Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot xabarlari
17:15 / 2025-12-26

“Qon mahsulotlari sifatining nazorati tizimini takomillashtirish” loyihasi doirasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida Toshkent shahar “Qon preparatlari” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasida Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullarining Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Xirata Kendzi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan birgalikda amalga oshirilayotgan, qon saqlash va tashish uchun uskunalar ta’minotiga qaratilgan loyiha yuzasidan fikr almashildi.  

Loyiha doirasida Yaponiya hukumatining 2,3 million AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘lari hisobiga endilikda mamlakat bo‘ylab 14 ta hududiy qon markazi va davlat klinikalari tasarrufidagi 3 ta qon quyish stansiyasi 7 turdagi 268 ta zamonaviy qon saqlash va tashish uskunasi, 4 turdagi 136 ta aksessuar bilan jihozlanadi. Bunday uskunalar avvalroq Respublika qon quyish markazida o‘rnatilgandi.  

Mazkur loyiha donorlar tomonidan berilgan qondan ishlab chiqarilgan qon mahsulotlarining saqlanish muddatini oshirish, xavfsiz qon mahsulotlaridan foydalanish imkonini beradi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning noyabr oyidagi uchrashuvda Yaponiya hukumatining grant dasturi doirasida mammografiya apparatlarini yetkazib berish loyihasi muhokama qilingan edi.  

***

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Farmatsevtika texnik universiteti Turkmanistonning “Altyn Kanun” tashkiloti bilan farmatsevtika sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzoladi.

Mazkur kelishuv ikki davlat hududida ishlab chiqariladigan farmatsevtika mahsulotlarini xarid qilish, sotish, eksport va import qilish yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. Bu esa farmatsevtika bozorlarini kengaytirish, mahsulotlar ayirboshlash hajmini oshirish hamda o‘zaro iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, kelishuv doirasida tibbiy ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, Turkmaniston fuqarolarini O‘zbekistondagi Farmatsevtika texnik universitetida professional ta’lim olishga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Ushbu kelishuv ikki davlat o‘rtasida farmatsevtika hamda tibbiy ta’lim sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, ilmiy-amaliy tajriba almashinuvini kengaytirishi va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

***

Milliy tibbiyot markazi mutaxassislari ishtirokida Nurafshon shahar Tibbiyot birlashmasi Jarrohlik bo‘limida murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Bemorda yo‘g‘on ichak bilan qin o‘rtasida hosil bo‘lgan oqma aniqlangan bo‘lib, bu holat avval o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan keyin yuzaga kelgan. Bundan tashqari, bemorda semizlik va qon bosimi bilan bog‘liq yondosh kasalliklar ham mavjud bo‘lgan.

Shifokorlar tomonidan ochiq usulda jarrohlik qilinib, zararlangan ichak qismi olib tashlandi va ichaklar qayta tutashtirildi. Amaliyot zamonaviy jarrohlik uskunalari yordamida bajarildi.

Operatsiya Milliy tibbiyot markazi proktologi, tibbiyot fanlari doktori Abdusamat Rustamov, uning shogirdlari hamda Nurafshon shahar Tibbiyot birlashmasi jarrohlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Mazkur jarrohlik amaliyoti bemorning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan bo‘lib, hududiy tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikdagi samarali ishlarning yaqqol namunasidir.

Mohigul Qosimova, O‘zA