Poytaxtimizda “Giyohvandlik vositalariga qaram bo‘lgan bemorlarni davolash tizimini takomillashtirish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi mutaxassislari, narkologiya va ruhiy salomatlik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan yetakchi olimlar, amaliyotchi shifokorlar hamda xorijiy ekspertlar ishtirokidagi tadbirda narkotik moddalarga qaramlikni innovatsion diagnostika usullari yordamida aniqlash va samarali davolash, bemorlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, shuningdek, kasallikning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan choralar haqida so‘z bordi.
– Shifoxonagacha bo‘lgan bosqichda, shuningdek, giyohvand moddalar va psixoaktiv moddalardan zaharlanish muammolari ham mavjud bo‘lib, ular intensiv terapiya va diagnostika talab qiladi, – dedi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘afurov. – Bunday masalalarda protokollar va standartlar, klinik tavsiyalar, dori vositalarini qo‘llash va boshqalarni ishlab chiqish bo‘yicha ixtisoslashgan tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlash kerak.
***
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mas’ul xodimlari ishtirokida Zoom platformasi orqali mahalliy dori vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari bilan onlayn muloqot tashkil etildi.
Muloqot davomida “RIVER MED PHARM” MCHJ tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etilgan 15 nomdagi hamda “REKA-MED FARM” MCHJ QK tomonidan ishlab chiqarilgan 26 nomdagi dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomalarining amal qilish muddatini uzaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ul mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldi. Shuningdek, mahalliy dori vositalarini ekspertizadan o‘tkazish jarayonida uchrayotgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tadbirkorlarga tegishli tavsiyalar va amaliy ko‘rsatmalar berildi.
***
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Xitoy Xalq Respublikasining "BeOne Medicines" kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar, shuningdek klasterni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar haqida atroflicha ma’lumot taqdim etildi. Shu bilan birga, investorlar va hamkorlar uchun belgilangan huquqiy, institutsional hamda moliyaviy preferensiyalar, infratuzilmaviy qo‘llab-quvvatlash choralari, davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga berilayotgan imtiyozlar hamda eksportga chiqish jarayonlarini rag‘batlantirish maqsadida ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq mexanizmlar muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni amaliy bosqichga o‘tkazish yo‘nalishlarini belgilash va kelgusidagi muloqotlar davomida texnik-tahliliy masalalarni batafsil muhokama qilishga kelishib oldi.
Shuningdek, delegatsiya “Grand Pharm Logistics” korxonasi faoliyati bilan tanishib, kompaniyaning logistika tizimi, mahsulotlarning saqlash va tarqatish jarayonlari hamda mahalliy va xalqaro bozorlarga xizmat ko‘rsatish salohiyatini ko‘zdan kechirdi.
***
Shuningdek, Markaz mas’ullari Afg‘onistonning "Ariana Medical Complex" kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi. “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar, O‘zbekistonning farmatsevtika salohiyati va bozori haqida ma’lumot taqdim etildi.
Afg‘oniston tomoni O‘zbekistonni qo‘shni davlatlar orasida ko‘p sohalar bo‘yicha eng yaqin hamkor sifatida baholab, farmatsevtika yo‘nalishida hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanini ta’kidladi.
“Ariana Medical Complex” Qobul shahrida faoliyat yurituvchi tibbiyot majmuasi bo‘lib, 200 o‘rinli statsionar va turli ixtisosliklar bo‘yicha ambulator xizmatlarini ko‘rsatadi, shuningdek diagnostikadan davolashgacha bo‘lgan keng qamrovli klinik xizmatlarni taqdim etadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar konstruktiv muloqotni davom ettirish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Mohigul Qosimova tayyorladi,
O‘zA