Yurtimizning 4 ta hududida Qozog‘iston tibbiyoti kunlari o‘tkazilmoqda. Buning uchun mamlakatimizga qo‘shni davlatning 100 nafarga yaqin yetuk tibbiyot xodimlari yetib kelgan.
Tadbir Samarqand, Buxoro, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining tibbiyot muassasalarida bo‘lib o‘tadi. To‘rt kun davomida qozog‘istonlik yuqori malakali mutaxassislar ishtirokida kardiologiya, neyroxirurgiya, travmatologiya, urologiya, onkologiya, ginekologiya, bolalar jarrohligi, endokrinologiya va boshqa yo‘nalishlarda tibbiy maslahatlar, jarrohlik amaliyotlari va mahorat darslari tashkil qilinishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Milliy tibbiyot markazi va kardiologiya, onkologiya, travmatologiya, ftiziatriya yo‘nalishidagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida qo‘shma yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajariladi.
Bundan tashqari, Qozog‘istonning 7 ta oliy ta’lim muassasalari vakillari tomonidan Toshkent davlat tibbiyot universitetida talabalar o‘rtasida fan olimpiadasi hamda sport musobaqalari tashkil etiladi.
Tadbir doirasida Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan to‘rtta mobil tibbiyot majmuasi yurtimizga keltiriladi. Ular yordamida Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida aholi birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Aksiyaning yakuniy qismi sifatida 17 oktyabr kuni poytaxtimizda “O‘zbekiston — Qozog‘iston: xalq salomatligi yo‘lida hamkorlik” mavzusidagi forum bo‘lib o‘tadi va unda aloqalarimiz istiqbollari ko‘rib chiqiladi.
***
Milliy tibbiyot markazida 50 yoshli bemorda Parkinson kasalligini davolash maqsadida zamonaviy robot texnologiyasi yordamida murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Bemor 10 yildan ortiq vaqt davomida ushbu kasallikdan aziyat chekib kelgan. Davolash jarayonida ilg‘or neyronavigatsion tizimlar va yuqori aniqlikdagi mikrojihozlardan foydalanildi.
Amaliyot markazning tajribali neyroxirurgi Xurshid Shavkatbekov hamda bo‘limning mahoratli jarrohlari tomonidan amalga oshirildi.
Mazkur amaliyot Milliy tibbiyot markazida zamonaviy neyroxirurgiya yo‘nalishining yanada rivojlanayotganidan dalolat bo‘lib, Parkinson kasalligiga chalingan bemorlar uchun yangi umid eshigini ochdi.
***
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov xalqaro tashkilot Changeschool rahbari Neyl Marshall bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri faoliyati hamda farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan so‘nggi islohotlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, davlat tomonidan amalga oshirilayotgan tartibga solish choralari va Changeschoolning global tajribasini uyg‘unlashtirish orqali O‘zbekiston farmatsevtika sanoatini yangi texnologik va innovatsion bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar farmatsevtika sohasida startap ekotizimini shakllantirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida xorijlik medtech va pharma tech startap akseleratorlarini tashkil etishda tajribaga ega mutaxassislar bilan birgalikda O‘zbekiston farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
***
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muassasa direktori Alisher Temirov, Latviya Dori vositalari agentligi direktori Indra Dreyka, shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tahliliy ekspertiza markazi vakillari, tomonlar o‘rtasida imzolangan memorandum doirasida kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini muhokama qildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA