French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot xabarlari
13:17 / 2026-01-22

Sog‘liqni saqlash vazirining 2026 yil 21 yanvardagi 15-sonli buyrug‘i bilan dori vositalarining nojo‘ya reaksiyalariga oid ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va boshqarish bo‘yicha yangi, majburiy va markazlashgan tartib tasdiqlandi.

Mazkur buyruq dori vositalari xavfsizligini ta’minlash tizimini institutsional va texnologik jihatdan yangilash, nojo‘ya reaksiyalar ustidan nazoratni kuchaytirish hamda bu jarayonni yagona raqamli mexanizm orqali boshqarishga qaratilgan.

Hujjatga muvofiq, nojo‘ya reaksiyalar haqidagi ma’lumotlarni qabul qilish, jamlash va tahlil qilish uchun “Farmakonazorat” milliy axborot tizimi amaliyotga joriy etiladi. Ushbu tizim orqali dori vositalari va vaksinalarni qo‘llash bilan bog‘liq barcha nojo‘ya holatlar markazlashgan holda qayd etilib, tahliliy baholanadi.

Yangi tartib sog‘liqni saqlash tizimidagi mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tibbiyot muassasalari, shuningdek dorixonalar, dori vositalari va vaksinalarni ishlab chiqaruvchi, realizatsiya qiluvchi hamda qo‘llovchi tashkilotlar uchun majburiy hisoblanadi. Shifokorlar, farmatsevtlar va o‘rta tibbiyot xodimlari tomonidan aniqlangan nojo‘ya reaksiyalar belgilangan tartibda elektron xabarnoma orqali vakolatli organga yuborilishi lozim.

Buyruqda nojo‘ya reaksiyalar haqida xabar berishning aniq va majburiy muddatlari belgilangan. Jumladan, inson hayotiga real xavf tug‘dirgan yoki o‘lim bilan yakunlangan holatlar aniqlanganda xabarnoma 24 soat ichida, jiddiy nojo‘ya reaksiyalar 3 kun ichida, boshqa nojo‘ya reaksiyalar yoki dori vositasidan kutilgan terapevtik samara kuzatilmagan holatlar esa 10 kun ichida yuborilishi belgilandi.

Xabarnomalar faqat rasmiy elektron platformalar orqali qabul qilinadi. Bular jumlasiga Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining rasmiy veb-sayti, PharmUz mobil ilovasi, maxsus Telegram-bot hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy axborot resurslari kiradi. Ushbu yondashuv farmakonazorat jarayonida shaffoflik va tezkorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, buyruqda farmakonazorat tizimini amaliyotga joriy etish, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini o‘qitish, elektron axborot tizimini sog‘liqni saqlashning yagona integratsiyalashgan platformalariga ulash hamda xavfsizlik talablariga muvofiqligini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalar ham belgilangan.

Mazkur hujjat dori vositalari va vaksinalar xavfsizligini monitoring qilish, nojo‘ya reaksiyalarni erta aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha davlat darajasidagi tizimli nazorat mexanizmini shakllantirishga xizmat qiladi.

Buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.

***

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi retsept asosida beriladigan dori vositasini retseptsiz berganlik uchun javobgarlik belgilanganini ta’kidlab, ogohlantirish bilan chiqdi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8 sentyabrda qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 570-son qaroriga muvofiq, “Elektron retsept” modulini barcha davlat va xususiy tibbiyot muassasalari hamda dorixonalarda to‘liq joriy etish vazifasi belgilangan.

Mazkur tartib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 maydagi tegishli farmoniga asosan, 2025 yil 10 dekabrdan boshlab Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman (shahar)da, 2026 yildan esa respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu talablarga rioya etmaslik litsenziya talab va shartlarining qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka, shuningdek litsenziyaning bekor qilinishiga olib kelishi mumkin.

Ma’lumot uchun, 2025 yil davomida dori vositalarini chakana realizatsiya qiluvchi 52 ta korxonaning litsenziyasi sud qarorlari asosida bekor qilingan bo‘lib, 49 ta dorixonaga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanilgan. Shuningdek, 46 ta dorixona bo‘yicha litsenziyasini bekor qilish yuzasidan iqtisodiy sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.

Agar retsept bilan berilishi lozim bo‘lgan dori vositalarining dorixonalarda retseptsiz sotilayotganiga guvoh bo‘linsa, bu haqda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining rasmiy @Uzpharmcontrol_bot orqali yoki farmkomitet@ssv.uz elektron pochta manziliga murojaat yuborish so‘raldi.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirining 2025 yil 15 dekabrdagi “Elektron retsept” tizimini joriy etishning keyingi bosqichma-bosqich tartibini belgilashga qaratilgan tegishli buyrug‘iga muvofiq, dastlabki bosqichda antibiotiklar, tizimli ta’sir etuvchi sintetik antibakterial hamda gormonal dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash va dorixonalarda aynan elektron retsept orqali berish tartibi joriy etilgan.

Ayni paytda ushbu dori vositalari amalda elektron retsept asosida realizatsiya qilinmoqda.

***

Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida, Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Farobiy va Jarariq ko‘chalari kesishmasida joylashgan “NISHAN PHARM BUSINESS” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli dorixonaning litsenziya talab va shartlarini buzganlik holati aniqlandi.

Markaz laboratoriyalari tahlillari natijasiga ko‘ra, mazkur dorixonadan olingan 2 turdagi dori vositasining sifatini tasdiqlovchi muvofiqlik sertifikati mavjud emasligi hamda davlat ro‘yxatidan o‘tmaganligi aniqlandi.

Litsenziat tomonidan litsenziya talab va shartlarini buzganlik holati bo‘yicha Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining “NISHAN PHARM BUSINESS” MCHJning litsenziyasini bekor qilish to‘g‘risida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan da’vo arizasi sudning tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi.

Hamda “NISHAN PHARM BUSINESS” MCHJga dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun 2022 yil 13 avgustda berilgan 488-sonli litsenziya bekor qilindi.

Amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, mazkur dorixona litsenziyasi tugatilgan dorixonalar manzillari va qonun buzilishlariga bevosita aloqador xodimlar (provizorlar, farmatsevtlar)ning yagona reyestriga kiritildi.

Mohigul Qosimova,

O‘zA