Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov “TIL Healthcare” kompaniyasining vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Agentlik direktori «Tashkent Pharma Park» innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterida yaratilgan imkoniyatlar va xorijiy investorlar uchun berilayotgan imtiyozlar to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berdi. Shuningdek, mavjud loyihalar va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, tarqatishni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, “TIL Healthcare” kompaniyasining mahsulotlari Osiyo, Afrika, MDH, Markaziy va Lotin Amerikasi kabi hududlardagi 54 dan ortiq mamlakatga eksport qilinadi va 500 dan ortiq mahsulot ro‘yxatiga ega. Malakali kadrlar va mustahkam infratuzilma bilan jihozlangan kompaniya farmatsevtika sohasida innovatsiyalar va sifatli mahsulotlar ishlab chiqaradi.
Kompaniya vakillari amaldagi loyihalarga katta qiziqish bildirib, mahalliy hamkorlar bilan qo‘shma investitsiyalar bo‘yicha imkoniyatlarni o‘rganishni reja qilayotganliklarini ma’lum qildi.
***
Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va Hindistonning “Ind-Swift Laboratories” kompaniyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
“Ind-Swift Laboratories” kompaniyasi vakillari O‘zbekistonda onkologik dori vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga bo‘lgan qiziqishini bildirdi.
Tomonlar kelgusida potensial loyihalarni amalga oshirish yo‘lida birgalikda ishlashga kelishib oldi.
***
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va Jahon banki vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston farmatsevtika sohasini rivojlantirish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Jahon banki vakili bir nechta loyihalar doirasida ilmiy-tadqiqot institutlari, grantlar, islohotlar va startaplar bo‘yicha texnik yordam ko‘rsatishni taklif qildi.
Agentlik direktori Abdulla Azizov ularning takliflariga ijobiy munosabat bildirib, hamkorlikning ilm-fan va innovatsiyalarda qanday foyda keltirishi mumkinligiga to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida ikki tomon hamkorlikni chuqurlashtirish va hukumatning ushbu sohada olib borayotgan ishlarini rivojlantirish yo‘lida birgalikda ishlashga tayyorligini bildirdi.
***
Farmatsevtika texnik universiteti rektori Abdumalik Jumanov Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshidagi litseyda ilmiy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida muhim bo‘lgan taqdimot o‘tkazdi.
Tadbirda akademik yuksalishga va o‘zaro rivojlanishga qaratilgan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Ushbu hamkorlik talabalar va o‘qituvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda farmatsevtika va tibbiyot fanlari bo‘yicha ta’limning rivojiga qaratilgan.
Mohigul Qosimova, O‘zA