Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot xabarlari
17:33 / 2025-11-17

Hukumat qarori bilan “Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Reglamentga ko‘ra, sanitariya-epidemiologik xulosa 3 yil muddatga beriladi. Ushbu xulosa chetdan olib kelinayotgan mahsulotga yaroqlilik davriga, yaroqlilik muddatiga ega bo‘lmagan mahsulotga esa – muddati ko‘rsatilmasdan beriladi.

Yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganda; ishlab chiqarilayotgan mahsulot tarkibi o‘zgarganda; mahsulotlarni ishlab chiqarish texnologik jarayonining konstruksiyalari, jamlanmalari o‘zgarganda; tajriba uchun ishlab chiqarilgan mahsulotlarga; respublika hududiga olib kiriladigan oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlariga; mahsulot ishlab chiqarish uchun berilgan sanitariya-epidemiologik xulosaning amal qilish muddati tugaganda Sanitariya-epidemiologik xulosa olinishi lozim.

Ariza beruvchi davlat xizmatidan Davlat xizmatlari markaziga kelib yoki elektron tarzda YAIDXP (my.gov.uz) orqali foydalanishi mumkin.  

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xulosani QR-kod orqali tasdiqlaydi hamda 1 ish kunida ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboradi.

***

Toshkent davlat tibbiyot universitetining jamoat salomatligi, sog‘liqni saqlash menejmenti va jismoniy tarbiya kafedrasi tomonidan “Shifobaxsh kuz ne’mati” mavzusida ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda kuz faslida uchraydigan shamollash va yuqumli kasalliklarning oldini olishda tabiiy mahsulotlarning o‘rni haqida so‘z yuritildi. Xususan, qovoqning shifobaxsh xususiyatlari, uning tarkibidagi vitamin va minerallarning asab tizimi, yurak-qon tomir faoliyati, ovqat hazm qilish jarayoni, kamqonlik, diabet hamda homilador ayollarda sog‘liqni mustahkamlashdagi ahamiyati ilmiy misollar bilan tushuntirildi.

Mazkur tadbir Prezidentimizning universitetga tashrifi davomida ilgari surgan sog‘lom turmush tarzi, sog‘lom ovqatlanish madaniyatini yoshlar orasida keng targ‘ib qilishga qaratilgan muhim tashabbuslarini amalda qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi. Ushbu tashabbus to‘g‘ri ovqatlanish va kasalliklarning oldini olish madaniyatini shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

***

Milliy tibbiyot markazining Xalqaro aloqalar va tibbiy turizm bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda Markazning 80 nafarga yaqin shifokor va hamshirasi chet ellardagi yetakchi klinikalarda malaka oshirib qaytdi.

Ular Germaniya, Hindiston, Vengriya, Avstriya, Koreya, Fransiya, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Eron, Daniya, Polsha kabi davlatlarda bo‘lib, zamonaviy jarrohlik, transplantologiya, kardiologiya, angioxirurgiya, neyroxirurgiya, radiologiya, laborator diagnostika kabi yo‘nalishlarda ilg‘or tajribalarni o‘rgandi.

Ta’kidlash joizki, bunday xalqaro malaka oshirish dasturlari Markazda innovatsion davolash usullarini joriy etish, tibbiy xizmat sifatini yaxshilash va bemorlarga ko‘rsatiladigan yordamni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.

***

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi mutaxassislari Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligida o‘tkazilgan ishchi guruh yig‘ilishida ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025 yil 3 noyabrda imzolangan “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan ushbu yig‘ilishda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarning muomalasini tartibga solish, ulardan noqonuniy foydalanishning oldini olish hamda ushbu yo‘nalishdagi davlat nazoratini kuchaytirishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi qonunining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqishda tegishli normalarni xalqaro talablarga moslashtirish, giyohvandlik vositalari muomalasining har bir bosqichida xavfsizlik, shaffoflik va qat’iy nazoratni ta’minlash hamda sohaga ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.

Uchrashuv yakunida giyohvandlikka qarshi kurashning institutsional asoslarini kuchaytirish hamda yagona tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni hamkorlikda amalga oshirishga kelishib olindi.

***

Bilasizmi, O‘zbekistonda joriy etilgan davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi yaratilishida bir nechta mamlakatlarning ilg‘or amaliyoti o‘rganilgan. Ozarbayjon, Angliya, Ukraina, Turkiya, Qozog‘iston davlatlari shular jumlasidandir.

Bu tajribalar asosida mamlakatimiz sharoitiga mos, aholi uchun moliyaviy yuk keltirmaydigan, davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan yangi davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi ishlab chiqilgan.

Tizimning asosiy maqsadi aholini keng qamrovli va sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlash, shifokorlar mehnatining samaradorligini oshirish hamda tibbiy xizmatlarda barqarorlik va shaffoflikni ta’minlashdir.

Mohigul Qosimova, O‘zA