliy tibbiyot markazida O‘zbekistonda ilk bor bosh miyaning intraserebral gematomasi holatida zamonaviy endoskopik usulda gematomani olib tashlash amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Mazkur yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyoti tajribali neyroxirurg, Shohrux Ziyavulladinov boshchiligidagi mutaxassislar jamoasi tomonidan bajarildi.

Endoskopik usulning afzalligi shundaki, operatsiya minimal invaziv yo‘l bilan amalga oshirilib, sog‘lom to‘qimalarga shikast yetish darajasi kamayadi, bemorning tiklanish jarayoni esa ancha tezlashadi.

Amaliyot muvaffaqiyatli yakunlanib, bemorning holati barqarorlashdi. Bu esa mamlakatimiz neyroxirurgiyasi rivojida muhim bosqich bo‘lib, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish borasidagi navbatdagi yutuqdir.

***

Nufuzli “PizzaPitch HealthTech” tanlovida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining PharmaNext inkubatsiya dasturi doirasida qo‘llab-quvvatlanayotgan startap loyihalar sovrinli o‘rinlarni egalladi.

Xususan, ikkinchi o‘rin AmnioTest loyihasiga berildi. Ushbu ishlanma amniotik suyuqlik oqishini aniqlashga mo‘ljallangan test tizimini ishlab chiqishga qaratilgan.

Uchinchi o‘rin NeuronixAi loyihasiga nasib etdi. Mazkur dastur sun’iy intellekt texnologiyalari asosida miya kasalliklarini erta aniqlash imkonini beradi.

Mazkur loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturining (UNDP) «Raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish» qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Tanlov natijalari sog‘liqni saqlash sohasida raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt hamda DeepTech yo‘nalishida innovatsion ishlanmalarni joriy etishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash samaradorligini ko‘rsatadi.

***

Urgut tumanida elektron retsept tizimini joriy etish bo‘yicha ishlar o‘rganildi. Qayd etilganidek, ushbu tizim dori-darmon aylanishida shaffoflikni ta’minlaydi. Retsept asosida berilgan dori vositalari bo‘yicha ishonchli ma’lumotlar bazasini shakllantiradi.

Tizimni joriy etish jarayonida farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassislari dorixonalar xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazib, texnik va tashkiliy jihatlarni muhokama qildi hamda amaliyotdagi muammolarni aniqlab, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

***

Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘iga asosan Feruz Xomidov Bolalar milliy tibbiyot markazi Orolbo‘yi klinikasi bosh shifokori etib tayinlandi.

F.Xomidov 2013-yil Buxoro davlat tibbiyot institutining bakalavr, 2016-yil Toshkent tibbiyot akademiyasining magistratura bosqichini tamomlagan. Shuningdek, Janubiy Koreyaning Chonnam Milliy universitetida doktorantura, Toshkent Vestminster universitetida menejment yo‘nalishida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil olgan.

Turli yillarda 1-son Respublika klinik shifoxonasi jarrohi, Sog‘liqni saqlash vazirligining Ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni rivojlantirish hamda Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish boshqarmalari yetakchi mutaxassisi, Fan va ta’lim boshqarmasida bosh mutaxassis, bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Tibbiyot fanlari doktori (DSc) F. Xomidov tayinlovga qadar Bolalar milliy tibbiyot markazi direktorining hududlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Yangi rahbarga Orolbo‘yi mintaqasida yashovchi bolalarga yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, muassasa faoliyatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish, ilmiy salohiyatli mutaxassislar tayyorlash, diagnostika va davolash ishlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini keng jalb qilish, raqamlashtirish jarayonini yanada takomillashtirish kabi qator vazifalar yuklatildi.

Mohigul Qosimova tayyorladi,

O‘zA