Bugun Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!” shiori ostida “Sog‘lomlashtirish oyligi”ga start berildi.
“Sog‘lomlashtirish oyligi” shu yilning 25 may kuniga qadar davom etadi.
Aksiyaning mohiyati shundaki, ehtiyojmand bemorlarga tezkor va manzilli yordam ko‘rsatiladi.
Hududlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj, kambag‘allik reyestriga kiritilgan aholi orasida kasalliklar erta aniqlanadi. Bemorlar yashash hududining o‘zida bepul sog‘lomlashtiriladi.
Buning uchun poliklinikalarda bepul tibbiy ko‘rik va skrininglar tashkil etiladi. O‘zgalar parvarishiga muhtoj, keksalar, yotib qolgan nogironligi bor bemorlar esa maxsus mobil brigadalar tomonidan uy sharoitida tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Tibbiy ko‘rik natijasida aniqlangan bemorlar xavf omillari, kasallik guruhlari (masalan, yurak-qon tomir, endokrin, ruhiy, ko‘z kasalliklari va hokazo) bo‘yicha toifalarga ajratiladi. Shundan so‘ng xastalik tashxisi tasdiqlangan bemorlar uchun individual sog‘lomlashtirish rejasi tuziladi.
Ambulator, uy shifoxonasi va kunduzgi statsionarda salomatligini tiklaydigan aholi vakillariga oilaviy shifokorlik punkti va poliklinikalarda mavjud dori vositalari bepul beriladi. Buning uchun faqat viloyat mutaxassislarining tavsiyasiga ko‘ra oilaviy shifokor ko‘rsatmasi kerak bo‘ladi.
Tuman markaziy shifoxonasida davolanishi rejalashtirilgan bemorlarga oilaviy shifokor yo‘llanmasi, viloyat darajasidagi tibbiyot muassasalarida muolaja olishi tavsiya etilganlarga imtiyozli yo‘llanmalar rasmiylashtiriladi.
Bajariladigan yuqori texnologik amaliyotlarning sarf-xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi. Hududiy hokimliklar bilan birgalikda olis va chekka hududlardan bemorlarni viloyat markaziga olib kelish choralari ko‘riladi.
***
Bugun, 25 aprel – Butunjahon bezgakka qarshi kurashish kuni. Shu munosabat bilan butun dunyo bo‘ylab o‘tkaziladigan aksiyalarda infeksiyaning yuqish yo‘llari, uning oqibatlari, salomatlikni himoya qilish usullari haqida ma’lumotlar beriladi.
Bu yilgi aksiya "Bezgak biz bilan tugaydi: qayta sarmoya kiriting, qayta o‘ylab ko‘ring, qayta tiklang" shiori ostida nishonlanmoqda.
Ma’lumot uchun, bezgak o‘tkir xurujli isitma bilan kechadigan xavfli yuqumli kasallik bo‘lib, u qon ishlab chiqish tizimi, tomirlar va boshqa sistemalarning buzilishiga sabab bo‘ladi.
***
Milliy tibbiyot markazining malakali ortoped-jarrohlari tomonidan yana bir yuqori texnologiyalarga asoslangan, murakkab va noyob operatsiya (Free Vascularized Fibular Graft) muvaffaqiyatli bajarildi.
Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, jarayon davomida bemorning o‘z oyog‘idan olingan qon-tomirli suyak qo‘l sohasiga ko‘chirib o‘tkazilgan. Mazkur ilg‘or texnika og‘ir suyak yetishmovchiligi – katta jarohat yoki o‘sma tufayli yuzaga kelgan holatlarda suyakni qayta tiklashda qo‘llaniladi.
Bu operatsiya nafaqat bemorning sog‘lig‘ini tiklash, balki uning hayot sifatini keskin yaxshilash yo‘lida muhim qadamdir.
***
Prezidentimizning mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi direktorining birinchi o‘rinbosari Nozim Berdiyev hududlardagi mahalliy farmatsevtika korxonalari faoliyati bilan tanishishda davom etmoqda.
Navbatdagi ishchi tashrif Andijon viloyatida tashkil etildi. Tashrif doirasida N.Berdiyev viloyatdagi farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar, xususan “AS-KAM PHARMA” va “MAKRO FARM ANDIJON” MCHJ rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqot davomida dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, markaz tarkibidagi qo‘mita va laboratoriyalar faoliyati, dori vositalariga referent narxlarni joriy etish hamda markirovkalash tizimiga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Andijon filiali faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Jumladan, JSSTning perekvalifikatsiya jarayoni doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, dori vositalari va tibbiy buyumlarni xalqaro talablarga mos ravishda sifatini nazorat qilish, sertifikatlash hamda standartlashtirish borasidagi ishlar yuzasidan ma’lumotlar olindi.
***
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov joriy haftada bir qator yirik kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Jumladan, Xitoyning "Walvax Biotechnology Co., Ltd." hamda Rossiyaning "BioVitrum" kompaniyalari, Koreya Respublikasining Yer, infratuzilma va transport vazirligi hamda Koreyaning KIND (Korea Overseas Infrastructure & Urban Development) korporatsiyasi vakillari bilan uchrashdi.
Unda investitsiya masalalari, shuningdek, "Tashkent Pharma Park" innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri loyihasi doirasida taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar muhokama qilindi. Muzokaralar o‘tkazildi va bir qator hamkorlik kelishuvlariga erishildi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA