Yurtimizda tez tibbiy yordam xizmati ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy yondashuvlar asosida takomillashtirilmoqda. 2026 yilda “103” xizmatida aholi uchun “Online-shifokor” konsultatsiyalari tizimi joriy etiladi. Sohada qo‘llanilayotgan elektron dasturlar shifoxonalar hamda birlamchi tizim muassasalari bilan integratsiya qilinadi.
Shu yilning o‘tgan davrida sohada elektron boshqarish tizimi ishga tushirildi. Buning uchun 2,4 ming nafar dispetcher o‘qitildi. Natijada murojaat manzillariga kechikishlar soni 1,1 foizdan 0,3 foizga kamaydi.
O‘z navbatida, Janubiy Koreyaning KOFIH tashkiloti bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Samarqand viloyatlarida tashkil etilgan simulyatsion o‘quv markazlarida ushbu hududlardagi tez tibbiy yordam brigadalari xodimlarining malakasi oshirildi.
O‘tgan sakkiz yil davomida "103" xizmati shoxobchalari soni 818 tadan 1 680 taga, “Tez yordam” brigadalari 1 648 tadan 2 865 taga, bitta chaqiruvga dori-darmon uchun ajratilgan mablag‘ esa 750 so‘mdan 11 800 so‘mga oshdi. Natijada tez tibbiy yordam brigadalarining chaqiruvga o‘rtacha yetib borish vaqti 25-30 daqiqadan 10-15 daqiqaga qisqardi.
***

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Elekta Versa HD” chiziqli tezlatgichi foydalanishga topshirildi. Ushbu zamonaviy tibbiy uskuna eng so‘nggi texnologiyalarga asoslangan bo‘lib, saraton kasalligini yuqori aniqlikda va xavfsiz tarzda davolash imkonini beradi.
“Elekta Versa HD” – bu Elekta kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ilg‘or radioterapiya tizimi bo‘lib, turli shakl va joylashuvdagi o‘smalarni nurlanish yordamida aniq nishonga olish imkonini beradi. U sog‘lom to‘qimalarni maksimal darajada asrab, bemorlar uchun davolash jarayonini yengillashtiradi. Ushbu tizim bosh miya, o‘pka, jigar, prostata va boshqa ko‘plab organlardagi o‘smalarni davolashda qo‘llanilishi mumkin. Natijada, bemorlar uchun tezroq, xavfsizroq va samaraliroq davolanish imkoniyati yaratiladi.
Respublika onkologiya va radiologiya markazi mutaxassislarining ta’kidlashlaricha, “Elekta Versa HD”ning ishga tushirilishi mamlakatda onkologik yordam sifatini yangi bosqichga olib chiqadi va bemorlarning hayot sifatini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
***

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan Rossiya Federatsiyasining Farmakonazorat milliy ilmiy markazi hamda Toshkent davlat farmatsevtika instituti bilan hamkorlikda “Korxonada farmakonazorni qanday tashkil qilish kerak” mavzusida maxsus seminar tashkil etildi.
Tadbirda Rossiya va O‘zbekistonning farmatsevtika sohasi mutaxassislari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, shuningdek, mahalliy farmatsevtika korxonalari vakillari ishtirok etdi.
Seminar davomida O‘zbekistonda farmakonazorning normativ-huquqiy tartibi, farmatsevtika korxonalarida farmakonazor tizimini tashkil etish, global farmakonazor tizimi, xavfsizlik bo‘yicha davriy hisobotlar, dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish doirasida farmakonazorni tashkil etish, hamda “Sport va dori vositalari: maxsus jihatlar” mavzularida atroflicha ma’ruzalar va taqdimotlar o‘tkazildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan mutaxassislar farmakonazor tizimini samarali tashkil etishning dolzarbligini, bu jarayon farmatsevtika mahsulotlarining xavfsizligi va sifatini ta’minlashda muhim omil ekanini ta’kidladi. Shuningdek, xalqaro tajriba, xususan Rossiya Federatsiyasi hamda Yevropa davlatlarida yo‘lga qo‘yilgan farmakonazor tizimlari misolida farmatsevtika korxonalarida amaliy mexanizmlarni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur tadbir mamlakatimizda farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, zamonaviy monitoring tizimini shakllantirish va sohada mutaxassislar salohiyatini oshirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA