Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot xabarlari
17:32 / 2025-12-09

“Majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasalarida davolash jarayonini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami: 3720-son, 06.12.2025 y.).

Mazkur Nizom narkologik kasallikka chalingan shaxslarni sud qarori asosida majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasalarida davolash jarayonini tashkil etish tartibini belgilaydi.

Bemorlar muassasaga qabul qilingan kundan e’tiboran 5 kunlik muddatda majburiy davolashning davomiyligi narkologiya muassasasining rahbari hamda 2 nafar narkolog shifokordan iborat bo‘lgan tibbiy komissiya tomonidan belgilanadi.

Bunda narkologik bemorlarni majburiy davolash davomiyligi 18 oydan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.

Bemorlar narkologiya muassasasidan quyidagi sabablarga ko‘ra chiqariladi: majburiy davolash muddati tugagach va narkologik bemor sog‘lig‘ining klinik holatini hisobga olgan holda; majburiy davolashni o‘tkazishga to‘sqinlik qiladigan qo‘shimcha og‘ir kasalliklar aniqlanganda.

***

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovning Koreyaga xizmat safari doirasida Agentlik hamda Koreya Oziq-ovqat va dori vositalari xavfsizligi vazirligi (MFDS) tasarrufidagi Korea Pharmaceutical Traders Association o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandum Koreyaning farmatsevtika va kosmetika kompaniyalarini “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteriga jalb etish, qo‘shma investitsiya loyihalarini rivojlantirish va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Tomonlar ushbu hamkorlik sanoat zonasida yangi quvvatlarni tashkil etish, tajriba almashish va farmatsevtika sohasining innovatsion rivojiga xizmat qilishini ta’kidladi.

***

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) o‘rtasida bo‘lib o‘tgan onlayn uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasida farmatsevtika va tibbiy jihozlar sohasini xalqaro standartlar asosida modernizatsiya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani yana bir bor ta’kidlandi.

JSST vakillari mamlakatimizda oxirgi yillarda tartibga solish tizimini takomillashtirish, jarayonlarning ochiqligi va samaradorligini oshirish borasida erishilgan natijalarni yuqori baholab, O‘zbekistonning ICH, IPRP, IMDRF, ICMRA va GHWP kabi global maydonlarda faolligi mintaqada ilg‘or tajriba sifatida ko‘rilayotganini bildirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar farmatsevtika xavfsizligi sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan ikki strategik yo‘nalish — JSSTning Global Benchmarking Tool (GBT) baholash tizimi bo‘yicha O‘zbekistonning 3-darajaga erishishini qo‘llab-quvvatlash hamda Sinov markazi laboratoriyasining JSST prekvallifikatsiyasiga tayyorgarligini kuchaytirish borasida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

Mazkur yo‘nalishlar mamlakatimizning tartibga solish tizimi xalqaro miqyosda tan olinishi, shuningdek, respublikada ishlab chiqarilayotgan farmatsevtik mahsulotlarning global bozorlarga chiqish imkonini kengaytiradigan muhim siyosiy ahamiyatga ega.

Ta’kidlash joizki, ushbu uchrashuv O‘zbekistonning farmatsevtika va tibbiy jihozlar bo‘yicha xalqaro hamjamiyatdagi ishonchli hamkor sifatidagi mavqeini mustahkamlab, yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar global miqyosda ham e’tirof etilayotganining yaqqol tasdig‘idir.

Mohigul Qosimova, O‘zA