Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot xabarlari
18:48 / 2025-12-16

Sog‘liqni saqlash vazirligida poytaxtdagi tibbiyot tashkilotlari rahbarlari ishtirokida muloqot o‘tkazildi.

Qayd etilganidek, Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman va shaharda Elektron retsept tizimini joriy etishning keyingi bosqichma-bosqich tartibini belgilash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i qabul qilindi.  

Uchrashuvda ushbu hujjatda belgilangan vazifalar, ularni amalga oshirish mexanizmlari hamda erishilishi kutilayotgan natijalar xususida ishtirokchilarga tushuntirish berildi.  

Xususan, “Elektron retsept” tizimi, eng avvalo, davolash xavfsizligini oshirish, dori vositalarini tayinlashda mas’uliyatni kuchaytirish va ularning aylanmasini tartibga solishga qaratilgani yana bir bor eslatib o‘tildi.

Mazkur tizim doimiy monitoring asosida, fuqarolar va tibbiyot xodimlarining fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etilayotgani ta’kidlandi.

Muloqot davomida yangi tizimning o‘ziga xos jihatlari va ahamiyati yuzasidan fikrlashib olindi. Ishtirokchilardan tushgan savollarga javoblar qaytarildi.

***

Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tashabbusi bilan dorixona tarmoqlari va farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida video-konferens aloqa vositasi orqali onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda elektron retsept tizimining ishlash tartibi, uni dorixonalarda joriy etish bo‘yicha texnik va tashkiliy talablar hamda dori vositalarini real vaqt rejimida monitoring qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.  

Elektron retsept tizimi orqali aholiga tibbiy va farmatsevtik xizmatlarni yanada yaqinlashtirish, fuqarolar tomonidan bildirilayotgan murojaat va muammolarni tezkor hal etish, dori vositalarini olishda ortiqcha ovoragarchiliklarni kamaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Agentlik vakillari mazkur tizim farmatsevtika sohasida sifat, shaffoflik va mas’uliyatni oshirish bilan birga, aholi manfaatlarini himoya qilish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish va muammolarni joyida hal etishga xizmat qilishini, tadbirkorlik sub’ektlari bilan doimiy muloqot esa uning samarali joriy etilishiga mustahkam zamin yaratishini qayd etdi.

***

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda muassasaning hududlardagi mutaxassislari hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Unda elektron retsept tizimining Toshkent shahri va tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan hududlarda joriy etish jarayoni, dorixonalar va tibbiyot muassasalarining tizimga integratsiyalashuv darajasi, mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar atroflicha muhokama qilindi. Hududlardan kelib tushayotgan murojaatlar, texnik va tashkiliy masalalar yuzasidan mas’ullar axborot berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan hududlarda DMED elektron retsept tizimiga jami 2 975 ta dorixona ulangan bo‘lib, shundan: Qoraqalpog‘iston Respublikasida 12 ta; Andijon viloyatida 97 ta; Buxoro viloyatida 121 ta; Jizzax viloyatida 32 ta; Qashqadaryo viloyatida 63 ta; Namangan viloyatida 39 ta; Samarqand viloyatida 614 ta; Sirdaryo viloyatida 37 ta; Surxondaryo viloyatida 176 ta; Farg‘ona viloyatida 84 ta; Xorazm viloyatida 45 ta; Navoiy viloyatida 55 ta; Toshkent viloyatida 84 ta hamda Toshkent shahrida 1 516 ta dorixona tizimga ulangan.

Jumladan, poytaxtning Yunusobod tumanida 217 ta, Mirzo Ulug‘bek tumanida 185 ta, Olmazor tumanida 163 ta, Shayxontohur tumanida 161 ta, Uchtepa tumanida 118 ta, Chilonzor tumanida 192 ta, Yakkasaroy tumanida 64 ta, Yashnobod tumanida 142 ta, Yangihayot tumanida 60 ta, Bektemir tumanida 23 ta hamda Mirobod tumanida 87 ta dorixona ulangan.

Alisher Temirov hududlarda elektron retsept tizimini joriy etishda tushuntirish va targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish, dorixonalar va tibbiyot muassasalari bilan bevosita ishlash, shuningdek aniqlanayotgan muammolarni joyida va tezkor bartaraf etish muhimligini ta’kidladi. Mas’ullarga tizimni bosqichma-bosqich joriy etish jarayonida amaliy yordam ko‘rsatish va integratsiya ishlarini jadallashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

***

Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan narkologik xizmatlar qamrovini kengaytirish maqsadida zamonaviy Call-markaz xizmati ishga tushirildi.

Bunda murojaatlarning maxfiyligi to‘liq ta’minlanadi. Mazkur Call-markaz orqali giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotgan shaxslar, shuningdek, ularning oila a’zolari va yaqinlari respublikaning istalgan hududidan, narkologiya muassasalariga bevosita murojaat qilmasdan, shaxsiy ma’lumotlarini oshkor etmagan holda, malakali mutaxassislardan tezkor va qulay tarzda maslahat olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

24/7 rejimida faoliyat yurituvchi Call-markaz faoliyati doirasida alkogolizm, toksikomaniya va narkomaniya bilan bog‘liq kasalliklar bo‘yicha aholiga malakali mutaxassislar tomonidan professional maslahat hamda yo‘naltiruvchi yordam ham ko‘rsatiladi.

Call-markaz raqami: +998 55 515-45-65

***

Milliy tibbiyot markazining tajribali jamoasi tomonidan tomirlarga stent o‘rnatish va qorin aortasiga stengraf muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Bu amaliyot murakkab bo‘lsa-da, minimal invaziv usul bilan bajarilgani tufayli bemor uchun tiklanish jarayoni tez va xavfsiz bo‘ladi. Shu bilan birga, ilg‘or texnologiyalar yordamida asoratlar xavfi kamayadi va bemorning sog‘lig‘i samarali tiklanadi.

Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA