Bugungi kunda O‘zbekiston AQSHning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) hamda boshqa nufuzli tashkilotlari bilan sil va o‘pka kasalliklari profilaktikasi, tibbiyot muassasalarini maxsus uskunalar bilan jihozlash, gepatit B, S hamda boshqa yuqumli infeksiyalarga qarshi kurashish, sanitariya va epidemiologiya kabi sohalarda hamkorlik qilib kelmoqda.
Ta’lim yo‘nalishida tibbiyot oliygohlarimiz va AQSHning qator bilim yurtlari, xususan, Pittsburg, Olbani, Vebster, Franklin kabi universitetlari hamda ko‘plab klinikalari o‘rtasida mustahkam aloqalar o‘rnatilgan.
Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorovning AQSHning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvida tibbiy ta’lim, infeksion kasalliklarni yuqori texnologiyalar yordamida tashxislash, tibbiyot muassasalarini boshqarish, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish va tibbiy sug‘urta kabi sohalarda yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Shuningdek, AQSH kompaniyalari bilan birgalikda O‘zbekistonda dori-darmon va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, yurtimizdagi shifoxonalarni zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash masalalari batafsil muhokama qilindi.
***
Toshkent shahrida “Nevrologik kasalliklarni tashxislash va davolashning zamonaviy jihatlari. Majidov o‘qishlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilmoqda. Tadbir Toshkent davlat tibbiyot universiteti va O‘zbekiston Nevrologlari jamoa birlashmasi hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiya zamonaviy nevrologiya sohasidagi dolzarb yo‘nalishlarni o‘z ichiga oldi. Jumladan, bosh miya qon-tomir kasalliklari va spinal insultlarda innovatsion diagnostika va davolash, parkinsonizm va ekstrapiramid buzilishlar, nevroreabilitatsiya, bolalar nevrologiyasi, genetik va nasliy kasalliklar, neyrovizualizatsiya hamda funksional neyrodiagnostika masalalari ko‘rib chiqildi.
Anjuman gibrid formatda o‘tkazilib, ishtirokchilar uchun oflayn va ZOOM orqali qatnashish imkoni yaratildi.
“Yosh olimlar maktabi” maxsus sessiyasi doirasida 35 yoshgacha bo‘lgan tadqiqotchilar o‘z ilmiy ishlanmalarini taqdim etdi.
***
Milliy tibbiyot markazida xorijlik bemorlarga xizmat ko‘rsatish ko‘lami kengaymoqda. Joriy yil davomida jami 3051 nafar ambulator hamda 367 nafar statsionar sharoitda xorijlik bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatildi.
Bemorlar qatoriga Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Birlashgan Arab Amirliklari, Ukraina, Xitoy va boshqa mamlakat fuqarolari kiradi.
Markazning yuqori malakali mutaxassislari tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar, zamonaviy diagnostika va davolash usullari xorijlik bemorlarning ishonchini oshirib, hududiy va xalqaro miqyosda tibbiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Misol uchun, bugun ham Markazning tajribali neyroxirurglari tomonidan zamonaviy va yuqori texnologik endoskopik uskunalardan foydalanilgan holda murakkab neyroxirurgik amaliyot muvaffaqiyatli bajarildi. Amaliyot jarayonida bemorda aniqlangan gipofiz makroadenomasi endoskopik transnazal, ya’ni burun orqali kirish asosida bajariladigan kam invaziv usul yordamida to‘liq bartaraf etildi.
Bunday turdagi amaliyotlar past travmatikligi, tiklanish jarayonining tez kechishi va bemor uchun xavfsizlik darajasining yuqoriligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
***
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov “The Standard Co., Ltd” kompaniyasi prezidenti Janob Kim Sonnam hamda “Korea Medical Devices Association” ijroiya direktori Janob Xan Yonsub bilan muzokaralar o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida koreys kompaniyalarini «Tashkent Pharma Park» farmatsevtika klasteriga jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Koreya tomoni «Tashkent Pharma Park» farmatsevtika klasteriga hududida Koreya tibbiy uskunalar ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi vakolatxonasini ochishga qiziqish bildirdi. Ushbu vakolatxona orqali 30 dan ortiq koreyalik tibbiy uskuna ishlab chiqaruvchi kompaniyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.
***
Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va Koreya Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari xavfsizligi vazirligi huzuridagi Koreya farmatsevtika treyderlari assotsiatsiyasi (KPTA) bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu memorandum Koreya farmatsevtika va kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni «Tashkent Pharma Park» farmatsevtika klasteri sanoat zonasiga jalb etish, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash hamda o‘zaro investitsiya loyihalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Memorandum doirasida tomonlar «Tashkent Pharma Park» farmatsevtika klasterining imkoniyatlari, imtiyozlari va farmatsevtika sanoatidagi innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA