Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot xabarlari
18:41 / 2026-02-05

Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida Namangan viloyati, Chortoq tumani, “Zafar Diyor” MFY, Istiqlol ko‘chasi 2-uy manzilida joylashgan “KAVSAR HEALTH CENTER” MCHJga tegishli dorixonada litsenziya talab va shartlari buzilganligi holati aniqlandi.

Laboratoriya tahlili natijasiga ko‘ra, mazkur dorixonadan olingan 51 turdagi dori vositalariga muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagani, 14 turdagi dori vositalari esa amaldagi tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika Davlat reyestrida qayd etilmagani hamda 21 turdagi dori vositalarining muddati o‘tgani aniqlandi.

Litsenziyat tomonidan litsenziya talab va shartlarini buzganlik holati bo‘yicha Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi “KAVSAR HEALTH CENTER” MCHJning litsenziyasini bekor qilish to‘g‘risida Payariq tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritdi. Sudning tegishli hal qiluv qarori bilan da’vo qanoatlantirildi va “KAVSAR HEALTH CENTER” MCHJga dori vositalari va tibbiy jihozlarni chakana realizatsiya qilish uchun 2020 yil 24 dekabrda berilgan 0685-sonli litsenziya bekor qilindi.

Amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, mazkur dorixona litsenziyasi tugatilgan dorixonalar manzillari va qonun buzilishlarga bevosita aloqador xodimlar (provizorlar, farmatsevtlar)ning yagona reyestriga kiritildi.

***

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida dori vositalari va tibbiy buyumlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida qo‘llanilayotgan “DARMON” axborot tizimini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Markaz rahbariyati, Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi mutasaddilari hamda Rossiya, Sloveniya, Fransiya, Germaniya va Hindiston farmatsevtika kompaniyalarining ro‘yxatdan o‘tkazish masalalari bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislari ishtirok etdi.

Muloqot davomida dori vositalari va tibbiy buyumlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini raqamlashtirish, soddalashtirish va arizachilar uchun yanada qulay qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, arizachilar tomonidan “DARMON” axborot tizimining funksional imkoniyatlarini kengaytirish, foydalanuvchi interfeysini yanada tushunarli va qulay shaklga keltirish bo‘yicha bir qator takliflar ilgari surildi.

Uchrashuvda bildirilgan taklif va mulohazalar tizimni takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar doirasida amaliyotda ko‘rib chiqilishi, shuningdek davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarida ochiqlik, shaffoflik va samaradorlikni oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Mazkur uchrashuv Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining soha vakillari bilan ochiq muloqotini kuchaytirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish hamda farmatsevtika mahsulotlari aylanishida sifat va xavfsizlikni ta’minlashi bilan ahamiyatli hisoblanadi.

***

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Konimex tumani bo‘lim xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan F.D. fuqaro Sh.X.ga 5 turdagi xorijda ishlab chiqarilgan jami 1 200 dona tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalari mavjud bo‘lgan vositalarni 6,9 mln. so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, davom etgan tadbirda uning Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi xonadonidan 16 quti 480 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.  

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-qismi bilanjinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

***

O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy turizm assotsiatsiyasi tomonidan e’lon qilingan tanlovda Milliy tibbiyot markazi faol ishtirok etib, yuqori natijalarni ko‘rsatdi. Tajribali shifokorlar jamoasi, zamonaviy tibbiy texnologiyalar hamda bemorlarga qulay sharoitlar yaratish yo‘lidagi samarali ishlar natijasida markaz hakamlar hay’ati tomonidan e’tirof etildi.

Natijalar bo‘yicha Markaz “2025 yilning eng muvaffaqiyatli tibbiyot muassasasi” nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Bu yutuq markaz jamoasining professionalizmi va fidoyiligi hamda mamlakatimiz tibbiyotining xalqaro miqyosda tan olinishi uchun muhim qadamlardan biri hisoblanadi.

***

Milliy tibbiyot markazi hamda Bolalar milliy tibbiyot markazi o‘rtasidagi samarali hamkorlik doirasida navbatdagi murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi. 45 kunlik chaqaloqqa yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

Bemor chaqaloq qizilo‘ngach va nafas yo‘llari (traxeya) nuqsoni bilan tug‘ilgan bo‘lib, chaqaloqlik davrida qizilo‘ngach atreziyasi sababli jarrohlik amaliyotidan o‘tgan edi. Keyinchalik bemorda tez-tez bo‘g‘ilish va ko‘karish holatlari kuzatilgan. Batafsil tekshiruvlar natijasida ikki nuqson –traxeomalasiya va qizilo‘ngach oqmasi tashxisi qo‘yilib, jarrohlik amaliyotiga olindi.

Mohigul Qosimova tayyorladi,

O‘zA