Joriy yilning 15-17 aprel kunlari “Sog‘liqni saqlash – TIHE 2025” 29-Toshkent an’anaviy xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.
“CAYex Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmalar markazida tashkil etilayotgan ushbu nufuzli tadbir bilan birga, poytaxtimiz ilk bor estetik tibbiyot, anti-age parvarishi va go‘zallik sanoatiga bag‘ishlangan “Beauty Uzbekistan 2025” ko‘rgazmasi ham tashkil etiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa hamkor tashkilotlar ko‘magida o‘tkazilayotgan mazkur yirik tibbiyot ko‘rgazmasi nafaqat xorijlik ishlab chiqaruvchilar, balki mahalliy tadbirkorlarning jahon bozoriga chiqishi uchun muhim platforma bo‘lishi kutilmoqda.
***
Buxoro shahrining tarixiy qismlarida joylashgan ziyoratgohlar, madaniy meros ob’ektlari va sayyohlar ko‘p to‘planadigan hududlarda zamonaviy hamda ekologik toza – elektromobil tez tibbiy yordam mashinalarining 24/7 tartibida ish faoliyati tashkil etildi.
Yurtimizda sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish, mahalliy va xorijiy mehmonlarga munosib shart-sharoit yaratish, ularning xavfsizligi hamda sog‘lig‘ini asrash maqsadida amalga oshirilgan ushbu xizmatda faoliyat olib boruvchi tibbiyot xodimlari, xususan, feldsherlar – xorijiy tillarni biladigan, yuqori malakaga ega mutaxassislar hisoblanib, ular favqulodda holatlarda professional tarzda harakat qilish, bemorga birinchi yordam ko‘rsatish hamda kerakli tibbiy muolajalarni amalga oshirish tajribasiga ega.
Bu loyiha nafaqat turistlar, balki mahalliy aholi uchun ham qulaylikdir. Zero, jamoat joylarida tez tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyoj – hayot uchun muhim omillardan biri hisoblanadi.
***
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Fransiyaning “Veolia Water Technologies” (VWT) kompaniyasi direktori Olive Jenok bilan uchrashdi.
“Veolia Group” tarkibiga kiruvchi “VWT” kompaniyasi oqova suv va sanoat chiqindisi suvlarini tozalash bo‘yicha jahonda yetakchilardan biridir. 100 dan ortiq mamlakatda faoliyat yurituvchi “VWT” bugungi kunda 30 mingdan ortiq tozalash inshootlarini ishga tushirgan hamda har yili 4,8 milliard kub metrdan ortiq chiqindi suvlarni tozalashga yordam beradi.
Uchrashuv davomida “VWT” vakili farmatsevtika kompaniyalari bilan suv va energiya sarfini optimallashtirish, sanoat chiqindilarini qayta ishlash, shuningdek, suv menejmenti va laboratoriyalar uchun zarur uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik qilish imkoniyatlarini taklif etdi.
Agentlik direktori va “Veolia Water Technologies” vakili farmatsevtika klasterining hududida sanoat chiqindisi suvini tozalash bo‘yicha fikr almashib, bu yerdagi barcha ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun markazlashtirilgan suvni tozalash tizimini yaratish istiqbollarini muhokama qildi.
Shuningdek, “VWT” vakili farmatsevtika klasterining hududidagi ishlab chiqaruvchilarga “Ultra Pure Water” (laboratoriya tadqiqotlarida foydalaniladigan juda yuqori darajada tozalangan suv) va “Water for Injection” (in’eksiya uchun mo‘ljallangan, sterillangan va pirogenlardan holi suv) yetkazib berish imkoniyati haqida so‘z yuritildi.
Uchrashuv yakunida “VWT” tomoni farmatsevtika klasterining holatini o‘rganish va hamkorlik istiqbollarini aniqlash uchun mutaxassis yuborishga kelishib olindi. O‘rganishlar natijalariga asoslanib, agentlik bilan hamkorlikda amaliy ishlarni boshlash rejalashtirildi.
***
Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Xitoy tadbirkorlar uyushmasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Xitoy biznesmenlari va tadbirkorlari tomonidan tashkil etilgan Xitoy tadbirkorlar uyushmasi, “Bir belbog‘ – bir yo‘l“ tashabbusi doirasida tashkil etilgan. Assotsiatsiyaning asosiy maqsadi Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida “ko‘prik quruvchi“ va aloqalarni rivojlantiruvchi sifatida xizmat qilishdir.
Uyushma vakillari “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining faoliyati, undagi ishlar ko‘lami, klaster doirasidagi kompaniyalar hamda investitsiya loyihalari bilan tanishdi.
Suhbat yakunida tomonlar Xitoy tadbirkorlarini O‘zbekistonning farmatsevtika sohasida hamkorlik qilish va investitsiya kiritishga jalb etishda amaliy yordam ko‘rsatishga kelishib oldi.
***
Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori Baxtiyorjon Umarov Rossiyaning Akademik N.N.Burdenko nomidagi Milliy neyroxirurgiya tibbiy tadqiqot markazi delegatsiyasi a’zolarini qabul qildi.
Uchrashuv davomida tomonlar tibbiyot sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, tajriba almashish va bemorlarga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, uchrashuvda tomonlar ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xususan, tibbiyot sohasida kadrlar almashinuvini yaxshilash va mutaxassislarning malakasini oshirish yuzasidan kelishuvga erishdi.
Ushbu hamkorlik orqali ikki tomonlama malaka oshirish kurslari, qo‘shma ilmiy-amaliy anjumanlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA