Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
19:19 / 2025-04-09

Tibbiyot sohada olib borilayotgan islohotlar jarayonida hamshiralarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga katta e’tibor qaratib kelinmoqda.

Jumladan, bir necha yildan buyon an’anaviy tarzda “Hamshira -2025” respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, o‘rta tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirishdan tashqari, ilg‘or tajriba va bilimlarni keng ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Bugun tanlovning Toshkent shahar bosqichi yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi. Bir nechta shart asosida bahslashgan hamshiralar o‘zlarining bilim va mahoratini namoyish etish imkoniga ega bo‘ldi.

Yakunda g‘oliblar nomi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, birinchi o‘rinni Uchtepa tumani markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasining amaliyot hamshirasi Sarvinoz Ochilova qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘ringa Yangihayot tumanidagi 66-oilaviy poliklinika amaliyot hamshirasi Sonagul Rajabova loyiq ko‘rildi. Uchinchi o‘rin esa Olmazor tumanidagi 21-oilaviy poliklinika patronaj hamshirasi Roziya Odilovaga nasib etdi.

G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Birinchi o‘rin sohibalari tanlovning shu yilning may oyida Xalqaro hamshiralar kuni arafasida bo‘lib o‘tadigan respublika bosqichida qatnashadi.

***

Dunyo reytingida TOP-5 talikka kiradigan Stenford universiteti professori Jeyms Chang Toshkent tibbiyot akademiyasida bo‘ldi.

Tashrif doirasida plastik jarrohlik bo‘yicha magistrlarni tayyorlash, Stenford universiteti ilmiy loyihalariga o‘zbek talabalarini keng jalb qilish va boshqa qator masalalar bo‘yicha kelishib olindi.

Mehmon akademiyaning zamonaviy innovatsion o‘quv binosi, bu yerdagi raqamlashtirish jarayoni hamda simulyatsion markazdagi imkoniyatlar bilan tanishdi. Talabalar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvlarda professor o‘zining boy shifokorlik tajribasi hamda yuqori darajadagi jarroh bo‘lish sirlari haqida hikoya qilib berdi. Shuningdek, olim akademiyaning klinik o‘quv bazasida tashkil etilgan mahorat darslarida ishtirok etdi.

Jeyms Changga Toshkent tibbiyot akademiyasining “Faxriy professori” unvoni topshirildi.

***

Endilikda, Milliy tibbiyot markazida sun’iy intellekt bilan jihozlangan “Navilas 577 nm” robotlashtirilgan lazer tizimi yordamida ko‘z kasalliklari og‘riqsiz, xavfsiz va yuqori aniqlikda davolanadi.

Bu innovatsion texnologiya quyidagi afzalliklari bilan ajralib turadi. Kontakt bo‘lmagan (noin’vaziv) usulda ishlaydi – bemor ko‘ziga tegmasdan davolash imkonini beradi. Og‘riqsiz va tezkor davolash – lazer nurlari faqat zararlangan sohalarga ta’sir qiladi. Sun’iy intellekt asosidagi aniqlik – shifokor aralashuvisiz lazerning o‘zi zarur nuqtalarni aniqlaydi. Diabetik retinopatiya, makulodistrofiya, retina tomir kasalliklari kabi kasalliklarni samarali davolash imkonini beradi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, yangi tizim orqali bemorlar nafaqat og‘riqsiz davolanadi, balki tiklanish muddati ham ancha qisqaradi. Bu esa hayot sifatini oshirishda muhim omil hisoblanadi.

***

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori o‘rinbosari Timur Mashanpin hamda Markaz direktori o‘rinbosari Nozim Berdiyev boshchiligida “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimi orqali tibbiy mahsulotlarni sertifikatlashtirish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni tahlil qilish va ularni bartaraf etish bo‘yicha ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, 2025 yil 18 fevraldan boshlab muvofiqlik sertifikatlariga ariza yuborish, sinov bayonnomalari va boshqa turdagi hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari to‘liq raqamlashtirilgan “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimi orqali amalga oshirilmoqda.

Yig‘ilishda ushbu tizimdagi mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha takliflar bildirilib, “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimi bo‘yicha mas’ullar tomonidan tegishli tushuntirishlar berildi hamda tizimni takomillashtirish, foydalanuvchilar uchun qulayliklarni oshirish, texnik ko‘makni kuchaytirish kabi masalalar yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

***

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan uchrashdi. Uchrashuv videokonferens aloqa vositasi orqali tashkil etilib, unda dastlab dori vositalari, biologik faol qo‘shimchalar, dorivor o‘simliklar hamda tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchi korxona vakillari bilan 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yildagi rejalar to‘g‘risida ma’lumot berildi va o‘zaro fikr almashildi. Bu yil Yevropa va Xitoyda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan ko‘rgazmalar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Uchrashuvning asosiy qismida hozirgi kunda korxonalardagi investitsiya, ishlab chiqarish va eksport masalalari o‘rganildi va mavjud muammolarni hal etishda birgalikda ishlashga kelishib olindi.

Importi yuqori bo‘lgan 200 turdagi dori vositalarni mahalliylashtirish bo‘yicha tadbirkorlarga qo‘shimcha takliflar berilib, korxonalarga bu borada agentlik tomonidan kerakli yordam ko‘rsatilishi ta’kidlandi.

***

Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Yangi O‘zbekiston universiteti rektori Baxtiyor Yuldashev bilan uchrashdi va “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng Farmatsevtika texnik universiteti va Yangi O‘zbekiston universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu memorandum ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba almashish, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun qo‘shma loyihalar tashkil etish, zamonaviy innovatsion yondashuvlarni joriy qilish, kadrlar salohiyatini oshirish borasida mustahkam hamkorlikni nazarda tutadi. Mazkur kelishuv ikki oliygohning ham ilmiy salohiyatini oshirish, sifatli ta’lim tizimini rivojlantirish va kelajak uchun raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.

***

Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori Baxtiyorjon Umarov Xalqaro Qizil Yarim Oy jamiyati huquqiy maslahatchisi janob Faxad Ahmedni qabul qildi. Uchrashuv chog‘ida bolalar salomatligini muhofaza qilish, gumanitar yordam ko‘rsatish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tibbiy ko‘makni kengaytirish va favqulodda vaziyatlarda bolalarga tezkor yordam ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan fikr almashdi.

Mohigul Qosimova, O‘zA