Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot xabarlari
19:28 / 2025-09-10

Fransiyaning Gustav Russi instituti va Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi.

SSV matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, Onkologik kasalliklarni davolashga ixtisoslashtirilgan ushbu klinika o‘z yo‘nalishida Yevropada yetakchi bo‘lib, dunyodagi eng yaxshi tibbiy muassasalar o‘ntaligiga kiradi.

Gustav Russi instituti ko‘krak bezi saratoni, bosh miya o‘simtasi, prostata bezi saratoni va onkogematologiya, shuningdek, bolalar onkologiyasiga qarshi kurashda katta muvaffaqiyatlarga erishgan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, turli xil og‘irlikdagi kasalliklarga chalingan kichik yoshdagi bemorlarning 80 foizdan ortig‘i bu yerda davolanganidan keyin sog‘ayib ketmoqda.

Endilikda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ushbu muassasa bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirib, o‘zaro tajriba va kadrlar almashinuvini amalga oshiradi.

Markaz negizida “Gustave Roussy International” brendi ostida ilg‘or onkologiya muassasasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimizda bemorlarni innovatsion usullardan foydalangan holda tashxislash va davolash, shuningdek, jahon darajasidagi yetakchi ilmiy-tadqiqot tuzilmalarini rivojlantirish imkonini beradi. 

Hujjatga Gustav Russi institutining Xalqaro aloqalar departamenti direktori Remi Tiole va Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxov imzo chekdi.

***

“Sog‘liqni saqlash milliy siyosati” va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida ishlab chiqilayotgan 2025-2035 yillarda onkologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalar va o‘smirlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha Milliy reja muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Unda yurtimiz Sog‘liqni saqlash vazirligi, onkologiya va gematologiya sohasidagi milliy va xalqaro klinikalar hamda markazlarning mutaxassislari, fuqarolik jamiyati hamda JSST, YUNISEF, YUNFPA, BMTTD, YUNOPS kabi jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Bola huquqlariga rioya qilish tamoyillariga asoslangan Milliy reja O‘zbekistonda bolalar saratoniga qarshi kurashishda keng ko‘lamli dastur hisoblanadi. Tadbir qatnashchilari rejaning qisqa va uzoq muddatli istiqbollariga erishish maqsadida kasallikni erta aniqlash va tashxis qo‘yish, davolash va tibbiy-ijtimoiy yordam sifatini oshirish, reabilitatsiya hamda palliativ yordamni rivojlantirish, kadrlar bilan ta’minlash va kadrlar salohiyatini oshirish, raqamlashtirishni joriy etish va kengaytirish kabi asosiy yo‘nalishlarni belgilab oldi.

Tadbirdan keyin ham Milliy reja bo‘yicha ishlar davom ettiriladi va hujjat asosiy hamkorlarni jalb qilgan holda takomillashtiriladi hamda uzoq muddatli hamkorlik uchun barqaror platforma yaratish mexanizmlari shakllantiriladi.

***

Kuni kecha qabul qilingan “Cud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish va sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori tizimni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ushbu hujjatdan sud-tibbiy ekspertiza faoliyatiga doir ko‘plab ustuvor vazifalar ham o‘rin olgan.

Bu haqda X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida tashkil etilgan matbuot anjumanida batafsil ma’lumot berildi. 

Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori Sh.Ro‘ziyev qayd etganidek, qaror asosida ushbu markaz uchun jami 131 turdagi 1 529 ta uskuna va jihoz xarid qilinishi belgilangan.

Bu orqali markaz va uning hududiy filiallariga qarashli 60 ta laboratoriya va 120 ta tuman bo‘linmasi zarur ilg‘or uskuna va jihozlar bilan ta’minlanadi. Ushbu muassasa va uning Buxoro, Samarqand, Namangan, Andijon, Xorazm, Surxondaryo hamda Jizzax filiallarida 11 ta yangi laboratoriya tashkil etiladi.

Shuningdek, qarorda 2026 yildan sud-tibbiy ekspertizasi amaliyotiga bosqichma-bosqich virtual autopsiya tadqiqotini joriy etish belgilangan. 

Chunki hozirgacha mamlakatimizda o‘lim sabablari, kasalliklar, jarohatlar va boshqa masalalarni aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizalarini o‘tkazishda tadqiqotlarning asosiy va yagona usuli klassik autopsiya (murdani yorish) hisoblanardi. 

Endilikda murdani yormasdan, kompyuter tomografiyasi yoki MRT orqali tanani o‘limdan keyingi tekshirish usullari ham bosqichma-bosqich sohaga tatbiq etiladi.

Bu esa, o‘z navbatida, joylarda faoliyat yurituvchi sud-tibbiy ekspertlari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi. 

Jumladan, tizimda zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi, soha xodimlari voqea joyida tezkorlik bilan tadqiqotlarni o‘tkazish imkonini beruvchi xizmat avtomashinalari bilan ta’minlanishi, tan jarohati va o‘lim sabablarini aniqlashda yangicha yondashuvlar yo‘lga qo‘yilishiga xizmat qiladi.

Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA