Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov “Oncowell” MCHJ korxonasiga "Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri ishtirokchisi guvohnomasini taqdim qildi.
"Oncowell" korxonasi "Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida yangi loyiha doirasida onkologik dorilarni ishlab chiqarish va 120 nafardan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratishni rejalashtirgan. Rejaga ko‘ra, bir yilda 170 mln. dona dori-vositalar ishlab chiqariladi.
"Oncowell" korxonasi ta’sischisi "Vivalia Remedies" kompaniyasi onkologik dorilarni yetkazib berish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan ko‘p yillardan beri hamkorlik qilib kelmoqda.
***
Milliy tibbiyot markazining malakali aritmologlar jamoasi tomonidan o‘tgan hafta davomida yurak ritm kasalliklarini davolash bo‘yicha bir qator muhim amaliyotlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Jumladan, 2 ta ikki kamerali elektrokardiostimulyator implantatsiyasi,1 ta ideopatik qorinchalar ekstrasistoliyasida RCHA amaliyoti, 4 ta supraventrikulyar paroksizmal taxikardiyada radiochastotali ablatsiya.
Ushbu jarrohlik amaliyotlari yurak ritmi buzilgan bemorlarning sog‘lig‘ini yaxshilash va ularning hayot sifatini oshirishga xizmat qiladi.
***
Toshkent tibbiyot akademiyasiga biriktirilgan Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarini qo‘llab quvvatlash davom etmoqda.
Jumaladan, navbatdagi mahorat darsi Klinik modellashtirish kafedrasi dotsenti Sh.Gulyamova va assistenti Z.Salimova tomonidan “Bolalarda va kattalarda ob’ektiv va sub’ektiv ko‘rik. Shoshilinch xolatlarda tibbiy yordam ko‘rsatishni shakllantirish” mavzusida o‘tkazildi.
Master-klass davomida texnikum o‘qituvchilari maxsus “TyutorMEN” tizimi yordamida amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirish va baholash, simulyator-trenajyor yordamida yurak va o‘pka auskultatsiyasini bajarish texnikasini takomillashtirish va turli xil kasalliklarga taxminiy tashxis qo‘yishni o‘rganish bo‘yicha kerakli maslahatlarni oldi.
"TyutorMEN" tizimi amaliy tibbiy ko‘nikmalarni o‘rgatish va amaliyotda qo‘llash, shuningdek, tibbiyot mutaxassislarining malakasi va akkreditatsiyasini baholash uchun ishlatiladi. Tizim zarur tibbiy ko‘nikmalarni o‘zlashtirish, namunalar olish va insonning turli holatini tahlil qilish usullarini amaliy o‘rganish bo‘yicha mustaqil jarayonni amalga oshirishda yordam beradi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA