Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot xabarlari 
17:51 / 2026-01-15

Sog‘liqni saqlash vazirligida 2025 yilda tibbiyotni raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va qo‘lga kiritilgan natijalar, shuningdek, joriy yildagi ustuvor vazifalar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Vazir o‘rinbosari O.Omonov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda qayd etilganidek, sohani raqamlashtirish borasidagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar bois o‘tgan yilda 37 million nafardan ziyod aholi DMED tizimiga biriktirilib, ularning elektron tibbiy kartasi to‘liq shakllantirildi. Shu maqsadda yil davomida 33,2 ming dona kompyuter xarid qilingani e’tiborga molik. Muhimi, bu xalqimiz uchun katta qulayliklar yaratmoqda. Ammo hududlarda o‘z yechimini kutayotgan muhim masalalar ham yo‘q emas. Bu esa joylardagi mas’ullardan yanada ko‘proq harakatni talab etadi.

Muloqot doirasida vazirlikning Raqamli sog‘liqni saqlash markazida hududiy boshqarma boshliqlarining raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosarlari uchun amaliy seminar o‘tkazildi.

***

Poytaxtimizda “Infarkt va insultga qarshi kurashish” milliy dasturi loyihasi hamda o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarining yangilanayotgan klinik protokol va davolash standartlari muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Unda Prezident Administratsiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi mas’ullari, BMT, JSST, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonalari vakillari, tez tibbiy yordam xizmati hamda shu yo‘nalishdagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, davolash muassasalari mutaxassislari va ekspertlar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, infarkt va insult xastaliklarida bemorlarga ko‘rsatiladigan shoshilinch tibbiy yordam nafaqat ularning hayotini saqlab qolish, balki reabilitatsiya jarayonlarini tezlashtirishga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. 

Shu sababli mazkur dastur loyihasida aholi o‘rtasida o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarini barvaqt aniqlash, ularga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlarni yangi bosqichga olib chiqish orqali barvaqt o‘lim holatlari va nogironlikni kamaytirish, bemorlarni sog‘lomlashtirish hamda reabilitatsiya qilishni yaxshilash, kardiologik va nevrologik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Qayd etilganidek, xalqaro dasturlar (“Stent for Life” va “Action Plan for Stroke”) asosida ishlab chiqilgan “Infarkt va insultga qarshi kurashish” milliy dasturi dastlab Samarqand viloyati va Toshkent shahrida, keyinchalik barcha hududlarda amaliyotga joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarini barvaqt aniqlash maqsadida 30 yoshdan oshgan aholini yiliga bir marta maqsadli tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish, xalqaro standartlar asosida bemorlarning klinik marshrutlari (clinical pathways)ni amaliyotga kiritish rejalashtirilgan.

Qolaversa, tez tibbiy yordam brigadalarini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish imkoniyatiga ega telemetrik-elektrokardiograf hamda monitorli defibrillyator jihozlari bilan ta’minlash kabi yana qator vazifalar o‘rin olgan.

Shuningdek, shifoxonalar shoshilinch holatlarda jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun zarur dori va sarflov vositalari bilan ta’minlanadi. Bemorlarga shoshilinch statsionar tibbiy xizmat ko‘rsatishga nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham jalb qilinadi.

***

Yaqinda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari F.Toshpo‘latov boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasida bo‘lib qaytdi.

Xususan, safar doirasida vakillarimiz Koreya Respublikasining “DK Consultants” kompaniyasi mas’ullari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda sog‘liqni saqlash sohasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va istiqbolli loyihalarni ro‘yobga chiqarish masalalari muhokama qilindi. 

Uchrashuv asnosida mamlakatimizda "103" xizmatini yanada takomillashtirish maqsadida kompaniya tomonidan ajratiladigan grant mablag‘i hisobidan 100 ta tez tibbiy yordam avtomashinasini yetkazib berish bo‘yicha qiymati 7 million AQSH dollariga teng memorandum imzolandi. 

Kelishuvga ko‘ra, mazkur zamonaviy rusumdagi transport vositalarini 2026 yilning birinchi yarmida xarid qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, muloqotda Toshkent shahar 7-son klinik shifoxonasini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga olish hamda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida zamonaviy davolash binosini barpo etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Uchrashuvda mezbon tomon O‘zbekiston tibbiyoti transformatsiyasi jarayonida faol qatnashayotganidan mamnunligini hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikka doimo tayyor ekanligini bildirdi.

***

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan investitsiya loyihasi doirasida “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri hududida «Shayana Pharmaceuticals» MCHJ ishtirokida zamonaviy farmatsevtik ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Loyihani amalga oshirish jarayonlari xalqaro GMP standartlari talablariga to‘liq muvofiq tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur korxonada steril in’eksion preparatlar (ampula va flakonlar), shuningdek, qattiq shakldagi dori vositalari: tabletka va kapsulalar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida farmatsevtika tarmog‘ida 350 ta yangi ish o‘rni yaratish, ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ichki bozorni mahalliy dori vositalari bilan ta’minlash hamda sohaning investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

***

Iroq Respublikasidan tashrif buyurgan farmatsevtika sohasi vakillari «Tashkent Pharma Park» klasteri hududida bo‘lib, O‘zbekistonda farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar, infratuzilma yechimlari hamda ishlab chiqarish salohiyati bilan tanishdi.

Tashrifda Iroqning qator yetakchi farmatsevtika kompaniyalari vakillari, jumladan «Kolak Group», «Al Dawa Pharmaceutical Trading Co», «Beit Al Dawa Company», «Nipur Scientific Office for Pharmaceutical Promotion», «Haditha Pharmaceutical Industries Co», «Crystal Scientific Office», «Al-Hayat Scientific Office», «Al-Saafa Pharma Scientific Library», «Hydrogen Pharmaceutical Group», «Alhukamaa Co», «Soma Scientific Office», «Biosun Pharma Co» hamda «Nobel Scientific Office» ishtirok etdi.


Uchrashuv davomida delegatsiya a’zolariga «Tashkent Pharma Park» klasteri hududida shakllangan investitsion muhit, ishlab chiqarish infratuzilmasi, ilmiy-tadqiqot hamda innovatsion faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha axborot berildi. Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, klaster tizimi va eksportga yo‘naltirilgan tashabbuslar taqdim etildi.

***

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2026 yil 5 yanvardagi 24-son buyrug‘i bilan vaqtinchalik tanqisligi yuzaga kelgan dori vositalari va tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan, majburiy sertifikatlash sharti bilan tibbiyot amaliyotida qo‘llash va olib kirishga ruxsat berish tartibi tasdiqlandi hamda Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 avgustdagi tegishli farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, favqulodda holatlarda, global logistika uzilishlari yoki ishlab chiqarishdagi to‘xtalishlar sabab muhim dori vositalari va tibbiy jihozlar yetishmovchiligi yuzaga kelganda tibbiy yordamning uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan.

Yangi nizomga ko‘ra, respublikada vaqtinchalik tanqislik aniqlangan taqdirda dori vositalari va tibbiy jihozlar bilan ta’minlash bir necha mexanizmlar orqali amalga oshiriladi. Jumladan, mavjud zaxiralarni tibbiyot muassasalari o‘rtasida qayta taqsimlash, shuningdek, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan, biroq majburiy sertifikatlashdan o‘tgan dori vositalari va tibbiy jihozlarni tezkor import qilish imkoniyati yaratiladi.

Hujjatda tanqislikni aniqlash, uni baholash va bartaraf etish bo‘yicha doimiy ishchi guruh faoliyati aniq belgilangan. Mazkur guruh tomonidan dori vositasi yoki tibbiy jihozning klinik ahamiyati, aholi qamrovi, muqobil vositalarning mavjudligi, yetkazib berish muddati va zarur minimal hajmlar asosida qarorlar qabul qilinadi. Qabul qilingan qarorlar Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida ochiq e’lon qilinishi tartibi joriy etildi.

Shu bilan birga, nizomda import qilinadigan dori vositalari va tibbiy jihozlarning sifati ustidan qat’iy nazorat saqlanib qoladi. Ular majburiy sertifikatlanadi, raqamli markirovkalash talablariga rioya etiladi hamda narx shakllanishida ijtimoiy himoya mexanizmlari qo‘llanadi. Xususan, tanqislik sharoitida olib kirilgan dori vositalariga belgilangan savdo ustamalaridan ortiq narx qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yangi tartib ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar, shoshilinch va intensiv tibbiy yordam, ona va bola salomatligi, onkologiya, yurak-qon tomir hamda hayot uchun muhim bo‘lgan uzluksiz davolash talab etiladigan yo‘nalishlarda dori vositalari va tibbiy jihozlar ta’minotida uzilishlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Mazkur hujjatning qabul qilinishi sog‘liqni saqlash tizimida tezkorlik, shaffoflik va mas’uliyatni kuchaytirib, aholining zarur tibbiy vositalarga bo‘lgan ehtiyojini barqaror ta’minlash yo‘lidagi muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA