Shu yil yanvar-sentyabr oylarida “Tez yordam”ga mamlakatimiz bo‘yicha jami 9 million 958 ming 507 ta murojaat qayd etildi. Jumladan, bajarilgan chaqiruvlarning aksariyati, ya’ni 7 million 107 ming 703 tasi shoshilinch ko‘rsatma bilan shuningdek, surunkali kasalliklar – 2 million 531 ming 699 ta va tug‘uruqlar – 64 ming 446 tani tashkil qildi.
Eng ko‘p murojaatlar Farg‘ona (1 040 546 ta), Andijon (1 013 131 ta), Toshkent (933 600 ta), Namangan (905 000 ta) viloyatlari hamda
Toshkent (1 007 327 ta), shahrida qayd etildi.
Eng kam chaqiriq Navoiy (296 046 ta), Sirdaryo (335 010 ta), Jizzax (399 342 ta), Buxoro (482 325 ta) hamda Xorazm (489 761 ta) viloyatlarida kuzatildi.
Shuningdek, “103” xizmatiga jami 1 990 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan. 1 287 ta holatda tez tibbiy yordam brigadasi chaqiruv manziliga yetib borgach, eshikni ochmaslik vaziyati qayd etilgan.
Tahlillarga ko‘ra, 2024 yilning o‘tgan 9 oyida eng ko‘p yolg‘on chaqiriq Samarqand viloyatida kuzatilib, mazkur raqam 357 tani tashkil etdi. Keyingi o‘rinda Qashqadaryo viloyati qayd etildi – 321 ta. Toshkent shahridan ham 249 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.
Eng kam yolg‘on chaqiriq esa Sirdaryo viloyatida ro‘yxatga olindi – 6 ta.
Hozirgi kunda “Tez yordam” xizmatida jami 2 853 ta tibbiy brigada faoliyat olib bormoqda.
***
Maymun chechagi virusi avgust oyi o‘rtalarida Afrika mintaqasida favqulodda holat, deb e’lon qilingani haqida xabar berilgan edi.
Shundan so‘ng sentyabr oyida ushbu infeksiyaga qarshi ilk vaksina JSSTning dastlabki kvalifikatsiyasidan o‘tdi.
Biroq kasallikka tashxis qo‘yish jarayoni uzoq vaqt talab etishi va qator hududlarda diagnostika imkoniyatlari cheklangani tufayli virusning tarqalishi tezlashib ketayotgan edi.
Shundan kelib chiqqan holda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maymun chechagini tezkor aniqlaydigan birinchi ekspress-testni tasdiqladi. “Abbott Molecular Inc.” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu sinama “Alinity m MPXV” deb nomlanadi.
PZR-testdan, birinchi navbatda, epidemiya avj olgan hududlar hamda tezkor va aniq diagnostika vositalariga ehtiyoj keskin oshgan mamlakatlarda foydalanishga ruxsat berildi.
***
Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024 yil 7 oktyabrdagi tegishli buyrug‘i bilan “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi tibbiy maqsadlarda qo‘llaniladigan o‘lchash vositalarining metrologik tekshiruvini o‘tkazish bo‘yicha vakolatli ishchi organ etib belgilandi va uning tarkibidagi Qiyoslash laboratoriyasi — Vazirlikning metrologiya xizmati etib qayta tashkil qilindi.
Hujjatga muvofiq, Metrologiya xizmati tibbiyot uchun mo‘ljallangan o‘lchash vositalarini qiyoslash, sohada qo‘llaniladigan sinov vositalarini attestatsiyadan o‘tkazish hamda “Tibbiy asbob-uskuna va jihozlarning hisobi va nazorati” axborot tizimida hisobini yuritish vazifalarini amalga oshiradi.
***
Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini kengaytirish va eksportyor korxonaga aylantirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu borada Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining “Eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va eksport salohiyatini oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi buyrug‘i asosida oziq-ovqat mahsulotlarining eksport masalalari o‘rganib kelinmoqda.
Ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatida uchrayotgan kamchiliklarni aniqlab, chora ko‘rish maqsadida Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi Sergeli tuman bo‘limi mutaxassislari tomonidan “FIRDAVS SHIRINLIKLARI” MCHJga qarashli qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasida o‘rganish ishlari olib borildi.
Jarayonda korxona rahbari bilan suhbatlashib, sanitariya-gigiyena qoidalari va eksport masalalari yuzasidan huquqiy ma’lumot va tavsiyalar berildi.
***
Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori Baxtiyorjon Umarov Koreyaning xalqaro KOFIH fondi direktori o‘rinbosari janob Kang Ji Myungni qabul qildi. Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad, Markaz hamda KOFIH fondi hamkorligida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan QPS loyihasi oldidan batafsil muhokama o‘tkazish va loyiha samarali amalga oshirilishi uchun puxta tayyorgarlik ko‘rishdir.
Shuningdek, Markaz direktori Belarus Respublikasi Futberg kompaniyasi sotuv bo‘limi rahbari Yuriy Vinichenkoni qabul qildi. Uchrashuv davomida, jarrohlik amaliyotlarida sifatli jarrohlik tikuv materiallaridan foydalanishda sifat nazoratiga to‘liq e’tibor berish hamda mahsulot sifatini baholash uchun bir necha bosqichli sinovdan o‘tkazish yuzasidan muhokamalar olib borildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA