Poytaxtimizda “Aholi salomatligini muhofaza qilishning zamonaviy yutuqlari va rivojlanish istiqbollari” mavzuida VII xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda.
Toshkent davlat stomatologiya instituti tomonidan tashkil etilgan bu nufuzli tadbirda mamlakatimiz hamda Germaniya, Rossiya va Qozog‘istonning tibbiyot yo‘nalishidagi ilmiy markazlari akademik va professorlari, yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchi va talabalari qatnashyapti.
Anjumanda aholi salomatligini mustahkamlash, jamoat salomatligi va unga ta’sir etuvchi xavflarning oldini olish samaradorligini oshirish, tibbiyot xodimlarining uzluksiz kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar ko‘rib chiqilmoqda.
***
Shuningdek, poytaxtimizda “Akusherlik va ginekologiyaning dolzarb masalalari” mavzusida IV yoshlar ilmiy-amaliy konferensiyasi ham o‘tkazilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan tashkil etilgan mazkur nufuzli anjumanda vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonova, muassasa direktori Natalya Nadirxanova, sohaning yetuk mutaxassislari, olimlar hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.
Tadbirda Rossiyaning Ural ona va chaqaloqlarni parvarish qilish ilmiy-tadqiqot instituti, D.O.Ott nomidagi akusherlik, ginekologiya va reproduktologiya ilmiy-tadqiqot instituti, Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti, Belarus Respublikasi ona va bola ilmiy-amaliy markazi hamda Tojikiston sog‘liqni saqlash sohasida diplomdan keyingi ta’lim institutining yosh tadqiqotchilari va olimlar o‘z ma’ruzalari bilan qatnashyapti.
***
Milliy tibbiyot markazining malakali neyroxirurglari tomonidan 65 yoshli bemorga murakkab operatsiya muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Bemor umurtqa pog‘onasining 10-11-ko‘krak sohasida aniqlangan stenoz tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan edi. Zamonaviy texnologiyalar asosida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti natijasida orqa miya bosimidan xalos bo‘lgan bemorning umumiy ahvoli barqarorlashdi.
Mazkur operatsiya Markazda neyroxirurgiya sohasida yuqori darajadagi malaka va tajriba mavjudligini yana bir bor tasdiqlaydi.
***
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassislari Avstriyaning Vena shahrida “Waters Corporation” kompaniyasi ofisida o‘tkazilayotgan chuqurlashtirilgan laboratoriya treninglarida ishtirok etmoqda. “Waters Corporation” – dunyo miqyosida suyuqlik xromatografiyasi, mass-spektrometriya va boshqa zamonaviy tahlil usullari bo‘yicha yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Ushbu kompaniya tomonidan ishlab chiqariladigan asbob-uskunalar farmatsevtika, biotexnologiya, oziq-ovqat xavfsizligi va ekologik sohalarda keng qo‘llaniladi. Mazkur trening zamonaviy laboratoriya uskunalari va tahlil usullaridan foydalanish bo‘yicha ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan.
Aytish joiz, ushbu malaka oshirish dasturi Markaz mutaxassislariga zamonaviy tahlil texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirish, xalqaro standartlar asosida ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda ilmiy-amaliy faoliyat samaradorligini yanada oshirish imkonini beradi.
***
Toshkent shahri, Uchtepa tumani, Foziltepa ko‘chasi, 18-uy 1-xonadon manzilida joylashgan “Asna medline star” MCHJga tegishli dorixonaning litsenziya talab va shartlarini buzganligi holati aniqlandi.
Tegishli muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan 5 turdagi dori vositasini saqlayotgan va realizatsiya qilayotgan “Asna medline star” MCHJning litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan da’vo arizasi sudning tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi. “Asna medline star” MCHJga dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun 2020 yil 24 iyulda berilgan 222-sonli litsenziya bekor qilindi.
Amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, mazkur dorixona litsenziyasi tugatilgan dorixonalar manzillari va qonun buzilishlariga bevosita aloqador xodimlar (provizorlar, farmatsevtlar)ning yagona reyestriga kiritildi.
***
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Hindistonning eng yirik farmatsevtika kompaniyalaridan biri “MSN Group” rahbarlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida kompaniya vakillariga O‘zbekistonda farmatsevtika sohasini rivojlantirish, tarmoqni tartibga solish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar va investorlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
“MSN Group” Hindistonda tez rivojlanayotgan va innovatsion tadqiqotlarga asoslangan farmatsevtika kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya 2003 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dunyo bo‘ylab yuqori sifatli va dasturiy mahsulotlarni arzon narxlarda taqdim etishni maqsad qilgan. Kompaniya 22 ta zamonaviy ishlab chiqarish majmuasiga ega (15 ta API va 7 ta tayyor doza majmuasi), jumladan Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘z ishlab chiqarish quvvatlari mavjud. 450+ API va 300+ tayyor doza mahsulot portfelini taklif etadi. Onkologiya, kardiologiya, diabet va boshqa terapevtik yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi.
Shu bilan birga, Hindiston tomoni O‘zbekiston farmatsevtika bozoriga katta qiziqish bildirayotgani, mahalliy imkoniyatlar o‘rganilayotganini ta’kidladi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA