Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
17:36 / 2025-04-10

O‘zbekiston virusli gepatit bo‘yicha endemik mamlakatlar toifasiga kiritilgan. 2018 yildan boshlab yurtimizda gepatit B va C skriningini tashkil etish va virusga qarshi terapiyadan foydalanish imkoniyatini ta’minlash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazib kelinmoqda.

Xususan, 2022 yil 16 mayda qabul qilingan “Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori asosida 2030 yilgacha mamlakatimizda gepatitning C turini bartaraf etish va B turini kamaytirish ko‘zda tutilgan. Bu JSST tomonidan belgilangan global maqsadlarga to‘liq mosdir. 

Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida “Gemodializ va gemotransfuziya olayotgan bemorlar orasida parenteral virusli gepatitlarni tashxislash va davolash” mavzusidagi ilmiy-amaliy o‘quv seminarda shu haqda so‘z bordi. 

Seminarda ushbu xastalikni aniqlash va davolash bilan shug‘ullanuvchi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, yuqumli kasalliklar shifoxonalari mutaxassislari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining tegishli kafedralari xodimlari ishtirok etmoqda. 

Gemodializ va gemotransfuziya muolajalarini olayotgan bemorlar orasida parenteral gepatitlarni erta aniqlash, davolash va tashxislash dasturini samarali amalga oshirish, mutaxassislar tayyorlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. 

O‘quv seminari yakunida qatnashchilarga tegishli sertifikatlar topshirilishi rejalashtirilgan. 

***

Sog‘liqni saqlash vazirligida poytaxtimiz mezbonlik qilgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasida qatnashish uchun yurtimizga tashrif buyurgan Yaponiya Parlamenti Vakillar (quyi) palatasi a’zosi Seki Yosixiro boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazildi. 

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Farrux Sharipov tomonidan ta’kidlanganidek, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar barcha yo‘nalishlarda izchil kengayib bormoqda. Xususan, tibbiyot sohasida ham o‘zaro hamkorlikda bir qator loyihalar amalga oshirib kelinyapti. 

Uchrashuvda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan transformatsiya jarayonlari va ularning natijalari haqida atroflicha ma’lumot berildi. O‘z navbatida, mehmonlar Yaponiya tibbiyotidagi yangilanishlar va qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar xususida to‘xtalib o‘tdi. 

Muloqot davomida mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. 

***

Avval xabar berilganidek, 2025 yil 1 yanvardan boshlab, farmatsevtika mahsulotlarining postmarketing nazorati amaliyotga joriy etilgan bo‘lib, joriy yilning I choragi davomida umumiy hisobda 2 ta rejali va 4 ta rejadan tashqari (murojaatlar asosida) postmarketing nazorati o‘tkazildi. 

Bunda 38 ta dorixonadan 86 ta turdagi 572 qadoq farmatsevtika mahsulotlari xarid qilindi va laboratoriya sinovlaridan o‘tkazildi. Sinov bayonnomalari va tegishli hujjatlar tahlil qilinganda xarid qilingan farmatsevtika mahsulotlaridan 83 ta turi tegishli normativ hujjat talablariga muvofiqligi hamda 3 ta turi tegishli normativ hujjat talablariga nomuvofiqligi aniqlandi. 

***

Farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan onlayn muloqot tashkil etildi. Unda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining mas’ullari ishtirok etdi. 

Muloqot chog‘ida “ATM SANITA PHARMA” MCHJ xorijiy korxonasi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomalarining amal qilish muddatini uzaytirish maqsadida taqdim etilgan 21 nomdagi dori vositasi hamda “ZAMIN AZIYA FARM” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan 1 nomdagi dori vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va tegishli guvohnomani rasmiylashtirish masalalari muhokama qilindi. 

Uchrashuv davomida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va savollarga mas’ul mutaxassislar tomonidan huquqiy va texnik jihatdan asoslangan tushuntirishlar berildi. 

***

Bangkok shahrida Xalqaro diabetologlar federatsiyasining 75-yillik yubiley kongressi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu nufuzli ilmiy anjumanda dunyo bo‘ylab yetakchi endokrinologlar, diabetologlar va sog‘liqni saqlash mutaxassislari ishtirok etmoqda. 

Jumladan, Milliy tibbiyot markazi Endokrinologiya bo‘limi mudiri Sarvar Dadayev, kafedra dotsenti Dilorom Urunbayeva va endokrinolog Hasan Shavkatxo‘jayev ham kongressda o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda. 

Kongressda qandli diabetning zamonaviy tashxisi va davolash usullari, kasallik asoratlarini erta bosqichda noinvaziv usullar bilan aniqlash, homiladorlik davrida diabetni boshqarish strategiyalari, “Diabet va Ramazon“ mavzusidagi tadqiqotlar va qandli diabet bilan bog‘liq o‘tkir holatlarning samarali boshqarilishi kabi dolzarb mavzular muhokama qilinmoqda. 

***

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri rezidenti – “Serene Pharma” rahbari hamda Hindistonning “BioGenomics Limited” kompaniyasining bosh ijrochi direktori o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuv davomida O‘zbekistonning biotexnologik farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish salohiyati, bu borada davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, eksport imkoniyatlari muhokama qilindi. 

Uchrashuv yakunida kompaniyalar vakillari tomonidan bozordagi o‘sib borayotgan talab asosida takliflarni shakllantirish hamda shu asosda eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni ishlab chiqish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi. 

Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA